TRAVMATOLOG

261713x400.jpg

Travmatolog kim? 

Travmatolog-ortoped - bu jismoniy jarohatlar, kuyishlar, tayanch-harakat apparatida ro‘y bergan kasalliklarni davolash va oldini olish bilan shug‘ullanuvchi vrachdir.

Travmatologning ish faoliyati nimalardan iborat?

Agar bemor oyog‘i yoki barmog‘ini sindirib olgan bo‘lsa, vrach jarohat o‘rnini ko‘zdan kechiradi, sinish bilan bog‘liq to‘la ma’lumotga ega bo‘lish uchun bemorni rentgenga yuboradi. Keyin singan joyni to‘g‘rilaydi (suyaklarni to‘g‘ri holatga keltiradi) va u yerni gipslaydi. Agar vaziyat talab qilsa, jarrohlik amaliyoti (operatsiya) o‘tkazadi. 

Bugungi kunda travmatologiya sohasi ancha rivojlanib ulgurgan. Hozirgi travmatolog-ortopedlar yaqin o‘tmishda ham ilojsiz, davosiz hisoblab kelgan og‘ir jarohat va kasalliklarni davolay olishadi. Masalan, hozirda yallig‘langan bo‘g‘imlarni to‘laligicha almashtirish imkoniyati mavjud.

Umuman olganda, travmatologiya – yuqori texnologik soha. Yangi ixtirolar, ximiklar, muhandislar, biomuhandisarning qo‘lga kirtgan yutuqlari bu sohaning rivojlanishini ta’minlamoqda. Hozirgi paytda bu soha bo‘yicha AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya yetakchilik qilyapti.

 

Bu kasb egalari qayerlarda ishlaydi?

Travmatologlar travmpunktlarda, poliklinikalarda, kasalxona va ilmiy-tadqiqot markazlarida ishlashlari mumkin. Bundan tashqari, xususiy tibbiy markazlarda ham ularning xizmatidan foydalaniladi.

Yaxshi travmatolog qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

Har ishda bo‘lgani kabi, bu kasb egalari faoliyatida ham mas’uliyat juda muhim. Harakatlarni yaxshi koordinatsiya qilish (muvofiqlashtirish), bor diqqatni ishga jalb qila olish, o‘z malakasini muttasil oshirib borish, shuningdek, sovuqqonlik va qat’iyat bilan ish ko‘ra bilish ham travmatologlardan talab qilinadigan xususiyatlar sanaladi.  

 

U qanday bilimlardan boxabar bo‘lishi kerak?

Anatomiya, fiziologiya va umumtibbiyot fanlaridan tashqari travmatolog tayanch-harakat apparati tizimi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishi, diagnostika va davolash metodikalarini o‘zlashtirishi, rentgen va tomografik suratlarni “o‘qiy olishi”, qo‘l bilan amalga oshirilajak zarur davolash amallaridan boxabar bo‘lishi kerak.

Travmatolog bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

Travmatolog-ortoped bo‘lish uchun yurtimizdagi tibbiyot institutlarida “Travmatologiya va ortopediya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’limni tamomlash kerak bo‘ladi. Oliy ta’lim yetti yillik bakalavriat va uch yillik magistraturani o‘z ichiga oladi. Abituriyentlarimiz bakalavriat uchun hujjat topshirishgach, 1-avgust sanasida bo‘ladigan kirish imtihonida quyidagi fanlardan test sinovi topshiradilar:

1. Biologiya

2. Kimyo

3. Ona tili va adabiyot

Travmatolog bo‘lish niyatida o‘qib-izlanayotgan abituriyentlarga omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Nilufar ESANOVA tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments