YO‘QOLGAN PICHOQ

Odamlar o‘qishdan to‘xtashlari bilan fikrlashdan ham to‘xtaydilar.      (D. Didro)

Assalomu alaykum. 

kitob 4.jpg

Bir kishi haydovchilik guvoh-nomasiga ega bo‘libdi. Uyida bir emas, ikkita avtomashinasi bor, biroq ularni hech haydamas ekan.  

Buni o‘qib, hayratlanish mumkin. “Yo‘g‘-e” deb yuborgan bo‘lsangiz ham, ajab emas. Qiziq, shunaqasi ham bo‘larkan-da?!  

Endi quyidagi voqeani o‘qing.

Bir kishi yaxshigina savodxon, o‘qish-yozishi maromida ekan. Uyida bir emas, o‘nlab kitoblari bor, biroq ularni hech o‘qimas ekan.  

Buni o‘qib, hayratlanmaslik mumkin. “Nima bo‘pti?” – deb yuborgan bo‘lsangiz ham, ajab emas. Bunaqasi har qadamda uchrab turadi.

Keltirilgan ikki voqea o‘rtasida deyarli tafovut yo‘q, biroq bizning ularga bo‘lgan munosabatlarimiz  bir-biridan yaxshigina farq qilyapti. Bugun “Nechta kitob o‘qigansan?” degan savol – eng yomon ko‘rgan savollarimizdan biri. Bugun “Falon kishi kitob o‘qimaydi” degan gap “Sigir vovullamaydi” degan bilan bir xil – juda jo‘n qabul qilinadi. Nega? Chunki biz sopi oltindan bo‘lgan “pichog‘”imizni yo‘qotib qo‘ydik. Bu “pichoq” – kitobxonlik; biz uni avvallari g‘ururimiz hisob-lar edik, biz uni doim yonimizda olib yurar edik, biz uni farzandlarimizga meros qoldirar edik, biz uni… yo‘qotib qo‘yibmiz.

 

Kitoblar bir avlodning boshqa avlodga qoldirgan ma’naviy vasiyati, nuroniy keksaning hayotga endi qadam qo‘ya boshlagan o‘smirga pand-nasihati, dam olishga otlangan soqchining navbatchilikka turgan soqchiga bergan buyrug‘idir.

A.I. Gersen

Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon bugungi kishidan yuksak saviya talab etadi. Axloqsizlik, behayolik kabi zaqqumlar har bir yurtning boshiga Pompeyning kunini solishga shay. Go‘zallik og‘ochiga bolta urilgan yerdan razolat nihollari una boshlaydi. Agar kishi kitobga oshno tutingan bo‘lsa, uning qalbi ham, axloqi ham, amallari ham go‘zal bo‘lib boradi.  

 

“O‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman”.

(M. Gorkiy)

 

kitob 2.jpg

“Kitobxonlik” so‘zi G‘arb tillariga bir so‘z bilan tarjima qilinadimi-yo‘qmi – bilmadik, ammo bizda u ma’naviyatimizning ajralmas uzvini anglatuvchi kalom sanaladi. Tarixda nomlari qolgan siymolarimizning shu darajaga yetishishlarida tarixning biror yerida nomlari zikr etilmagan onalarimiz, buvilarimiz o‘qib bergan dostonlar – “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Rustamxon”larning, navoiyxonlik va bedilxonlik suhbatlarining hissasi ulkan bo‘lgani rost gap. O‘zbek xonadonining bir burchi, sandiqlarimizning bir cheti kitob uchun ajratilgani bizning kitobga bo‘lgan munosabatimiz hamisha iliq bo‘lganidan darak beradi. Biroq bugungi manzara biroz boshqacha. Uyida kitob javoni-ku, mayli, bir dona kitobi yo‘q o‘zbeklar bor oramizda. Nomi o‘zbek-u, uyida kitob yo‘q – bu bizga paradoks bo‘lib tuyulmoqda. Sizga-chi?!

 

Kitobsiz uy – jonsiz tanaday gap. 

(Sitseron) 

 

Istiqlol tufayli ko‘ksimiz oftob ko‘rdi: asriy madaniyatimiz qayta tiklanmoqda, o‘zligimizni anglay boshlayapmiz. Bayramlarimiz, milliy marosimlarimiz qatori kitobxonlik deb atalmish ezgu odatimiz ham bag‘rimizga qaytsa derdik. Butun dunyo o‘zbekni faqat mehmondo‘st deb emas, balki kitobxon millat deb ham atay boshlasa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. 

Barchamiz nafaqat o‘zimiz, balki farzandlarimiz oldida ham burchdormiz. Kitob o‘qimaslikka bahonamiz yo‘q. Farzandlarimizni kitobdan bebahra qilishga esa haqqimiz yo‘q.  

Keling, eski qadrdonimiz – kitobni bir yo‘qlaylik. Farzandlarimizni ham unga oshno etaylik, ularga kitob sovg‘a qilaylik. Otalarimiz qilib kelgan ishni qilsak, illo, kam bo‘lmaymiz.  

Tabiat menga o‘z qo‘llari bilan taqdim etmagan in’omni kitob orqali berdi.

Gans Gottlib, 

tug‘ma nogiron nemis farzandi

 

0 ta izoh

There are no comments