TILLA BALIQCHA

Assalomu alaykum.

Omad haqida so‘z borganda ko‘pchilikning yodiga birinchi galda tilla baliqcha keladi. Yana kimdir jinchiroqqa, yana boshqalar Xizr boboga  yo‘liqsam-u, maqsadlarimga bir onning o‘zida erishsam, deydi. Ha, xayol – ajoyib narsa, biroq xayol boshqa, hayot boshqa. Mayli, tilla baliqchani qo‘lga kiritdingiz ham deylik, keyin-chi?

fish-clock.jpg

Bir yigit nochor ahvolidan nolir ekan. Nimadir bo‘libdi-yu, tilla baliqcha uning qo‘liga tushib qolibdi.Tilla baliqcha tilga kirib:

 - Meni qo‘yib yuborsang, uchta tilagingni bajo keltiraman, - debdi. Yigit xush kayfiyatda tilaklarini bayon qilibdi:

 - Uyim hashamatli qasrga aylansa, chiroyda tengi yo‘q ayol xotinim bo‘lsa va tuganmas davlatga ega bo‘lsam deyman.

Yigit ko‘zini ochib qarasa, hammasi u xohlagandek bo‘lib qolibdi: qasr, nozanin, boylik. 

Yillar o‘tibdi.

Yigit dengiz bo‘yiga borib,  hayotidan noliy boshlabdi. U so‘zlarim tilla baliqchaga yetib boradi, degan o‘yda edi. “Men istagan narsalar yonimda bo‘lsa-da, negadir hayotdan oldindagiday zavq ololmayapman”, - debdi u suvlarga qarab. Uning ohlarini tinglagan tilla baliqcha ko‘rinish beribdi va debdi:

 - Axir sen qasr so‘rading, fayz emas; sen go‘zal ayolni istading, sevgini, mehrni emas; sen boylikni tanlading, xotirjamlik yoki quvonchni emas.    

Ha, hayotda ko‘pchiligimiz mohiyat qolib, vositalarga ilakishib qolganmiz. Shu bois ham maqsad qo‘yishda ba’zan noto‘g‘ri yo‘lni tanlaymiz.

Biror kasb orqali hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan bir yigit tilla baliqchani tutib, shu bilan ishlari o‘nglanib ketishiga umid bog‘labdi. Har kuni baliq tutar, lekin tilla baliqchadan darak yo‘q emish. Tutgan baliqlarini bozorga olib chiqib pullar va shu bilan kuni  o‘tar ekan. Yigit o‘z ishiga shunday qattiq kirishgan ediki, har kungi muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin ham umidsizlikka tushmabdi. Aksincha, kundan kun ko‘proq baliq tuta boshlabdi. 

Biroq kuni kelib, yigit tilla baliqchani qo‘lga kiritish fikridan voz kechibdi. Lekin u har kuni baliq oviga chiqar ekan. O‘ylab qarasa, u tilla baliqchadan so‘ramoqchi bo‘lgan narsasiga – bir kasb qilib, hayotda o‘z o‘rnini topib olish maqsadiga erishib bo‘libdi. 

Yigitning bosh maqsadi, haqiqatda ham, tilla baliqchani tutish emas, balki u orqali ishlarini o‘nglab olish edi. Taqdir ham uni harakatlari uchun munosib taqdirladi. Ha, harakatda gap ko‘p.  

Bir kishi baliq yegisi kelibdi va qarmoqni olib, daryoga boribdi. U yerda bir baliqchi ov qilayotgan ekan. Bizning qahramon ham suvga ilmoq tashlabdi. Ittifoqo, uning qarmog‘iga tilla baliqcha ilinibdi. Tilla baliqcha bisotidagi bor yaxshi so‘zlarni aytibdi, agar qo‘yib yuborsa, xohlagan uchta tilagini bajo keltirishni va’da qilibdi. Anavi kishi esa yonidagi maxsus bolg‘acha bilan tilla baliqchaning kallasiga uribdi va uni o‘ldirib, to‘rvasiga solib qo‘yibdi. 

Nimaga deb o‘ylaysiz? Sababi oddiy: u kishi kar edi. Baliqning gapirishi unga oddiy og‘iz harakatlari bo‘lib tuyulgan edi. Ha, biz ko‘p imkoniyatlarimizni o‘zimiz bilmagan holda yo‘qqa chiqaramiz. Buning yomon joyi yo‘q, yomoni hikoyaning davomida.

Bu holning guvohi bo‘lib turgan ovchi haligi odamdan nega bunday qilganini so‘rabdi. Uning gung ekanligini bilgach, hozirgina tilla baliqchani qo‘ldan chiqarganini unga bir amallab tushuntiribdi. Gung odam bundan qattiq afsuslanibdi. U hozir ham bu nadomat botqog‘idan qutula olmay yurgan emish.  

O‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan holda omad bizni chetlab o‘tsa-yu, undan afsuslanib yursak, bu yomon. Bu – donolikning ayni aksi. (Biz bu o‘rinda nodonlik so‘zini qo‘llashga jazm etmadik) Bu holatda-ku, vaziyatni biz hal qilmadik. Ba’zan shunday bo‘ladiki, latifa qahramonidan farqimiz qolmaydi.

Latifa.

Bir kishi tilla baliqcha tutib olibdi. Tilla baliqcha tilga kirib, uchta tilak haqidagi va’dasini so‘z bilan bildiribdi. Shunda haligi kishi aytibdiki:

 - Birinchi tilagim shuki, sen uch emas, to‘rtta tilagimni bajo keltirasan.

Tilla baliqcha: “Men ahmoqlarga xizmat qilmayman”, - debdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Bu kishining ahmoqligini tushundingiz: baribir yana uchta tilak qolyapti. U 100% o‘ziga bog‘liq bo‘lgan holda imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. Mana bu holat afsuslanishga arziydi, dersiz. Yo‘q. Bobolarimiz qo‘ldan ketganga g‘am chekish yaramasligini uqtirib o‘tishgan. Aksincha, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish va ikkinchi bor shunday ahvolga tushmaslik oqillikdan nishonadir, deyishgan. 

Biz tilla baliqcha bahonasida hammamiz, shu jumladan, abituriyentlarimizda uchrab turadigan ayrim muammolarga qisqacha to‘xtaldik. Doim oldimizga oliy maqsadlar qo‘yaylik va shunga yarasha harakat qilaylik. To‘rimizga tilla baliqcha ilinsa-ku, xo‘p-xo‘p, ilinmasa ham tilla baliqchadan so‘raydiganlarimizga erishsak bo‘lar ekan.  Hammasi o‘zimizga bog‘liq.

Omon bo‘ling!

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments