K I N O R E J I S S O R - 2

Karyera qilish

1. Kinorejissor bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan kishi avval shu ixtisoslik bo‘yicha oliy ta’limni tamomlashi va diplomni qo‘lga kiritishi lozim. 

2. Shundan keyin kinokartinalarni suratga olish jarayonida rejissorga assistentlik qilish va nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash zarur.

3. Debyut sifatida qisqa metrajli filmlarni suratga olish, unga bildirilgan mulohazalarni o‘rganib chiqish va kamchiliklar ustida ishlash talab etiladi.

4. Bu bosqichdagi ishlaridan o‘zi qoniqish hosil qilgan yosh rejissor katta ishda – to‘liq metrajli filmlarni suratga olish ishida o‘z omadini sinab ko‘rishi mumkin.

Ko‘pchilik ishda bo‘lgani kabi rejissurada ham aqliy salohiyat, mas’uliyat va mehnatsevarlik birlamchi sifatlar sanaladi. Mana shu sifatlarga ega bir qancha rejissorlar diplom olmay ham muvaffaqiyat qozona olishgani rost. Shunday bo‘lsa-da, bir umr sizga kerak bo‘ladigan nazariy bilimlar mustahkam amaliyotga erishish uchun juda zarurdir.

Bugungi kun uchun kinorejissor kasbi qanchalik kerak?

movie_director.jpg

Kino sanoatida Gollivud, Bollivud, meksikalik, xitoylik va yevropalik kinoijodkorlarning asarlari yetakchi o‘rinni egallagani hech kimga sir emas. Murakkab ssenariylar, operatorlik, musiqiy bezak va yana qator jabhalarda biz ulardan ortda ekanimiz ham mubolag‘a emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimizning kinolarga, o‘zbekona asarlarga talab yo‘qolmagan. Yetarli malakaga va rejissordan talab etiladigan aqliy saviyaga ega bo‘lmagan bir qancha rejissorlar (yoki “rejissorlar”) muxlislarning o‘zbek kinosiga bo‘lgan qiziqishini susaytirishayotgan bo‘lsa borki, oshira olishayotgani yo‘q. Shunday rejissorlarning ishini ko‘rib “Ha, rejissorlik mana shu ekan-da, buni men ham qila olaman” deb o‘ylagan ayrim aktyor va assistentlar ham o‘zini shu ko‘chaga urib ko‘ryapti. Bugungi kun kinorejissordan quyidagilarni talab etmoqda:

1) muxlislarda o‘zbek kinosiga bo‘lgan qiziqish va o‘zbek kinoijodkorlariga bo‘lgan ishonchni oshirish;  

2) saviyasiz kinolari bilan xalqning saviyasiga ta’sir qilib qo‘yayotgan rejissorlarga kino ishlash qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish;

3) kinofestivallarda bosh sovrinni qo‘lga kiritish va jahon arenalarida o‘zbek kinosi degan terminni vujudga keltirish.

Ishning ijobiy va salbiy nuqtalari

Kinorejissorlikning eng katta ijobiy nuqtasi – bu xalqqa kerak bo‘lishdir. Moddiy daromad, mashhur bo‘lish va boshqa xususiyatlar xalqqa xizmat qilish oldida hech narsa emas.

Bu ishning juda mashaqqattalab ekani, og‘ir mehnat evaziga qilgan ishingizning muvaffaqiyatsizlikka uchrab qolishi va bundan asabiylashish, kino olish jarayonidagi ko‘ngilsiz hodisalar va shu kabi holatlar bu kasbning salbiy jihatlari sifatida qaraladi, biroq hammasi o‘zingizga bog‘liq. Balki siz hozir sanalgan holatlarni rejissorlik ishining eng qiziq nuqtalari sifatida ko‘rarsiz. Yana qaytaramiz, hammasi o‘zingizga bog‘liq.

Kinorejissor bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

O‘z hayotini shu kasb bilan bog‘lash niyatida bo‘lgan abituriyentlar hujjatlarini O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining rejissorlik yo‘nalishiga topshirishlari mumkin. Imtihon ikki bosqichda o‘tkaziladi:

I. Amaliy ish

II. Fanlar bo‘yicha test sinovi:

1. Ona tili va adabiyot

2. Tarix 

 

0 ta izoh

There are no comments