Ommabop ona tili 12-2012

TEST TAHLILI  

( 8 (85) - sondagi 1-test savoli )

Bu yerda na ofat, na kulfat, na g‘am.

Yordamchining ma’no turini aniqlang.

A) inkor bog‘lo vchisi B) inkor yuklamasi

C) ayiruv bog‘lovchisi D) gumon yuklamasi

 

YECHISH: Test matnida yordamchi so‘z ishtirokidagi gap berilgan va bizdan shu yordamchining vazifa turini topish talab qilingan. 

 Matndagi yordamchi so‘z na…, na… birligi ekanini ilg‘ash qiyin emas, zero qolgan birliklar mustaqil so‘zlar hisoblanadi: bu yerda – ravish; ofat, kulfat, g‘am – ot.

Na…, na… birligi inkor bog‘lovchisi yoki inkor yuklamasi vazifasida keladi. Uning ayiruv bog‘lovchilari (yo…, yo…, dam…, dam…, goh…, goh…) dan biri yoxud gumon yuklamasi (-dir) emasligi aniq. Demak, to‘g‘ri javobni A va B variantlardan izlaymiz. Bu o‘rinda bizdan na…, na… yordamchisining qachon bog‘lovchi-yu qaysi holda yuklama sanalishini bilish talab etiladi.

Na…, na… yordamchisi kelgan gapning kesimi tasdiq shaklida bo‘lsa, u inkor bog‘lovchisi hisoblanadi. Misol: Shu yoshida ham na o‘qishni, na yozishni biladi.

Na…, na… yordamchisi kelgan gapning kesimi inkor shaklida bo‘lsa, u inkor yuklamasi hisoblanadi. 

Misol: Na borishni, na qolishni bilmayman.

Agar berilgan gapimiz Bu yerda na ofat, na kulfat, na g‘am bor tarzida bo‘lganda, undagi yordamchi inkor bog‘lovchisi sanalar edi. 

Bordi-yu gapimiz Bu yerda na ofat, na kulfat, na g‘am yo‘q tarzida shakllanganda, yordamchining vazifa turi inkor yuklamasi ekani oydinlashardi.

Biroq berilgan jumlada tasdiqni anglatuvchi bor so‘zi ham, inkorga ishora qiluvchi yo‘q so‘zi ham qo‘llanmagan. Endi qanday yo‘l tutamiz?

Tasdiq shakllar alohida vositaga (ko‘rsatkichga) muhtoj emas. Inkor yoki bo‘lishsizlikni shakllantiruvchi vositalar (yo‘q, emas, na…, na bog‘lovchisi, -ma, -may kabilar) gapda uchramasa, jumla tasdiq shaklida deb qaraladi. Bizga berilgan jumlada na…, na… yordamchisi tasdiq shaklli so‘zlarni bog‘lagan va uni inkorga aylantirgan. Bu biz tahlil qilayotgan yordamchining inkor bog‘lovchisi ekan deb xulosa yasashimizga asos bo‘ladi.

Demak, to‘g‘ri javob – A.    

 

FRAZEOLOGIK IBORALAR

Igna teshigidan o‘tadigan – chaqqon, abjir.

Misol: Razvedkaga igna teshigidan o‘tadigan epchil… kishilar kerak.

Oq urish – tagida qoldirmay, hammasini ichish, sipqorish.

Misol: Mana shu qimizni bir oq urib bering.

Amerika ochmoq – allaqachon ma’lum bo‘lgan narsalarni yangilik deb e’lon qilmoq.

Misol:  “Quyosh sharqdan chiqar ekan” emish. Bu “olimcha” Amerika ochishga toza usta ekan-ku!

Joni sabil – joni qattiq, chidamli.

Misol: Uch yaqinining firoqiga chidadi: joni sabil ekan.

 

IZOHLI  LUG‘AT

Irin (erin) – lab, dudoq.  

Misol: Qoshing, erning, yuzing, ey rashki rizvon,

           Hilol-u kavsar-u bog‘i jinondir.  

Ochun – dunyo, olam.

Misol: Nelarni ko‘rmagan dersiz bu ko‘hna ochun.

Abri nayson –bahorgi seryomg‘ir bulut, aprel buluti

 Misol: Abri nayson yamg‘uritek,

           Yosh oqodur ko‘zidin. 

Tamug‘ – jahannam, do‘zax.

Misol: Oqni qaro deganlar ul tamug‘ga kirmishlar. 

Bilfe’l  – o‘zicha, o‘zboshimchalik bilan. 

Misol: Ma’lumingiz, ulardan Azizbek bilan Yusufbek Toshkentda bilfe’l isyon chiqarib yotadirlar. 

Baytul hazan (g‘am uyi, g‘amxona) – g‘am-hasrat uyi. Badiiy adabiyotda Yusuf (a.s.) hajrida anduh girdobida yashagan Ya’qub (a.s.) hayotiga ishora,

Misol: Solib borma meni , ey Yusufi husn

Bu kun Ya’qubtek baytul hazanda

 

IMLO

Quyidagi birliklar imlosida xatolik mavjud:

1) Kirish ta’qiqlanadi;

2) imtixon natijalari;

3) Ochil dasturxonni keltir;

4) “Oltin yulduz” medali;

5) “O‘zbekiston Xalq shoiri”

 

Ularning to‘g‘ri yozilishi quyidagicha:

1) Kirish taqiqlanadi;

2) imtihon natijalari;

3) Ochildasturxonni keltir;

4) “Oltin Yulduz” medali;

5) “O‘zbekiston xalq shoiri”

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments