USTOZ OTANGDAN ULUG‘

Teacher

Assalomu alaykum.

Maqolamiz nomidan ham bildingiz: bugun bir jumlani to‘g‘ri tuza olishimiz, bir so‘zni bexato yoza bilishimizda mehnati eng ko‘p singgan zotlar – ustozlar haqida fikrlashamiz.  

 “Ustoz otangdan ulug‘”, - deydi xalqimiz. Bu maqolda ustozlarga bo‘lgan yuksak ehtirom o‘z ifodasini topgan. Biroq negadir bugunga kelib ayrimlar uni boshqacharoq – “Ustoz otangday ulug‘” yoki “Ustoz otangdek ulug‘” shaklida qo‘llayotir. Ularning asoslari bitta: hech kim, xususan, ustoz ham otadan ulug‘ bo‘lishi mumkin emas. Bir narsa hayron qoldiradi: qachondan boshlab biz maqollarni sayoz talqin qiladigan bo‘lib qoldik ekan?! U holda “Otangni o‘ldirganga onangni ber” naqlini qanday tushuna boshlayapmiz ekan?! Yo‘q, bularning hammasi maqolning asl mohiyatini, ma’no-mantig‘ini anglamaslikdan kelib chiqadi. Fikrlarimiz sizda qandaydir e’tiroz kayfiyatini uyg‘otgan bo‘lsa, keling, bu borada bir mulohazalashib ko‘ramiz.  

Xalqimizda yuqoridagi maqolga o‘xshash “Mehmon otangdan ulug‘” degan gap bor. Bu maqolni uyingga tashrif buyurgan yaxshimi-yomonmi – har qanday kishining otadan ulug‘ bo‘lishi ma’nosida tushunib bo‘lmaydi. O‘zbekchilikda dasturxonning boshi, uyning to‘ri otaga ataladi. Ona ham, farzandlar ham otadan yuqoriroqqa chiqib o‘tirmaydi, chunki bu – hurmatsizlik va odobsizlikdan nishona. Biroq mehmon kelsa, u uyning eng to‘riga, otadan ham yuqoriroq o‘ringa o‘tqiziladi, izzat ko‘rsatiladi. Shuni nazarda tutib mehmondo‘st o‘zbek xalqi “Mehmon otangdan ulug‘” deydiki, bunda mehmonlarga bo‘lgan iliq munosabat bor bo‘yi bilan o‘z ifodasini topgan.

Biz uchun safimizdagi insonlar orasida otamizdan ulug‘roq inson yo‘q – buni izohlab o‘tirish shart emas. Bu darajaga mehmonlar ham da’vogar bo‘la olmasliklari tabiiy. Negadir “Ustoz otangdan ulug‘” maqolini noto‘g‘ri talqin qiluvchi kishilar “Mehmon otangdan ulug‘” naqlini iliq qabul qilishadi. Bu ustozlarga hurmatsizlikdek tuyulmayaptimi sizga? 

Shu o‘rinda yana bir ta’kid: maqol ko‘chada falonchining pistonchiga aytgan gapi emas, maqol – xalq donishmandligi mahsuli. Uni sayoz tahlil etish – 10 metr chuqurlikdagi xazinani 2 metrlik o‘radan izlashday gap. Fahmlash kerakki, maqolning ham o‘z badiiyati – zebi, naqshi bo‘ladi. “Ustoz otangdan ulug‘” maqolidagi badiiyatni tushunish uchun hazrat Navoiyga murojaat qilib ko‘ramiz. U zotning shunday misralari bor:

 Har nenikim sevmak ondin ortuq bo‘lmas,

Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.

teachers day_thumb[7].jpg

Qo‘shmisrada aytilyaptiki, biror narsani sevish bundan ortiq bo‘lmaydi. Lekin men seni o‘shandan ham ortiq sevaman. Hazrat Navoiy sevishning maksimal nuqtasi mana shu bo‘ladi deyaptilar-da, ketidan men o‘sha nuqtadan ham orttirib sevaman, deb qo‘shib qo‘yibdilar. Mana bu – badiiyat. Uni sayoz, yuzaki talqin qilish bilan asardagi go‘zallik mantiqsizlikka aylanib qolishi hech gap emas. Haqli savol tug‘iladi: nega mana shu ikki misradagi go‘zallik haqida so‘z ochdik? Sababi aniq: biz siz bilan tahlil qilayotgan maqolda (“Ustoz otangdan ulug‘” maqolida) ham ana shunday badiiyat yashirin. Ota, shubhasiz, eng ulug‘, ya’ni maksimal nuqta. Ustoz otadan ham ulug‘ deganda o‘sha nuqtadan ham yuqoriroq pog‘ona ko‘zda tutilyapti. Bunda xalqimizning ustozga bo‘lgan cheksiz hurmati, yuksak ehtiromi aks etgan.

E’tibor bergandirsiz, xalqona iboralarda, kundalik gap-so‘zlarimizdan farqli o‘laroq, fikrlarning ta’sir etish kuchi yuqoriroq bo‘ladi. Masalan, farzandga zor ayolning holati bo‘rttirilib, farzand tugul, uning eng arzimas a’zosi - tirnog‘iga ham zor shaklida ifodalanadi (“Tirnoqqa zor” iborasini yodga oling), bundan farzandtalab kishining ahvoli juda achinarli ekani ikki so‘z vositasida mohirona bildiriladi.   

“Ustoz otangdan ulug‘” maqolida ham ana shunday bo‘rttirish qo‘llangan va bu orqali ustozni ulug‘lash vazifasi haddi a’losiga yetkazib bajarilgan. 

Aziz ustozlar! Barchangizni yaqinlashib kelayotgan bayramingiz bilan tabriklaymiz. Biz qanday muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsak, ularning barida sizlarning qadrlaringiz qadar ulug‘ hissalaringiz bor. Balki siz bizga dars o‘tgandirsiz, balki bevosita ko‘rishmay, sizdan g‘oyibona nimadir o‘rgangandirmiz, balki hayotingiz, bizlarga o‘rnak bo‘lgandir, bundan qat’i nazar, sizlar hamisha biz uchun birdek aziz inson bo‘lib qolasiz. 

Omon bo‘ling.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments