Ommabop ona tili (18/2012)

 

TEST TAHLILI

(1 (103) - sondagi 9-test savoli)           

Ega qatnashmagan, shu bilan birga, uchinchi shaxs shaklidagi fel kesim bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamaydigan gapga qaysi bandda misol keltirilgan?

A) Yam-yashil o‘tov. Hulkar bu yerga kelsa, qanday quvonadi.

B)         - Sog‘lig‘ingiz yaxshimi?

            - Rahmat.

C) Yo‘lda biroz to‘xtashga to‘g‘ri kelib qoldi.

D) Jo‘jani kuzda sanashadi.

 

YECHISH: Test matni orqali bizdan egasiz gapning qaysidir turini topish talab etilgan.

Qaysi turini ekan?

Shartda aytilyaptiki, fe’l kesim bo‘lishi kerak; shu fe’l kesim III shaxs shaklida bo‘lishi va u bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamasligi lozim. Endi shu yo‘nalish bo‘yicha harakat qilamiz.

B to‘g‘ri javob emas. Chunki unda fe’l kesim tugul, fe’lning o‘zi ham yo‘q.

A variantni tekshiramiz. Yam-yashil o‘tov – bu atov gap. Unda fe’l kesim yo‘q. Hulkar bu yerga kelsa, qanday quvonadi gapida Hulkar so‘zi ega sanaladi. Bizdan esa ega ishtirok etmagan gapni topish so‘ralgan.

C javobdagi gap (Yo‘lda biroz to‘xtashga to‘g‘ri kelib qoldi) shaxsi noma’lum gap hisoblanadi. Uning kesimi haqiqatda ham fe’l kesim bo‘lib, III shaxs shaklida. To‘g‘ri javob topilganga o‘xshayapti, biroq D variantni ko‘rib chiqmay C ni belgilab yuborish yaxshi fikr emas.

Jo‘jani kuzda sanashadi gapi egasi yashiringan gap sanaladi. Unda mantiqan ega (ular) bor, biroq ifodalanmay qolgan. Bu variant ham to‘g‘ri javob bo‘lishga da’vogarlik qilishi mumkin edi. Biroq amaldagi 8-sinf ona tili darsligining so‘nggi sahifalaridan birida shaxsi noma’lum gapga quyidagicha ta’rif berilgan: Ega qatnashmagan, shu bilan birga, uchinchi shaxs shaklidagi fe’l kesim bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamaydigan gap.

Shu asosga ko‘ra, to‘g‘ri javob – C.

 

URG‘U

To‘ppa-to‘g‘ri – birinchi bo‘g‘inga

Katta-katta – birinchi bo‘g‘inga

Qator-qator – ikkinchi bo‘g‘inga

Opa-singil – to‘rtinchi bo‘g‘inga

Traktorlar – uchinchi bo‘g‘inga

 

SO‘Z  TARKIBI

xona/ki/lash/tir/ish

xona  – asos;

-ki – so‘z yasovchi qo‘shimcha: sifat yasagan.

-lash – so‘z yasovchi qo‘shimcha: fe’l yasagan.

-tir – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: orttirma nisbat shakli yasagan.

-ish – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: harakat nomi shakli yasagan.

yet/ish/mo/vchilik

yet – asos;

-ish  – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha;

-ma – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: bo‘lishsiz shaklni hosil qilgan.

-vchilik – so‘z yasovchi qo‘shimcha.

                       

TO‘G‘RI  YOZISH

Quyidagi birliklar imlosida xatolik mavjud:

1) “O‘zbekiston qahramoni” unvoni;

2) U ham kelgan-ov;

3) omuxta yog‘;

4) Joniga oro kirdi.

 

Ularning to‘g‘ri yozilishi quyidagicha:

1) “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni;

2) U ham kelganov;

3) omixta yog‘;

4) Joniga ora kirdi.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments