“O‘TKAN KUNLAR”DA MILLIY RUH IFODASI

Assalomu alaykum.

Bugungi sahifa uchun mavzuni o‘zbekona odob etib belgiladik. Milliyligimizning bir bo‘g‘ini sanalgan odob  millatimiz xazinasi bo‘lgan “O‘tkan kunlar” romanida mahorat bilan aks ettirilgan. Fikrlarimizni hammamizga yaxshi tanish bo‘lgan lavhalar misolida bildirishga ahd qildik.  

Romanda Otabek timsoli orqali o‘zbekning qator yaxshi xislatlari ko‘rsatib berilgan. Shulardan biriga nazar tashlasak: Otabek Marg‘ilonda shu yerliklardan bir-ikki kishini mehmon qiladi. Xizmatkor Hasanali choy keltirgani turganda mehmonlardan biri bu cholning kimligini so‘raydi. 

“Otabek Rahmatning savoliga javob bermay, eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib, so‘ngra javob berdi:

– Qulimiz”.

6f090374f965.jpg

Otabekning Hasanalini “uzoqlatib”, so‘ngra javob berishida o‘zgalarga ( hatto qul bo‘lsa ham) hurmatning ajoyib ifodasini ko‘rishimiz mumkin. 

Odamni larzaga soladigan yana bir milliy holatga e’tibor qarataylik: Kumush zaharlanib o‘lim to‘shagida yotibdi. Qaynotasi Yusufbek hoji Kumushning bosh tomoniga kelib o‘tiradi.

“Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarini tuzatib Kumushning … manglayini bosdi.

 – Oyim…Oyim!.. – dedi Hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib… qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.

– Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang!”

Qarangki, Kumush o‘zi bir ahvolda – zahar yutib, o‘lim to‘shagida jonsiz, majolsiz yotibdi. Shunda ham u qaynotasini tanib, xijolat chekib, odob yuzasidan qo‘zg‘almoqchi, o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi. Shu kichik lavhada o‘zbeklarning shoh fazilatlaridan biri mohirona tasvir etilgan. 

 “O‘tkan kunlar”dagi Yusufbek hojini oqil o‘zbek otalarining umumlashma timsoli desak, yanglishmagan bo‘lamiz. O‘ta kamtar, o‘ylovli bu inson so‘zlarni chertib-chertib qo‘llaydiki, undan o‘rnak olsa arziydi. Milliy romanimizdagi yana bir voqeani kuzatamiz: Marg‘ilonlik qarindoshlar Toshkentga, Otabeklarnikiga, tashrif buyurishadi. Yusufbek hoji bilan katta kelin – Kumush tanishishyapti.

“Kumush uyalib zo‘rg‘agina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a tegizib olg‘an o‘z qo‘lini o‘pdi:

– Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, bilmay yurg‘an ekanmiz-da, deb tevaragiga qarab kulindi va qo‘lini duog‘a ochdi ”. 

Bir qarashda ushbu lavha o‘zbek otasining kelini bilan salomlashganidagi o‘ziga xoslik, salom-alikdan so‘ng qo‘llarning duoga ochilishi tasviridangina iboratdek tuyuladi. Lekin biz asosiy e’tiborni Yusufbek hojining gapiga qaratmoqchimiz:”Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, bilmay yurg‘an ekanmiz-da”. Mazkur gapda qo‘llangan birgina ham yuklamasi Yusufbek hojining qaynota sifatidagi jihatlarini to‘laqonli aks ettirib beradi. Xo‘sh, hoji nega ham so‘zini qo‘lladi? Qiyoslaymiz: 1. Bizning Marg‘ilonda shunday kelinimiz bor ekan-ku, bilmay yurg‘an ekanmiz-da. 2. Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, bilmay yurg‘an ekanmiz-da. Birinchi gapda marg‘ilonlik kelin ko‘klarga ko‘tarilyapti. Ikkinchisida esa, Marg‘ilonda ham shunday (Zaynabga o‘xshagan) kelin bor ekanligi ta’kidlanyapti. Bu bilan Yusufbek hoji har ikki keliniga nisbatan hurmatini oshkor ifodalaydi. Qolaversa, kutib oluvchilar orasida Zaynab ham bor edi. Qaynotaning so‘zi har ikki kelinga iliqlik ulashgani bor gap. 

Yana bir lavhaga diqqatingizni jalb qilamiz: Otabek Marg‘ilondan uylanib olgach, onasi O‘zbek oyimning ichida go‘yo inqilob ro‘y beradi. Uning tashabbusi bilan Otabekka boshqa bir qiz (Zaynab) topiladi va unashtiriladi. Endi buni Otabekka ma’lum qilish kerak. Otabek Toshkentga kelganida ota, ona va o‘g‘il uyda to‘planadilar. Hoji ming bir andisha bilan tilga kiradi: 

- O‘g‘lim, hali san eshitdingmi, yo‘qmi, haytovur, biz saning ustingdan bir ish qilib qo‘ydiq…

Bu o‘rinda Otabek sapchib turib ketishi yoki betgachoparlik qilishi ham mumkin edi. Lekin u oqil otaning tarbiyali o‘g‘li. U madaniy yo‘sinda qilingan murojaatga madaniy yo‘sinda javob qaytaradi. 

“Otabek, ma’lumki, ularning “qilib qo‘yg‘an yoki qilmoqchi bo‘lg‘an ishlarini” albatta bilar edi. Shundoq ham bo‘lsa bilmaganga solindi:

- Aqllik kishilarning o‘g‘ullari ustidan qilg‘an ishlari albatta noma’qul bo‘lmas, - dedi.”

Siz-u biz his qilib turganimizdan-da og‘irroq holatda ota va o‘g‘ilning bosiqlik va o‘zaro hurmat yo‘lini tutishgani har bir kishini to‘lqinlantiradi.

“O‘tkan kunlar”da muallif  “tariximizning eng kirlik, qora kunlari”ni ko‘rsatishga harakat qiladi. Biroq asar bilan tanishib chiqar ekanmiz, “eng kirlik, eng qora” zamonlarda ham o‘zbek xalqi o‘zining chin insoniy fazilatlarini yo‘qotmaganiga guvoh bo‘lamiz. Ha, biz ana shunday insonlarning – Yusufbek hojilar va Otabeklarning farzandlarimiz. Shunday ekan, buni unutishga, millat nomiga dog‘ tushirishga hech birimizning haqqimiz yo‘q!

Omon bo‘ling.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments