Ommabop ona tili 19/2012

TEST TAHLILI

(18 (120) - sondagi 8-test savoli)

Moziylar sasiga quloq tutgum jim, ustun bo‘lgan emas dunyoga hech kim.

Ushbu gapda qaysi turkumga mansub so‘z mavjud emas?

A) olmosh               B) fe’l

C) ravish                 D) yuklama

 

YECHISH: Test matni orqali bir jumla berilgan va bizdan ushbu gapda qaysi turkumga mansub so‘zning yo‘q ekanini topish talab etilgan.

Javob variantlarini birma-bir tekshirib chiqamiz:

A) olmosh

Gapdagi hech kim so‘zi olmosh hisoblanadi.

B) fe’l

Gapdagi quloq tutgum va ustun bo‘lgan so‘zlari fe’l hisoblanadi.

C) ravish    

Gapdagi jim so‘zi ravish hisoblanadi.

D) yuklama

Gapda yuklama mavjud emas. Hech so‘zining yuklama ekani aniq, biroq bizga berilgan gapda ushbu birlik qo‘shma so‘z (bo‘lishsizlik olmoshi) tarkibida kelgan. Shu bois uni yuklama hisoblay olmaymiz.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

TEST TAHLILI   

 (18 (120) - sondagi 13-test savoli)

Menga aytmasang, kimga aytasan?

Ergashgan qo‘shma gap turini aniqlang.

A) ega ergash gapli qo‘shma gap

B) to‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gap

C) kesim ergash gapli qo‘shma gap

D) hol ergash gapli qo‘shma gap

 

YECHISH: Berilgan: ergashgan qo‘shma gap.

Topish kerak: uning turi.

Ushbu gapning bog‘lovchi vositasi – -sa. Nisbiy so‘zlar mavjud emas. Agar nisbiy so‘zlar bor bo‘lganda, bosh gapdagi havola bo‘lakka qarab qo‘shma gapning turi aniqlangan bo‘lardi. Nisbiy so‘zlar yo‘q va faqat -sa ning o‘zi bo‘lgan holatlarda qo‘shma gapning turi hol ergash gapli qo‘shma gap bo‘ladi.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

TEST TAHLILI   

(18 (120) - sondagi 20-test savoli) 

Qaysi gapda yordamchi so‘z turkumiga mansub birlik gap bo‘lagini shakllantirishda ishtirok etgan? 

A) O‘ylamay deyman-u, o‘ylamay bo‘lmas.

B) Yuzlari naq oy kabi to‘lin.

C) Ham o‘zini, ham o‘zligini yo‘qotib qo‘ygan edi u.

D) Nahotki, sen ham gapingdan tongan bo‘lsang. 

 

YECHISH: Topish kerak: gap bo‘lagini shakllantirgan yordamchi so‘z.

Yordamchi so‘zlarga ko‘makchi, bog‘lovchi va yuklama kirishini bilamiz. Ulardan faqat ko‘makchigina gap bo‘laklarini (asosan, to‘ldiruvchi va holni) shakllantirishda ishtirok etadi. Demak, biz ko‘makchi qatnashgan gapni topishimiz kerak.

B) Yuzlari naq oy kabi to‘lin.

Ayni shu gapda ko‘makchi qo‘llangan (kabi). 

Demak, to‘g‘ri javob – B.

 

SINTAGMA (TAKT)

Quyida ayrim gaplarning sintagmalarga bo‘linishi  ko‘rsatilgan. Sintagmalardan so‘ng ikki nuqta qo‘yilgan.

1. Yolg‘iz qolishing: yomon odamlar bilan: birga bo‘lishingdan: yaxshiroqdir. (4 ta)

2. Yomonliklardan yiroq yurmoqchi bo‘lsang: tilingga ehtiyot bo‘l. (2 ta)

3. Ey inson: har bir so‘zni: o‘ylab gapir: tiling: seni yo saodatmand etadi: yoxud halokatga boshlaydi. (6 ta)

4. Eng buyuk jihod: insonning nafsi bilan: shayton bilan qilgan: jihodidir. (4 ta)

5. Sen ham:doim: ularga qarshi kurash. (3 ta)

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments