KIM BO‘LSAM EKAN?

professionals_small.jpg

Assalomu alaykum.

Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish g‘ami bilan yurgan abituriyentlarimiz orasida hayotlarining bir necha yilini qaysi dargoh bilan bog‘lashni hali ham o‘ylayotganlari bor, albatta. Kimdir ko‘nglidagi hadik sababli yuqori dorga osilgisi yo‘q, yana kimdir tavakkal qilmoqchi. Kelgusida qaysi kasb egasi bo‘lishini tanlab ulgurmaganlar ham yo‘q emas. Haqli savol tug‘iladi: bugungi axborot asrida qaysi kasbni egallagan ma’qul?  

engineer1.jpg

Umuman, qaysi kasb egalarining davri kelgan?

Sir emas, ko‘pchilik kasb tanlashda uning moliyaviy jihatini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Taka bo‘lsin – sut bersin. O‘qishni tamomlaboq katta maosh to‘laydigan ishga joylashsang. Zo‘r-a? Bunday xayollarni o‘ylagan sari yana o‘ylaging keladi. Biroq masalaning bir, yo‘q, bir emas, ikki jihati bor. Biz quyida ana shu ikki jihat haqida fikr yuritamiz.

Teaching_and.jpg

Amerikada “self-meyd-men” termini paydo bo‘lgan. Bu atama kichik ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘z ustida tinmay ishlagan va kelgusida yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan kishilarga nisbatan qo‘llanadi. Masalan, bizga notanish bo‘lgan Herold Hem ismli kishi bugungi kunda 4,4 millard AQSH dollari egasi hisoblanadi. O‘sha kishi katta daromad egasi bo‘lishdan oldin avtomobillarga yonilg‘i quyish bilan shug‘ullangan. U, aslida, hozir ham yonilg‘i quyish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lishi mumkin edi. Ammo bunga o‘zi yo‘l qo‘ygani yo‘q. Tinimsiz olg‘a harakatlar unga milliardlarni taqdim etdi. 

Gollivud afsonalaridan biriga aylangan aktyor Jek Nikolson bolaligida Metro Goldvin Mayer studiyasida yugurdaklik bilan shug‘ullangan. Pog‘onalar zabt etib borilgach, kino sohasidagi eng nufuzli mukofot – “Oskar” naq uch bor qo‘lga kiritilgan.  

Doctor.jpg

Aytmoqchi bo‘lganimiz, kasbda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir kichik pog‘ona zabt etilishi lozim. Poydevori mustahkam bo‘lmagan uy har damda qulashi mumkin. Agar o‘ylangan yuksak maqsadlarga munosib harakat bo‘lmasa, bir umr zinaning birinchi pillapoyasida qolib ketish hech gap emas.  

Endi ikkinchi jihatga to‘xtalamiz. Biz Robinzon emasmiz – kimsasiz oroldamas, jamiyatda yashaymiz. Bizning intilishlarimiz, harakatlarimiz faqat oshqozonimizni to‘ldirish uchun xizmat qilmaydi. Hammamiz yurtimizning gullab yashnashi, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun mas’ulmiz. O‘qituvchi bo‘lamizmi yo haydovchimi, jurnalist bo‘lamizmi yoki vrachmi – qaysi kasb egasi bo‘lishimizdan qat’i nazar, eng buyuk xizmatimiz – yurtimiz ravnaqi uchun qo‘shgan hissamiz bo‘ladi; eng buyuk mukofotimiz xalqning rahmati bo‘ladi. Har birimizga yurt ravnaqi uchun hissa qo‘shish hamda xalq rahmatiga musharraf bo‘lish nasib qilsin!

Omon bo‘ling.  

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments