SUG‘URTA AGENTI-2

Karyera qilish

Har bir mutaxassis o‘zini sug‘urta agenti rolida sinab ko‘rar ekan, u imkon qadar tezroq tushunib olishi kerakki, faoliyatning bu turi unga mos keladimi yoki yo‘q? Odatda, bu ishdan chetlashish holatlari ta’lim olish va malaka oshirish davridayoq kuzatiladi. Shu bois oldindan chuqur o‘ylab ko‘rib, keyin bu ishga qo‘l urish kerak.

Ishda o‘sish yoki qotib qolish sug‘urta agentining o‘ziga bog‘liq. U eng asosiy xususiyati – aloqa-aralashuvni a’lo darajada yo‘lga qo‘yib olgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ishni to‘g‘ri rejalashtirish ham o‘sish uchun muhim sanaladi.

Bu ishda o‘sishning ikki turi farqlanadi: gorizontal va vertikal. 

Gorizontal o‘sish deganda faoliyat doirasini kengaytirish, masalan, bir paytning o‘zida ikki sug‘urta kompaniyasida ish yuritish tushuniladi. Biroq karyeraning bu turi kishidan professionalizmni hamda o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan majburiyatlarni talab qilgani bois u qadar ommalashmagan.

agent.jpg

Vertikal o‘sish deganda darajaning ko‘tarilishi tushuniladi. Sug‘urta sohasida yurgan agent avval havaskor-agent darajasida faoliyat yuritadi. Bu paytda uning asosiy daromadini qilgan ishidan kelgan kirim tashkil qiladi. Agar u o‘z muloqot doirasini kengaytirsa va o‘zining foydali odam ekanligini o‘ziga isbotlay olsa, professional agent maqomiga erishadi. Bu paytda uning daromadlari olayotgan mukofotlar (moddiy rag‘batlantirishlar) hisobiga yanada oshadi.

2 – 3 yildan so‘ng amalga oshirgan biror muvaffaqiyatli sotuv evaziga sug‘urta agenti guruh rahbarligi (kuratorligi) ga da’vogarlik qiladi. Rahbarlik kursisida o‘tirgan mutaxassis faoliyatini yanada kengaytirish va yangi agentlik kompaniyalarini tashkil qilish borasida bosh qotiradi. Mutaxassislar xususiy biznesini yo‘lga qo‘ya olgan kishinigina haqiqiy tadbirkor hisoblashadi. 

 

Ishning ijobiy va salbiy nuqtalari

Sug‘urta agentining faoliyatidagi ijobiy va salbiy jihatlar bevosita uning o‘zi bilan bog‘liq. Undan ish kuni davomida ofisda o‘tirish doim ham talab etilmaydi. Erkin grafik har bir mutaxassis orzu qiladigan rejim sanaladi. Ba’zan mijozlar bilan uchrashish sug‘urta agentining anchagina vaqti yo‘llarda o‘tib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, mijozlar uchrashuv vaqtini oqshom paytiga yoki dam olish va bayram kunlariga belgilab qo‘ygan vaziyatlarda ham erkin grafik buzilishi mumkin. Biroq mana shunday holatlarning kamdan-kam ro‘y berishi bu borada muammo deyarli yo‘q ekanini anglatadi.  

 

Sug‘urta agenti bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

Bu kasbni egallash uchun maxsus ta’lim talab etilmaydi. Biroq sug‘urta asoslari bo‘yicha qator nazariy bilimlar borki, ularni fakultativ tarzda egallash mumkin. Ko‘p hollarda sug‘urta kompaniyalari o‘z agentlarini mustaqil tayyorlaydi. Bir necha oy davomida yangi xodimga  bozor iqtisodiyotining asoslari, xizmat ko‘rsatish etikasi  o‘rgatiladi, sug‘urtaning barcha ko‘rinishlari, qoida va shartlari bilan tanishtiriladi. 

Yirik sug‘urta kompaniyalari o‘qitish ishlarini darajalangan holda olib boradilar. Yangi xodimlar, tajribali sug‘urta agentlari va agentlik guruhlari menejerlari uchun alohida-alohida mashg‘ulotlar uyushtiriladi. Yuqoriroq darajadagi dasturlar yetarli malakaga ega agentlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Agentlik guruhlari menejerlari uchun mo‘ljallangan dasturni o‘tagan rahbarlar o‘z malakalarini oshirib olsalar, bu ta’lim agentlarga maslahatchi-menejer darajasini olish va savdo ishidan boshqarish ishiga ko‘tarilish imkoniyatini taqdim etadi.  

Ta’lim, odatda, malaka oshirish bilan parallel shaklda boradi. Uning muddati 3 oydan 6 oygacha qilib belgilangan. 

O‘qitish muddati juda kam, shu bois ish beruvchi tomon bo‘lajak xodimning oliy ta’limni tamomlagani haqida diplomga ega bo‘lishini ma’qullaydi. Oliy ta’lim diplomi iqtisod, pedagogika, tibbiyot, sotsiologiya yoki psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha olingan bo‘lsa, nur ustiga nur. Ish beruvchi tomonga sug‘urta agentligiga nomzod kishining moliya-kredit yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lishi ko‘proq ma’qul bo‘ladi.  

 Biz sug‘urta agenti bo‘lish maqsadida yo‘lga otlangan abituriyentlarga omad tilaymiz.

Nilufar ESANOVA tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments