SUG’URTA AGENTI

Fotolia_15196131_S.jpg

Sug‘urta agenti kim?

Sug‘urta agenti – sug‘urta kompaniyasining jismoniy va yuridik shaxslar bilan sug‘urta shartnomalarini tuzish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi rasmiy vakili. 

 

Uning vazifasi nimalardan iborat?

Sug‘urta agentining amaliy faoliyati quyidagi bosqichlardan iborat:

1. Mijoz izlash.

Birinchi bosqichda agent sug‘urta xizmatini taklif qilish mumkin bo‘lgan kishilarni izlash bilan band bo‘ladi. Shu maqsadda u potensial mijozlarga qo‘ng‘iroq qiladi, reklama va ko‘rgazmalarni kuzatadi.

 

2. Vizitga tayyorgarlik.

Agent o‘zi taklif qilgan xizmat bo‘yicha potensial mijozga prezentatsiya o‘tkazib berishi vizit (tashrif) sanaladi. U prezentatsiya oldidan aytadigan gaplarini, suhbat chog‘ida kuzatilishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni obdan o‘ylab olishi kerak bo‘ladi. Yoddan chiqarmaslik kerakki, dastlabki 20 soniya suhbatning asosi hisoblanadi.

 

3. Mijoz talablarining aniqlanishi.  

Bu bosqichda agent mijoz bilan munosabatda o‘zaro hurmat va ishonch muhitini yaratishi kerak. Uning vazifasi – suhbatdoshni gapirtirish orqali uning sug‘urta talablari qanday ekanini aniqroq bilib olish. 

 

4. Dalillar yig‘ish va muayyan sug‘urta xizmatlarini taqdim etish, e’tirozlarga javob qaytara olish.

 Agent bu bosqichda mijoz haqida maksimal ma’lumot olishi, mijozlarning talablari haqida ilk tahlillarni o‘tkazishi  kerak.  

 

5. Sug‘urta shartnomasini tuzish.

Bu bosqichda mijozga har bir hujjatning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilishi kerak. Bundan tashqari, sug‘urta shartnomasida ko‘zda tutilgan boshqa variantlar haqida ham axborot berilishi lozim. 

 

6. Sug‘urtalangan shaxs bilan muntazam aloqalarni ta’minlash.

Agent mijozi bilan doimiy aloqada bo‘lib turishi, sug‘urtaviy majburiyatlarning bajarilishi bo‘yicha savollarga javob berishi, shuningdek, uning manfaatlariga mos keluvchi yangi xizmat turlarini taklif qilishi talab etiladi. Yuqori toifali sug‘urta agenti nafaqat o‘zi sug‘urtalagan predmet turi haqida, balki sug‘urta xizmatining barcha qirralari, plyus va minuslari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. O‘shandagina u bir martalik mijozlarni doimiy mijozlarga aylantira oladi.

 

Bu kasb egalari qayerlarda ishlashadi?

Sug‘urta agentlarining ish joyi sug‘urta kompaniyalari hisoblanadi. 

 

Sug‘urta agenti qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak?

Bu ishda muvaffaqiyat qozonish uchun quyidagi muhim sifatlarga ega bo‘lish talab etiladi: 

•  keng dunyoqarash; 

•  sug‘urta mahsulotlarini  professional darajada yaxshi bilish;

• odamlar bilan munosabatga kirisha olish;

• mijozlarning talab va ehtiyojlarini prognoz qila olish.

Bu sohani egallagan kishi mijoz oldidagi majburiyatlarini to‘la his qilishi kerak. Ayniqsa, sug‘urta holatlarida majburiyat ikki hissa ortadi. Bunday vaziyatda mijozga ruhiy dalda berilmasa, u nafaqat sug‘urta agentini, balki sug‘urta kompaniyasini ham o‘zgartirishi mumkin. Kompaniyaning ravnaqi bevosita agentlar xizmatiga bog‘liq bo‘lgani bois bu kasb egasi psixologik jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerak. 

(Davomi bor)

Nilufar ESANOVA tayyorladi.

 

0 ta izoh

There are no comments