Ommabop ona tili 11-2012

TEST TAHLILI   

(9 (111) - sondagi 22-test savoli)

Qaysi so‘zning tovush tarkibini undoshlar va asosga qo‘shimcha qo‘shilganda tushib qolishi mumkin bo‘lgan unlilar tashkil qilgan?

A) musibat                   B) shijoat

C) qomusiy                  D) serhosil

 

YECHISH: Test matni orqali quyidagi narsa so‘ralgan: shunday so‘z topingki, 1) unda unlilar ham,  undoshlar ham bo‘lsin; 2) undagi unlilar o‘zbek tilida asosga qo‘shimcha qo‘shilganda tushib qolishi mumkin bo‘lgan unlilar sirasiga kirsin.

Asosga qo‘shimcha qo‘shilganda tushib qolishi mumkin bo‘lgan unlilar quyidagilar:

a (shahar – shahri);

i (qiyin – qiyna); 

u (burun – burni).

Endigi ishimiz ana shu unlilar ishtirok etgan so‘zni aniqlash. Bu qiyin emas: musibat. Qolgan so‘zlarda o unlisi mavjud.

Demak, to‘g‘ri javob – A.

 

TEST TAHLILI   

 (10 (112) - sondagi 8-test savoli)

Bo‘lsa takror qadri ketgay ne ulug‘ so‘zlarni ham,

So‘z bilish kam, bil yana o‘rnin topib so‘zlashni ham. 

(J. Jabborov)

Qaysi qatorda ushbu gap haqida noto‘g‘ri mulohaza keltirilgan?

A) Ushbu gapda ravish turkumiga mansub birdan ortiq so‘z mavjud.

B) Bir o‘rinda qaratqich kelishigi shakli o‘rnida tushum kelishigi shakli qo‘llangan.

C) Oltita o‘rinda fe’lning vazifa shakllari qo‘llangan.

D) Faqat ikkita so‘z tarkibida birdan ortiq qo‘shimcha mavjud.

 YECHISH: Test matni orqali murakkab qo‘shma gap berilgan va bizdan javob variantlarning qaysi birida shu gap haqida xato fikr mavjud ekanini topish talab etilgan.

Har bir javob variantini ko‘rib chiqamiz.

A) Ushbu gapda ravish turkumiga mansub birdan ortiq so‘z mavjud.

Gapdagi ravishlarni sanaymiz: kam, yana. Bu fikr to‘g‘riga o‘xshaydi. 

B) Bir o‘rinda qaratqich kelishigi shakli o‘rnida tushum kelishigi shakli qo‘llangan.

Bo‘lsa takror qadri ketgay ne ulug‘ so‘zlarni ham, ya’ni Takror bo‘lsa, ne ulug‘ so‘zlarni ham qadri ketadi. Bu gapda so‘zlarni so‘zi qadri so‘ziga bog‘langan (moslashuvli birikma). Qadri so‘zidagi egalik qo‘shimchasidan ham bilish mumkinki, so‘zlarni qadri deb emas, balki so‘zlarning qadri deb yoziladi. 

C) Oltita o‘rinda fe’lning vazifa shakllari qo‘llangan.

Fe’lning vazifa shakllari sof fe’l, harakat nomi, sifatdosh va ravishdosh ekanini bilasiz, demak, barcha fe’llar u yoki bu vazifa shaklni tashkil qiladi. Shunday ekan, biz gapdagi mavjud fe’llarni sanab chiqsak bas. Sanaymiz: bo‘lsa takror (takror bo‘lmoq), qadr(i) ketmoq, bilish, bil, topmoq (o‘rnini topmoq), so‘zlash. Demak, ular 6 ta. 

D) Faqat ikkita so‘z tarkibida birdan ortiq qo‘shimcha mavjud.

Quyidagi so‘zlarda birdan ortiq qo‘shimcha mavjud: so‘zlarni (-lar, -ni), o‘rnin (-i, -ni), so‘zlash (-la, -sh). Ko‘rinadiki, ikki emas, balki uch so‘zda birdan ortiq qo‘shimcha mavjud ekan.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

    FRAZEOLOGIK IBORA  

Yostig‘i qurimoq – biror hodisa tufayli hayotdan ko‘z yummoq; o‘lmoq.

Misol: Shundoq ham ko‘p odamlarning yostig‘i quridi.

Iligi qurimoq – tinka madori qurimoq, bemajol yoki nimjon bo‘lib qolmoq.

Misol: Ishchilarga biroz dam beramiz: iligi qurib ketdi bechoralarning.

Ichi qurimoq – biror narsani qattiq istamoq, uni sabrsizlik bilan kutmoq.

Misol: G‘oliblar safida ekanini bilardi. Ichi qurib, tezroq ommaga ovoza qilinishini kutardi.

Sho‘ri qurimoq – baxtsizlikka yo‘liqmoq, xarob bo‘lmoq.

Misol: Uning sho‘ri quridi: allaqanday o‘lat yarim chorvasini olib ketdi.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments