Ommabop ona tili 9-2012

TEST TAHLILI   

(8(110) - sondagi 1-test savoli)

So‘z yasalishi haqidagi to‘g‘ri mulohazalarni aniqlang.

1. Buyruq-istak maylidagi fe’ldan -chi qo‘shimchasi orqali ot yasash mumkin.

2. Orttirma nisbat shaklidagi fe’ldan -ma qo‘shimchasi orqali ot yasash mumkin.

3. Barcha taqlid so‘zlardan fe’l yasalishi mumkin.

A) 1, 2, 3             B) 1, 3                  C) faqat 2            D) 1, 2

 

YECHISH: Test matni orqali bizga uchta mulohaza berilgan va ulardan qaysilari to‘g‘ri ekanini topish talab etilgan.

Qaydlarni birma-bir ko‘rib chiqamiz:

1. Buyruq-istak maylidagi fe’ldan -chi qo‘shimchasi orqali ot yasash mumkin.

Bunday yasalish kam bo‘lsa-da, ammo mavjud. Tilan, suyun so‘zlariga -chi qo‘shimchasini qo‘shish orqali tilanchi, suyunchi so‘zlari yasaladi. Demak, to‘g‘ri javobda 1 raqami bo‘lishi shart.

2. Orttirma nisbat shaklidagi fe’ldan -ma qo‘shimchasi orqali ot yasash mumkin.

Ko‘rgazma, ko‘rsatma so‘zlari ushbu fikrning ham to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi.

3. Barcha taqlid so‘zlardan fe’l yasalishi mumkin.

Bu fikr kishida shubha uyg‘otishi yoki uni biroz o‘ylantirib qo‘yishi mumkin. Negaki, taqlidlarning ayrimlaridan yoki ko‘pchiligidan emas, balki barchasidan fe’l yasalishi mumkin degan fikr olg‘a surilyapti. Bu testni yechishda amaldagi “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligining II qismida berilgan ma’lumotga asoslanish kerak bo‘ladi. Shu darslikning 260-sahifasida “Taqlid so‘zlarning barchasidan fe’l yasaladi” degan qayd mavjud. 

Endi xulosa yasasak bo‘ladi.

Demak, to‘g‘ri javob – A.

 

TEST TAHLILI   

 (7 (109) - sondagi 21-test savoli)

Muzaffarning lo‘ppi yuzidagi achinish alomati xushnud tabassum bilan almashdi.Ushbu gapdagi otli so‘z birikmalarining soni nechta?

A) 5 ta           B) 6 ta               C) 4 ta             D) 7 ta 

YECHISH: Test matni orqali bir jumla berilgan va bizdan undagi otli birikmalarning nechtaligini topish talab etilgan.

Otli birikma deganda hokim so‘zi fe’ldan boshqa turkumlar bilan ifodalangan tobe birikma tushuniladi. Avval barcha birikmalarni aniqlab chiqamiz, keyin ular ichidan otli birikmalarni saralab olamiz. Boshladik:

1) tabassum bilan almashdi;  

2) xushnud tabassum; 3) achinish alomati;

4) yuzidagi alomat; 5) lo‘ppi yuz;

6) Muzaffarning yuzi.

Bu olti birikma orasidan faqat bittasi (tabassum bilan almashdi) otli birikma hisoblanmaydi. Qolganlarining soni, tabiiyki, beshta.

Demak, to‘g‘ri javob – A.

 

          SO‘Z  TARKIBI

Karvon ko‘rdim: Tuyalari bo‘zlab borar.

karvon – asos;

-ni – belgisiz qo‘llangan sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: tushum kelishigi ko‘rsatkichi;

ko‘r – asos;

-di – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: aniq o‘tgan zamon shaklini yasagan;

-m – sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: I shaxs birlik shaklidagi shaxs-son ko‘rsatkichi;

tuya – asos; 

-lar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: ko‘plik shaklini yasagan.

-i – sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: III shaxs birlikdagi egalik qo‘shimchasi;

bo‘z  – asos: yig‘i ma’nosidagi ot;

-la – so‘z yasovchi qo‘shimcha: otdan fe’l yasagan;

-b – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: holat ravishdoshi shaklini yasagan;

bor – asos:

-ar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: aniq kelasi zamon qo‘shimchasining badiiy adabiyotdagi ko‘rinishi.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments