ABITURIYENTNING BIR YILI

100920121022.jpg

- Shahnoza, avvalo, talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklaymiz! 

 - Rahmat.

- Sir bo‘lmasa, kirish imtihonida necha ball to‘pladingiz?

 - 184,3 ball. Biroq men bu natijadan qoniqqanim yo‘q. Tayyorgarligim va imkoniyatim yuqoriroq ballni qo‘lga kiritish uchun ham yetardi. 

- Nega yetmadi deb o‘ylaysiz?

- Birinchi yili topshirganim uchunmi yoki temperamentim shunaqami, imtihon paytida biroz hayajonlandim. Bir-ikki savolning javobini topa olmaganimda hayajonim yana ham oshdi, qo‘rquvga o‘xshash narsani his qila boshladim. Shunday bo‘lsa ham, kirish uchun yetarli ball to‘play olganimdan xursandman.

- Fanlar bo‘yicha qanday tayyorgarlik ko‘rganingiz biz uchun qiziq. Bilamiz: biologiya va adabiyot ko‘proq yodlashga asoslanadi. Bu muammoni qanday hal etdingiz? Yo xotirangiz kuchlimi? 

- Yo‘q, xotiram el qatori. Men o‘zim uchun konspekt qilish, qolip va jadvallar tuzish hamda kartochka usulini qo‘llashni ma’qul deb bildim. Birinchidan, ma’lumotlarni yozganda ular xotirada yaxshi saqlanadi. Ikkinchidan, ko‘cha-ko‘yda, avtobus yoki metro bekatlarida, xullas, bo‘sh qoldim deguncha, vaqtni bekor ketkazmaslik uchun yonimda kartochkalarni olib yuraman. 

- Shu kartochkalar haqida kengroq to‘xtalsangiz.

 - Kartochkalarni o‘zim tayyorlayman. Qog‘ozlarni gugurt qutisi kattaligida qirqib, ularga esda qolishi qiyin bo‘lgan ma’lumotlarni o‘zimga tushunarli shaklda yozib qo‘yaman. Bu narsa menga yarim soat ichida bitta darslikni takrorlab chiqish imkonini ham beradi. 

- Shu yo‘l bilan ma’lumotlarni esda saqlash muammosi butkul…

 - Yo‘q, albatta. Har bir abturiyent o‘ziga yaxshi bir sherik topishi kerak. Savol-javob qilish uchun. Sherikchilik shunday bo‘lishi kerakki, ikki kishi o‘zi uchun ham, o‘rtog‘i uchun ham birday harakat qilsin, kerak bo‘lsa, qayg‘ursin. Yana bir narsa: “quruq” yodlagandan tushunib yodlash ming chandon yaxshi. Birovga tushuntirib bera oladigan darajada tushungan bo‘lsangiz, yodlash oson kechar ekan.  

- Kimyo va ona tili fanlari uchun yodlash emas, ko‘proq mantiqiy fikrlash talab etiladi. Bu fanlar bo‘yicha tayyorgalik qanday kechdi? 

- Bu fanlarda ham tushunish birinchi o‘rinda turadi. Qolaversa, tinmay misol ishlash, test yechish kerak bo‘ladi. Shaxsan bu fanlardan o‘zim yechgan testlarim haqida gapiradigan bo‘lsam, ularning soni besh xonali ekanligi aniq.

- Tayyorgalik jarayonida qanday kun tartibiga amal qildingiz?

- Ustozlarim kun tartibiga amal qilish abituriyent uchun juda muhimligini uqtirishgan. Menimcha, abituriyentning imtihonga tayyorlanishi niyat qilib kun tartibini tuzib chiqish va unga amal qilishdan boshqa narsa emas. O‘zim ishlab chiqqan kun tartibimda har kuni uchala fanga ham vaqt ajratganman. Ha, bu qiyin, biroq ilojini topish mumkin. Uyquni ham unutmaslik kerak.

- Meni bir savol qiziqtiradi: nega ko‘pchilik imtihonda ona tili va adabiyot fanidan past natija ko‘rsatishadi? 

- O‘zimning yo‘nalishimdagi abituriyentlar haqida gapirsam, ularda shunday hol yuz berishining sababini ikki narsada ko‘rdim: 1) uchinchi blok fani bo‘lgani bois kam e’tibor qaratishlari; 2) qiyin deb o‘ylashlari. Bunday tushunishni oqlamayman.

- Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

- Avvalo, menga barcha sharoitlarni yaratib bergan ota-onamga rahmat aytaman. Qolaversa, menga dars bergan barcha ustozlarim, xususan, “Navoiy” o‘quv markazi o‘qituvchilariga, zahmatkash Otabek akaga, biologiya o‘qituvchilari Rustam aka va Rahmatilla akalarga, ona tili ustozlari Mansur aka va Nilufar opalarga minnatdorchilik bildiraman.  

- Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

- Yaqinlashib kelayotgan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan barcha ustozlarni tabriklayman. Yaqinlari va shogirdlari baxtiga doim sog‘ bo‘lishsin. Rahmatlarni eshitishdan charchashmasin.

Abituriyentlarimizga tilagim: aniq maqsad yo‘lida qilayotgan harakatlari va yengib o‘tayotgan qiyinchiliklari o‘z mevasini bersin. Ularga ham mana shu sahifada mehmon bo‘lish baxti nasib etsin.

Lobar BOLTAYEVA

suhbatlashdi

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments