TURIZM MENEJERI

120517_500_merrill_joshua.jpg

Turizm menejeri – mijozga sayohatni tashkillashtirib berish bo‘yicha barcha tadbirlarni ishlab chiquvchi mutaxassis.

Sayyohlik ishlari bo‘yicha menejer keng tushunchani qamrab oladi. Biri sayyohlik firmasiga rahbarlik qilsa, yana biri chiptalarni telefon orqali band qilib qo‘yadi. U yoki bu ishni amalga oshirishidan qat’i nazar, mutaxassis o‘z vazifasini a’lo darajada bajarishi kerak. Uning qanday firmada ishlayotganiga ham ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi, albatta. Masalan, turoperator (sayyohlik operatori) kompaniyasida xizmat qiluvchi menejer turagentlik (sayyohlik agentligi)da faoliyat yurituvchi menejerdan xizmat turlari jihatidan farq qiladi. Xo‘sh, sayyohlik operatori va agentligida ishlovchi turizm menejeri nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi?

Sayyohlik operatorida ishlovchi menejer:

 - sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqadi;

 - ko‘ngilochar tadbirlar rejasini tuzadi;

 - mehmonxonalarga joy buyurtiradi;

 - muntazam aviareyslarga biletlar sotib oladi;

 - xizmat ko‘rsatilayotgan tomon bilan muzokaralar olib boradi;

 - xavfsizlik va viza ishlarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadi;

 - sayohat paketlarini ishlab chiqadi;

 - sayyohlik agentliklari bilan shartnomalar tuzadi;

 - tomonlarning vakillari o‘rtasida kelishmovchilik yuz berganda, vaziyatni mijoz foydasiga hal qilishga harakat qiladi.

Sayyohlik operatorlarida har bir xodim alohida xizmatga mas’ul hisoblanadi: vizalarni rasmiylashtirish, joy band etib qo‘yish, deganlaridek. 

Ko‘pchilik sayyohlik agentliklarida menejerning vazifasi boshqacharoq: tayyor turmahsulotni sotish, imkon qadar ko‘proq mijozni jalb qilish va ushlab turish. Turagentlik menejerlari mijozlar va turoperatorlarni bog‘lab turuvchi bo‘g‘in hisoblanishadi. Mijozlar o‘zlarida tug‘ilgan savollar yuzasidan aynan ularga murojaat qilishadi. “Parvozni to‘xtatmoqchiman”, “Menga buyurtirilgan mehmonxona yoqmadi” kabi masalalar bilan qilingan murojaatlarga agentlik menejeri javob beradi. 

Sayyohlik agentligida ishlovchi menejer quyidagilarga mas’ul:

 - qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish;

 - konsultatsiya berish (xususan, telefon orqali);

 - mijozning talabiga binoan sayohat to‘plamlarini va bozorlarini o‘rganib chiqish;

 - sayyohlik operatorligi kompaniyalarining menejerlari bilan hamkorlik qilish;

 - mijoz bilan shartnoma tuzish.  

Ayrim sayyohlik kompaniyalari agentlik va operatorlik xizmatlarini o‘zida jamlagan bo‘ladi.

Bilib qo‘ygan foydadan xoli emas: hozirda dunyoda yalpi daromadning 10% iga yaqini turizmning hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich dunyo eksporti umumiy hajmining 8% i, dunyo savdo-tijorat xizmatlarining 30 – 35% ini tashkil qiladi. 

Mavzuga qaytsak. Turizm menejerlari qayerlarda faoliyat olib boradilar, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu kasb egalari sayyohlik firmalarida, turagentliklarda hamda turoperatorlar assotsiatsiyasida ishlashadi. Ularning aynan nima bilan shug‘ullanishi haqida yuqorida to‘xtalib o‘tdik. 

Turizmning turlari ko‘p bo‘lgani bois menejerlarning xizmat turlari ham bir-biridan farqlanadi. 

Masalan, ekskursion sayohat menejeri Fransiya, Yaponiya yoki boshqa joyda aynan nimalarni tomosha qilish mumkinligi haqida ma’lumot bera olishi kerak. Sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi sayohatlarni uyushtiruvchi menejer, nafaqat, dam olish, balki davolanish ham mumkin bo‘lgan joylarni taklif qiladi.

Ekologik turdagi sayohatlar, sport ta’tillari va boshqa yo‘nalishlarga menejerlik qiluvchi mutaxassislar ham zarur ma’lumotlarni yetkaza olishlari shart. Ularning xatosi bilan eng kamida agentlikka ishonch yo‘qoladi.

(Davomi bor...)

Nilufar ESANOVA
tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments