TURIZM MENEJERI-2

Davomi.

tourism-and-travel.jpg

Turizm menejeri qanday ma’lumotlardan boxabar bo‘lishi lozim? Quyida shu savolga javob beramiz:

 - Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasida turistik faoliyatning asoslari haqidagi qonunlar va shu sohaga taalluqli boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tanish bo‘lish;

 - chet tillarni o‘rta darajada bilish (qancha ko‘p til bilsa, qanchalik chuqur bilsa, shuncha yaxshi);

- biznesning mayda-chuydalarigacha bilish: marketing, menejment sirlaridan voqif bo‘lish;

- maxsus kompyuter dasturlari bilan ishlay olish;

- sayyohlar jo‘natiladigan davlatlarning geografiyasi, madaniyati, iqlimi, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish;

- pasport-viza xizmati qonun-qoidalaridan xabardor bo‘lish.

Turizm menejerlari bir umr shu vazifada qolib ketishni istashmaydi. Xo‘sh, bu ishda karyera qilish qanday kechadi?

Shuni yodda tutingki, siz birdan turistik firmada  menejer bo‘lib qolmaysiz. Avval biror bo‘limga, masalan, buyurtmalar berish bo‘limiga ishga qabul qilinasiz. Bir qancha muddat (oylab yoki yillab) faqat buyurtma berish va chiptalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanasiz.  Ayrim agentliklarda iqtidor egalari juda tez ko‘tarilishadi. Lekin ular ham menejer bo‘lish ostonasida yo kuryerlik, yo menejer yordamchisi sifatida faoliyat yuritishadi. Bilib qo‘ygan ma’qul: turistik firmalarda barcha bosqichlarni o‘tagan kadrlar yuqori baholanadi.

Agar siz o‘z ishingizga jiddiyroq yondashsangiz, chamasi, bir yildan so‘ng o‘zingizni menejer kursisida ko‘rishingiz mumkin. Bu endi sizning kishilar bilan bevosita aloqaga kirishishingizni anglatadi. Muvaffaqiyatli faoliyatdan so‘ng keyingi daraja sizni qarshi oladi – bo‘lim boshlig‘i. Bu faqat yuqoriroq daraja emas, balki kattaroq mas’uliyat ham deganidir. Bunda sizning vazifangiz xodimlar ishini nazorat qilish, malakasi kam menejerlarga yordam berish, mijozlar, turoperator yoki xodimlar bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatli holatlarning oldini olishdan iborat bo‘ladi. Shunaqa holatlar ham bo‘ladiki, ko‘pchilik bo‘lim boshliqlari, garchi menejerlik bosqichidan o‘tgan bo‘lsalar ham, o‘z ishlariga parallel ravishda   turlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishaveradi. Bunday “muruvvat” faqat doimiy mijozlar uchun ko‘rsatilishini unutmaslik kerak.

Yana 2 – 3 yildan so‘ng siz direktor o‘rinbosari yoki hatto boshqaruvchi direktor lavozimiga ko‘tarilishingiz ham mumkin. Endi siz yanada kattaroq ishlar bilan, masalan, firma strategiyasini aniqlab chiqish, qaysi yo‘nalish samaraliroq, qaysi operator bilan hamkorlik qilgan ma’qulroq, navbatdagi reklama kampaniyasini qachon o‘tkazish kerakligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bilan mashg‘ul bo‘lasiz. O‘sib, o‘sib, oxiri o‘z biznesingizni qurasiz. Harakatda barakat.

Turmenejerlardan “Ishingizning “minus” tarafi nimadan iborat?” deb so‘ralganda ularning ko‘pchiligi quyidagicha javob bergan: Uzoq ishlash, dam olishga ham vaqt topa olmaslik, hammasidan og‘iri – murakkab tabiatli mijozlar bilan til topishish.

“Ish faoliyatingizda sizga eng yoqqan narsa nima?” degan savolga aksar turmenejerlarning javobi quyidagicha bo‘lgan: Kishilar bilan aloqaga kirishish, ularga quvonch hadya etish juda yoqadi. Sayohatdan qaytgan mijozingiz qo‘ng‘iroq qilib, sizga va kompaniyaga tashakkur izhor qilsa, sizdan baxtliroq inson yo‘qday go‘yo. 

O‘zini kelajakda turizm menejeri sifatida ko‘rishni istagan abituriyentlarimiz Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Xalqaro sayyohlik fakultetiga yoki Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti Biznesni boshqarish fakulteti Sayyohlik yo‘nalishiga hujjat topshirishlari lozim. Shuningdek, xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan yoki menejment sohasida tahsil olgan kadrlar turizm agentliklarida tashkil etilgan maxsus kurslarni tamomlab ham bu sohada faoliyat yuritishlari mumkin. Barchaga omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Nilufar ESANOVA tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments