Ommabop ona tili 14-2012

TEST TAHLILI

      (13 (115) - sondagi 11-test savoli)

 

Qaysi ergashgan qo‘shma gapda hol vazifasidagi havola bo‘lak mavjud?

A) U qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha yerni nazorat ostiga oling.

B) Duo qilaylik, toki ishimiz o‘ngidan kelsin. 

C) U shunday gapirardi, shunday gapirardi, ey, og‘zing ochilib qolardi.  

D) Ahmadjon shu qadar xursandki, bir joyda o‘tira olmay ham qoldi.

 

YECHISH: Test matni orqali bizdan hol havola bo‘lakli qo‘shma gapni topish talab etilgan.

Havola bo‘lak nima?

Bu termin butun bir gapga (ergash gapga) ishora qiluvchi bo‘lakni anglatadi. Havola bo‘lak ko‘p hollarda ko‘rsatish olmoshlari, ba’zan kishilik, belgilash olmoshlari yoki boshqa so‘zlar bilan ifodalanadi. Masalan, Shuni bilki, biz hamisha sen bilan birgamiz gapidagi havola bo‘lak shuni so‘zidir. Chunki bu so‘z butun bir ergash gapga ishora qilyapti: Shuni bil – nimani? – biz hamisha sen bilan birga ekanligimizni.  

Har qanday ergashgan qo‘shma gap (EQG) da havola bo‘lak bo‘ladimi?

Yo‘q. Havola bo‘lak ergashgan qo‘shma gaplarning quyidagi turlarida mavjud:

1) ko‘rsatish olmoshili EQG da;

2) nisbiy so‘zli EQG da.

EQG ning ushbu ikki turida ham bosh gap tarkibida ergash gapga ishora qiluvchi bo‘laklar mavjud bo‘ladi va ular havola bo‘laklar sanaladi. Misollar:

1) Shunday gapirki, hamma hayron qolsin gapida shunday so‘zi;

2) Kim ushlab olsa, koptok o‘shaniki gapida o‘shaniki so‘zi.

Bosh gap tarkibida kesim, ega, to‘ldiruvchi, hol yoki aniqlovchi havola bo‘lak vazifasini bajarishi mumkin.  

Endi testimizga qaytamiz. Bizdan qaysi gapda hol vazifasidagi birlikning havola bo‘lak bo‘lib kelganini aniqlash so‘ralgan. Variantlarni birma-bir ko‘rib chiqamiz:

A) U qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha yerni nazorat ostiga oling.

Bu gap – nisbiy so‘zli EQG. Demak, bosh gap tarkibida havola bo‘lak mavjud. Aniqlovchi vazifasidagi o‘sha so‘zi gapning havola bo‘lagi bo‘lib kelgan. Biroq bizga hol vazifasidagi havola bo‘lak kerak.

B) Duo qilaylik, toki ishimiz o‘ngidan kelsin. 

Bu gap – ergashtiruvchi bog‘lovchili EQG. Demak, unda havola bo‘lak mavjud emas. 

C) U shunday gapirardi, shunday gapirardi, ey, og‘zing ochilib qolardi.  

Bu gap EQG emasligi bois tahlil obyekti bo‘la olmaydi.

D) Ahmadjon shu qadar xursandki, bir joyda o‘tira olmay ham qoldi.

Bosh gapning kesimi tarkibidagi -ki vositasidan ham anglash mumkinki, bu gap – ko‘rsatish olmoshili EQG. Demak, unda havola bo‘lak mavjud. Ahmadjon shu qadar xursand(ki) gapidagi shu qadar birligi (ko‘makchili olmosh) havola bo‘lak sanaladi. Bu bo‘lak gapda daraja-miqdor holi vazifasini bajargan. Ma’lum bo‘ladiki, biz izlagan narsamizni topdik.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

FRAZEOLOGIK IBORALAR

Ikki oyog‘ini bir etikka suqdi – o‘z istagi bajo keltirilishini, o‘zining ishi bitishini qaysarlik bilan talab qildi.

Ikki oyog‘ini bir etikka tiqdi – juda ham mushkul ahvolga tushib qoldi. 

Ikki oyog‘ini tirab oldi – qaysarlik qilib turib oldi, ko‘nmadi.

Ikki qo‘lini burniga tiqib qoldi – o‘z ishi evaziga hech narsa ololmay, qup-quruq qoldi.

Ikki qo‘lini og‘ziga tiqdi – hovliqib, lozim bo‘lganidan ko‘ra ortiqroq narsani ro‘yobga chiqarish uchun intildi.

 

IZOHLI  LUG‘AT

Sabuhiy – tonggi, ertalabgi

Misol: Suyganing labida reza ter kabi, Unda titrab turar sabuhiy shabnam. (G‘. G‘ulom, “Sog‘inish”)

 

Alqamoq – maqtamoq, ko‘klarga ko‘tarmoq

Misol: Men xoqonimni alqab, tomosha qilib turaman… (Fitrat, “Abulfayzxon”)

 

Rizvon – jannat

Misol:  Yerni etmog‘ing kerak, Bo‘ston o‘zing, rizvon o‘zing. (E. Vohidov, “Inson”)

 

Beshumor – sanoqsiz, ko‘p

Misol:  Javr-u zulming bo‘lgondur man hazing‘a dam- badam,

Beshumor-u  beshumor-u beshumor-u  beshumor. (Feruz, “Oftoboso jamoling…”)

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments