Ommabop ona tili 10-2012

TEST TAHLILI   

(8(110) - sondagi 2-test savoli)

      Har yerni qilma orzu, 

      Har yerda bor tosh-tarozi.

Berilgan maqolda nechta lug‘aviy birlik   qo‘llangan? 

A) 8 ta            B) 6 ta           C) 7 ta              D) 9 ta

 

YECHISH: Test matni orqali qo‘shma gap shaklidagi maqol berilgan va bizdan unda nechta lug‘aviy birlik mavjudligini topish talab etilgan.

Lug‘aviy (leksik) birlik deganda so‘z (sodda, qo‘shma, juft yoki takror so‘z), frazeologik ibora va atama tushuniladi. Demak, bola, sabr; sovuqmijoz, mehnat qilmoq; apil-tapil, yaxshi-yomon; sal-pal, uncha-muncha; do‘ppisi yarimta, qulog‘iga tanbur chertmoq; bosh bo‘lak, so‘z turkumi kabi birliklar lug‘aviy birliklar sirasiga kiradi.

Endi berilgan maqoldagi lug‘aviy birliklarni sanab chiqamiz:

1) har – olmosh; 2) yerni – ot;

3) qilma orzu (orzu qilmoq) – qo‘shma fe’l;

4) har yerda – qo‘shma o‘rin ravishi;

5) bor – modal so‘z;

6) tosh-tarozi – juft ot.

 Mazkur testni to‘g‘ri yechish uchun abituriyent lug‘aviy birlik nima ekanini, har yerni va har yerda kabi qo‘llanishlar o‘rtasidagi farqni, orzu qilmoq qo‘shma fe’l sanalishini bilishi kerak bo‘lar edi.

Demak, to‘g‘ri javob – B.

 

TEST TAHLILI

(9 (111) - sondagi 2-test savoli)

Qaysi so‘zlarning gap tarkibida yakka yoki takror qo‘llanishi ularning turkumiga ta’sir ko‘rsatadi?

1) ba’zan;               2) yo(ki);               3) xoh;

4) bir;                      5) yolg‘iz;             6) ham.

A) 1,2,3,4,5,6                        B) 1,3,4,6

C) 2,4,5,6                             D) 1,4,6

 

YECHISH: Test matni orqali 6 ta so‘z berilgan va bizdan qaysi so‘zlar takror qo‘llanganda boshqa turkum vazifasida kelishini topish talab etilgan.

Bitta-bitta tahlil qilib chiqamiz.

Ba’zan so‘zi payt ravishi hisoblanadi: Ba’zan kechalari ham ishlab chiqardi. U takror qo‘llanganda esa ayiruv bog‘lovchisi vazifasini bajaradi: Ba’zan kechasi, ba’zan kunduzi ishlardi.

Yo(ki) so‘zi yakka qo‘llansa ham, takror qo‘llansa ham, ayiruv bog‘lovchisi hisoblanaveradi.

Xoh so‘zi yakka qo‘llanmaydi, u faqat takror qo‘llanadi va ayiruv bog‘lovchisi bo‘lib keladi.

Bir so‘zining sanoq son ekanini yaxshi bilamiz: Bir kulib qo‘y. Bu so‘z takror qo‘llanganda (takror so‘z bo‘lib kelganda emas) ayiruv bog‘lovchisi vazifasini bajaradi: Bir kuladi, bir yig‘laydi.

Yolg‘iz so‘zi sifat turkumiga mansub: Yolg‘iz  otning changi chiqmas. Bu so‘z faqat, birgina so‘zlari bilan bir ma’noda qo‘llanganda yuklama vazifasini bajaradi: Yolg‘iz o‘z taqdirinigina emas, boshqalarni ham o‘ylar edi. Biroq bizdan vazifadosh yordamchilarni topish emas, balki takror qo‘llanganda yordamchi bo‘lib keladigan so‘zlarni aniqlash so‘ralgan. Shu bois yolg‘iz so‘zini hisobga kirita olmaymiz.

Ham so‘zi yakka qo‘llanganda yuklama, takror qo‘llanganda esa biriktiruv bog‘lovchisi vazifasida keladi. 

Endi xulosa yasaymiz: ba’zan, bir, ham so‘zlari yakka qo‘llanganda boshqa, takror qo‘llanganda boshqa turkum vazifasini bajaradi.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

SO‘Z  TARKIBI

Kimdir nimadandir cho‘chib yuvdirsa yuvdirgandir.

-dir (kimdir so‘zidagi) – gumon yuklamasi:vazifasiga ko‘ra lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha;

-dir (nimadandir so‘zidagi) – gumon yuklamasi:vazifasiga ko‘ra lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha;

-dir (yuvdirsa so‘zidagi)  – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: fe’lning orttirma nisbat shaklini yasagan;  

-dir (yuvdirgandir so‘zidagi) – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: fe’lning orttirma nisbat shaklini yasagan;  

-dir (yuvdirgandir so‘zidagi) – gumon yuklamasi: vazifasiga ko‘ra lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha.

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments