Ommabop ona tili 8-2012

TEST TAHLILI

(7 (109) - sondagi 16-test savoli)

Olmoshlarning qaysi turida ko‘plik va kelishik qo‘shimchalarining so‘z o‘rtasiga qo‘shilishi kuzatiladi?

A) o‘zlik olmoshida

B) belgilash olmoshlarida

C) bo‘lishsizlik olmoshlarida

D) gumon olmoshlarida

 

YECHISH: Test matni orqali bizdan -lar  va –ni qo‘shimchalari qaysi olmoshning oxiriga emas, balki o‘rtasiga qo‘shilishini topish talab etilgan.

Variantlarni birma-bir ko‘rib chiqamiz:

A) o‘zlik olmoshida

O‘zim + ni. Demak, so‘z oxiriga qo‘shilyapti.

B) belgilash olmoshlarida

Hamma + ni, har kim + ni. Bu yerda ham faqat so‘z oxiriga qo‘shilyapti.

C) bo‘lishsizlik olmoshlarida

Hech kim + ni. O‘z-o‘zidan, to‘g‘ri javob D ekani ma’lum bo‘lyapti. Biroq, baribir, tekshirib ko‘rish kerak.

D) gumon olmoshlarida

Allakim + ni, kim + ni + dir, kim + lar + dir, kim + lar + ga + dir. Ha, -dir qo‘shimchali gumon olmoshlarida ko‘plik va kelishik qo‘shimchalarining o‘rni so‘z o‘rtasida ekan.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

TEST TAHLILI

(6 (108) - sondagi 20-test savoli)

 

Qaysi gapda imloviy xatolikka yo‘l qo‘yilganligini aniqlang. 

1. Atrof jim-jit.

2. Mana, qorbobo tashrif buyurmoqda.

3. Mehmonlar kelishayapti.

4. Orzuyim amalga oshdi.

A) 1, 2, 3, 4                    B) 3, 4

C) faqat 3                       D) 1, 2 

 

YECHISH: Test matni orqali 4 ta gap berilgan va ularning qaysinisida (yoki qaysilarida) xato yozilgan so‘z borligini aniqlash talab etilgan.

 Avvaldan aytib qo‘ya qolamiz, to‘g‘ri javob – A. Javobning A ekanligi berilgan barcha gaplarda imloviy xatolik mavjudligini anglatadi. Har bir gapdagi xatolikni to‘g‘rilab chiqamiz:

1. Atrof jim-jit.

     To‘g‘ri varianti: Atrof jimjit.

2. Mana, qorbobo tashrif buyurmoqda.

      To‘g‘ri varianti: Mana, Qorbobo tashrif buyurmoqda.

3. Mehmonlar kelishayapti.

    To‘g‘ri varianti: Mehmonlar kelishyapti.

4. Orzuyim amalga oshdi.

      To‘g‘ri varianti: Orzum amalga oshdi.

 

SO‘Z  TARKIBI

 

Karvon ko‘rdim: Tuyalari bo‘zlab borar.

karvon – asos;

-ni – belgisiz qo‘llangan sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: tushum kelishigi ko‘rsatkichi.

ko‘r – asos;

-di – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: aniq o‘tgan zamon shaklini yasagan;

-m – sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: I shaxs birlik shaklidagi shaxs-son ko‘rsatkichi;

tuya – asos; 

-lar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: ko‘plik shaklini yasagan.

-i – sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: III shaxs birlikdagi egalik qo‘shimchasi;

bo‘z  – asos: yig‘i ma’nosidagi ot;

-la – so‘z yasovchi qo‘shimcha: otdan fe’l yasagan;

-b – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: holat ravishdoshi shaklini yasagan;

bor – asos:

-ar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: aniq kelasi zamon qo‘shimchasining badiiy adabiyotdagi ko‘rinishi.

Mansur SIDDIQOV

 

 

0 ta izoh

There are no comments