XANDALAR 19/2012

General 

Yo‘lda ketayotgan ikki askardan biri yonidan o‘tib ketgan yuk mashinasiga qarab chest beribdi. Ikkinchi askar nega bunday qilganini so‘raganida, shunday javob beribdi: “Ko‘rmadingmi, mashinaga “ General Motors” deb yozib qo’yilibdi-ku”.

* * *

Ahmoq yordamchi

Ikki boshliq kimning yordamchisi ahmoqroq ekani ustida tortishib qolishibdi. Keyin buni amalda sinab ko‘rishga qaror qilishibdi. Birinchi boshliq yordamchisini chaqirib, qo‘liga 50 ming so‘m pul beribdi-da: “Bor, shu pulga bitta Lacetti olib uyimga tashlab qo‘y”, - debdi. Uning yordamchisi: “Xo‘p bo‘ladi”, - deb chiqib ketibdi. 

Ikkinchisi ham yordamchisini chaqiribdi va debdi: “Ofisimga borib qaragin-chi, men xonamdamanmi yoki yo‘qmi?” 

Yordamchilar yo‘lda ko‘rishib qolishibdi. Shunda birinchi yordamchi boshlig’idan nolib debdi:

– Mening boshlig‘im o’taketgan ahmoq. Meni mashina sotib olishga yubordi, axir bugun yakshanba emas-ku. Mashina bozori ishlamaydi-ku! 

– Menikini aytmaysanmi, xonamga borib bilib kel-chi, men bormanmi yoki yo‘qmanmi, deydi. Qo‘lida telefoni turibdi, telefon qilib bilsa bo‘ladi-ku…

* * *

Kim sindirdi?

Bir necha yillar avval Angliyada faqatgina zobitlarga soyabon ishlatishga ruxsat berilib, oddiy askarlarga taqiqlangan edi. Shunday kunlarning birida serjant askarlardan birining qo‘lida ochilmagan soyabon bilan yugurib ketayotganini ko‘ribdi-yu, yoniga chaqiribdi. Qo‘lidagi soyabonni olib, ikkiga bo‘lib, qo‘liga tutqazibdi:

– Bu senga dars bo‘lsin, qoidalarga hamma amal qilishi shart.

Nima bo‘lganini tushunmay qolgan askar so‘rabdi:  “Bu soyabonni menga general olib kelishni buyurgan edi. Unga soyaboningizni kim sindirdi deb aytay?..”

* * *

Parashut

Parashutdan sakrashni endi o‘rgangan ikki askarga komandir so’nggi ko‘rsatmalarini bermoqda: 

 - Samolyotdan sakrab, ma’lum balandlikkacha tushgach o‘ng tomondagi ipni torting, agar parashut ochilmay qolsa, hayajonlanmang, chap tarafda zahira ipi bor, shuni tortsangiz ochiladi. Pastga tushganda sizni Jip mashinasi kutib olib, qarorgohga olib ketadi”.

Askarlar  amallab sakrashibdi. Aytilgan balandlikka kelgach, o‘ng tomondagi ipni tortishibdi. Parashut ochilmabdi. Jon holatda ikkinchi ipga yopishishibdi. Parashut ochilmabdi.  Qattiq asabiylashgan askarlardan biri shunday debdi: 

- Bu qo‘mondon aytgan gaplarning hech biri to‘g‘ri chiqmayapti. Hali pastda Jip mashinasi ham yo‘q bo‘lsa, bu qo‘mondonga ko‘rsatib qo‘yaman”.

 

 

0 ta izoh

There are no comments