QAYERGA HUJJAT TOPSHIRSAM EKAN?!

Sanat asari.jpg

Bu savol har bir abituriyent xayolining bir chetida o’z javobini kutib turgan bo’lsa, ajabmas. To’g’ri, kam sonli bo’lsa-da, o’z hujjatlarini qaysi oliy o’quv yurtiga topshirish borasida yakuniy qarorga kelgan abituriyentlarimiz ham bor. Ular ishni boshidan aniq maqsad bilan boshlashgan. Hozir ularga qancha gapirmaylik, foydasi yo‘q. 

Oramizda hali o’z yo‘nalishini aniqlay olmagan abituriyentlar ham uchraydi. Bizning ularga aytar gapimiz yo’q. Hozir taqdim etadigan mulohazalarimiz, asosan, yo‘nalishini aniqlab olgan, lekin o‘quv yurtini tanlamagan abituriyentlarga atalgan. 

Xo‘sh, bunday abituriyentlar qanday faktorlar asosida oliy o‘quv yurtlarini tanlaydilar?

To’play oladigan ball: Ochig‘i, bu faktor juda ko‘p abituriyentlar uchun muhim hisoblanadi. Ayniqsa, bu yil talaba bo‘lmasam bo‘lmaydi, deb hisoblaydigan abituriyentlar aynan o‘tish balli pastroq yoki o‘zlari to‘play oladigan ballga mos keladigan joylarni tanlaydilar.  

Aslida, o‘quv yurti tanlashning bunday usuli ancha mantiqli. Masalan, balli past bo‘lib, bizga umuman qizig‘i bo‘lmagan yo‘nalishga topshirish va u yerda to‘rt yil umrni o‘tkazish mana shu to‘rt yilni behuda sarflashdan boshqa narsa emas. 

Deylik, biz iqtisodiyot yoki buxgalteriya yo‘nalishi doirasida mutaxassis bo‘lmoqchi bo‘lsak, shunday yo‘nalishga ega bo‘lgan oliygohlar ballarini solishtirib, kuchimiz yetadigan joyga topshiramiz. Bu, albatta, to‘g‘ri ish. Chunki, professional kasb egasi bo‘lish oliy o‘quv yurtidan ko‘ra ko‘proq talabaning izlanishlariga bog‘liq. Qaysi oliygohda o‘qishidan qat’i nazar kasbining sirlarini e’tibor bilan o‘rgansagina u kasbining haqiqiy ustasi bo‘ladi. Universitetning mavqeyi haqida biroz keyin…

Demak, oliygoh tanlashning bu usuli anchagina foydali.

Universitetning mavqeyi: Insonmiz, hammamiz ham eng yuqori cho‘qqiga chiqishni xohlaymiz. Eng kuchli bo‘lishni xohlash odam farzandiga xos xususiyat. Lekin kuchli bo‘lish uchun qadamni katta tashlash shart emas. Aytmoqchimizki, oliy o‘quv yurti maqsadimiz yo‘lidagi bir qadam, xolos. O‘sha dong‘i ketgan universitetda beriladigan bilimlarni barcha oliy o‘quv yurtlarida ham o‘rgatishadi. 

GoldMan_20191.jpg

Ota-ona xohishi: Kam sonli bo‘lsa-da, ota-onasining xohishi bilan juda baland dorga osiladigan abituriyentlarimiz mavjud. Baland dor deyishimizning sababi ota-onalarimiz bizni eng nufuzli dargoh talabasi bo’lishimizni, undan so’ng katta-katta muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritishimizni istashadi.   Biroq ota-onamiz xohishini amalga oshira olishga bizning kuchimiz yetadimi? Yoki  ota-onalarimiz tanlagan yo‘nalish orqali ega bo‘ladigan kasbimizga bizda qiziqish bormi?  

Bir-ikki yil omadsizlikka uchragan abituriyentlarning ota-onalari endi qayerga bo‘lsa ham kirsa bo‘ldi, degan fikrga kelishadi. Afsuski, bu vaqtda o‘sha abituriyentlar ancha vaqtlarini yo‘qotib bo‘lishadi.

Aslida, ota-onangiz bilan o‘tirib, vaziyatni aniq-oydin tushuntirish – sizning vazifangiz. Ular bilan bu masalada kelishib olmasangiz, tortishishga ko‘p vaqtingiz va asabingizni qurbon qilasiz.

Falonchining shu yerda o‘qishi: Aslida, bu punktning qo‘yilishi juda kulgili. Toshkent shahrida yigirmaga yaqin oliy o‘quv yurti bo‘lib, u yerda ham bir necha “falonchilar” o‘qiydi. Bizning egallaydigan kasbimiz, bizning kelgusida qanday mashg‘ulot bilan band bo’lishimizni belgilab beradi. Kimdir uchun butun kelajakni qurbon qilib yuborilishini o‘ylab ko‘rsak… 

O‘sha do‘stimiz yoki yaqinimiz bilan universitetdan bo‘sh paytimizda ham ko‘rishishimiz mumkin-ku. Afsuski, kimdir uchun yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan abituriyentlarning mavjudligi bu punktni kiritishga majbur qildi. Lekin sizning bunday qilmasligingizga biz ishonamiz.

Sizlarga oliy o‘quv yurtini tanlashda barcha plyus-minuslarni o’ylab ko’rishingizni maslahat beramiz.  Bu borada abituriyentlarimizga biroz bo’lsa-da yordam berish maqsadida Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining o‘tish ballari gazetamizning keyingi sonidan berila boshlanadi. 

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

There are no comments