I N K A S S A T O R

Inkassator kim?

Inkassator tashkilot va muassasalardan pul mablag‘larini qabul qilib, bankka olib borish va topshirish bilan shug‘ullanuvchi shaxs hisoblanadi. 

Uning vazifasi nimalardan iborat?

- pul mablag‘larini do‘kondan bankka olib borish;

- naqd pul mablag‘larini bankdan korxonaga (masalan, oylik maoshlarni to‘lash uchun) olib borish;

- pul mablag‘lari inkas-satsiyasini amalga oshirish;

-  ban-komatlarni naqd pul bilan to‘ldirish;

- to‘lov terminallaridan naqd pul chiqarib olish;

- do‘kon va banklardagi kassirlar hamda buxgalterlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turish. 

Inkassa.jpg

Inkassatorning vazifalariga quyidagilar ham kiradi: o‘z jamoasi a’zolari va tashiyotgan pul mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash; ilova qilingan hujjatlarni rasmiylashtirish to‘g‘ri amalga oshirilganligini tekshirish; o‘qotar qurollardan o‘ta ehtiyot bo‘lib (qonun doirasida va belgilangan vaziyatlar uchun) foydalanish.

Bu kasbning o‘ziga xosliklari nimada ko‘rinadi? 

Inkassatorlar kun bo‘yi va har qanday ob-havoda katta qiymat va og‘irlikdagi pullarni tashishlari, ularni va o‘z jamoa a’zolarini muhofaza qilish uchun maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lishlari, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarida o‘ta aniqlik bilan ishlashlari, o‘qotar qurollardan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishlari talab etiladi. Shu bois ular fizik va psixologik qiyinchiliklarga doim tayyor bo‘lishlari kerak.

Bu kasb egalari qayerlarda ishlaydi?

Inkassatorlar Davlat inkassatsiya xizmatida, tijorat banklarining maxsus xizmatlarida, bankdan tashqari kredit tashkilotlarida faoliyat olib borishlari mumkin.

Inkassator bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

Inkassator bo‘lish uchun oliy ta’lim talab etilmaydi. Lekin o‘rta ta’lim tamomlangan va harbiy xizmat muddati o‘talgan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, maxsus tayyorlov kurslarini tugatish kerak bo‘ladi. Sohaga doir hujjatlarni to‘ldirish bo‘yicha ma’lumotlar va o‘qotar qurollardan foydalana olish ko‘nikmasini egallash zarur talablar sirasiga kiradi. Yaxshi jismoniy holat va tarjimayi holning “toza” bo‘lishi haqida ham shunday deyish mumkin. 

Shularga qaramay, to‘liqsiz oliy yoki oliy ma’lumot karyera (xizmat darajasi)ning oshishida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berishi mumkin. Agar inkassator huquqshunoslik, jismoniy tarbiya yoki harbiy sohalardagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan bo‘lsa, unga ish jarayonini tashkil etish va “ko‘tarilish” osonroq kechadi. Bu uch yo‘nalishdagi o‘quv muassasalaridan biriga hujjat topshirgan abituriyent ona tili va adabiyot, OTM talabiga ko‘ra, tarix, ingliz tili yoki biologiya, shuningdek, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihondan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Biz barcha abituriyentlarga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Nilufar ESANOVA tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments