K I N O R E J I S S O R

Kinorejissor kim? 

Kinorejissor – filmning sahnalashtiruvchisi (postanovkachisi), suratga olish ishlarini tashkillashtiruvchisi va  boshqaruvchisi, kinokartina yaratish ishlarining rahbari.

 

Uning vazifasi nimalardan iborat?

> ssenariyni o‘rganib chiqish; 

> asarning bosh g‘oyasini aniqlash (“Men yaratilajak kinoasar orqali tomoshabinga nima demoqchiman?”);

> ssenariy muallifi va produsser bilan hamkorlik o‘rnatish;

movie-director.jpg

> filmning umumiy uslubini aniqlab olish;

> kino oluvchi guruhni (grimmchidan operatorgacha barcha kinoustalarni) tanlash va hamkorlikka taklif qilish;

> aktyorlarni saralab olish;

> kinorassom bilan birgalikda qahramonlar ko‘rinishi, suratga olish joylari va boshqa dekoratsiyalarni aniqlab olish;

> kinoni suratga olish ishlarida bosh nazoratchi vazifasini bajarish;

> ish jarayonidagi ziddiyatli holatlarni bartaraf qilish;

> ovozlashtirish va montaj ishlariga rahbarlik qilish;

> filmning nazoratchi mutaxassislar va tomoshabinlarga taqdim etiladigan yakuniy holatini tayyor qilish.

Kinorejissor qayerda ishlaydi?

Bu kasb egalari kinokompaniyalarda, davlat kinostudiyalari yoki xususiy kinostudiyalarda faoliyat yuritishadi. 

 

Kinorejissor bo‘lmoqchimisiz?

Siz kinorejissor bo‘lishni maqsad qildingizmi? Buni darrov miyangizdan chiqarib tashlang. Sizni nimalar kutayotganini tasavvur qilyapsizmi? Kino tayyor bo‘lgunga qadar soatlab emas, sutkalab ishlaysiz. Ish haqi havas qilgulik emas. Qolaversa, qilgan ishingiz hali sizga rahmat olib keladimi-yo‘qmi, bu ham so‘roq ostida. Olgan kinongiz orqasidan ko‘p tanqidlar eshitishingiz, o‘sha tanqidni do‘stlaringiz, hatto, oila a’zolaringizdan qabul qilib olishingiz mumkinligini bir o‘ylab ko‘ring. Gallivud qayerda-yu, siz qayerdasiz? “Titanik”day kino ololmasangiz, kinoolamda nima bor sizga!? Agar shu gaplarga qaramay siz shu kasbni tanlash ahdidan qaytmagan bo‘lsangiz, ishonavering, siz zo‘r kinorejissor bo‘lasiz.     

 

Muvaffaqiyatli kino: buni nima ta’minlaydi?

Kinorejissorning ishi, ya’ni kino olish oson emasligi ma’lum. Muvaffaqiyatli kino olish esa undan-da mushkul. Yaxshi ssenariy kinoning yarim muvaffaqiyati sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, kinorejissorni faqat suratga olish maydonidagi rahbar sifatida tasavvur qilish noto‘g‘ri. Birgina yaxshi ssenariyni tanlash ishining o‘ziyoq ancha vaqtni “o‘g‘irlashi” mumkin.

Kinoning muvaffaqiyatini ta’minlovchi unsurlardan yana biri – aktyorlar mahorati. Operatorning ishi ham ko‘p narsani belgilab beradi. Montaj, dublaj va musiqada ham gap ko‘p. Biz quyida muvaffaqiyatli kino olinishida bosh rejissorning roli haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 

Ssenariy tanlash: bu qanday jarayon?

Olinajak kinoning ssenariysi quyidagicha tayyorlanadi:

1. Maxsus ssenaristlar o‘zlarining yangi asarlarini kinorejissorga taqdim etadilar.   

2. Kinorejissor o‘zida mavjud voqea yoki g‘oya asosida ssenaristga asar yozdiradi.   

3. Ba’zan kinorejissorning o‘zi ham ssenariy muallifi bo‘lishi mumkin. 

4. Kinorejissor va ssenarist birgalikda asar yozish holatlari ham ko‘p uchraydi.

Bu fikrga qo‘shilasizmi yoki yo‘qmi, ssenariydagi asosiy narsa – ta’sirli voqea. Kinorejissorlarda g‘oya ko‘p. Masalan, ona haqida kinokartina yaratishmoqchi. Ssenariyda shunday voqea tasvirlansinki, bu voqea bilan tanishgan kishida onaga bo‘lgan hurmat hissi ikki karra oshsin. Bir qahramonning ikkinchisiga qarab “Ona – ulug‘ zot” deyishi hech kimni ta’sirlantirmaydi. Voqea kerak, v o q e a.  

Kinobop voqea har kimda bo‘lishi ham mumkin. Biroq uning ta’sirchanligini bor bo‘yi bilan ko‘rsatib berish, kerak bo‘lsa, o‘sha ta’sir kuchini yanada oshirish uchun ssenaristlik mahorati talab etiladi. Qahramon tilidan aytilgan birgina “tilla” gap butun boshli kinoning o‘lmasligini ta’minlashi mumkin. Shuningdek, o‘ldirib qo‘yishi ham hech gap emas.

Aytmoqchimizki, kinorejissor suratga olishni boshlagunga qadar ancha ishni amalga oshirishi kerak. Undan nafaqat sabrli bo‘lish, balki nozik did, keng dunyoqarash va ishiga mas’uliyat ham talab etiladi.

Davomi bor.

Lobar BOLTAYEVA

 

0 ta izoh

There are no comments