QALB KO‘ZOYNAGI

Assalomu alaykum.

Mavzuni siz-u bizga yaxshi tanish bo‘lgan hikoyatdan boshlaymiz.

Ko‘zi ojiz kishi tunda bir qo‘lida mash’ala ko‘targan ko‘yi borardi. Shunda boshqa bir kishi unga yaqinlashdi va qiziqib so‘radi:

 - Ey birodar, ko‘zlaring ko‘rmas ekan, mash’ala ko‘tarib olganingdan nima naf?

Ko‘zi ojiz javob berdi:

 - Men-ku, yo‘limni topib ketaman. Ammo ko‘zi sog‘lar meni turtib ketishlaridan xavotirdaman.

Latifanamodek tuyulgan bu hikoyatda ko‘zi ojiz ham, mash’ala ham, ko‘zi sog‘lar ham ramziy ma’noda qo‘llangan. Insonning asl mavqeyini sog‘lom ko‘zlar emas, balki qalb ko‘zi belgilab beradi. Hamma bir narsaga qaragani bilan har xil narsani ko‘radi. Nimani ko‘rish yoxud qanday ko‘rish qalb ko‘zining tiniq yo xiraligiga bog‘liq.   

Biz ko‘zimizning ko‘rish qobiliyati susayganda ko‘zoynak taqamiz. Ko‘zoynak yaxshiroq ko‘rishimiz, qobiliyatimizning yanada susaymasligi va tezroq tiklanishida muhim rol o‘ynaydi. Agar undan muhimroq a’zomiz, ya’ni qalb ko‘zimiz xira tortib qolsa-chi?! Unda nima taqamiz? Qalb ko‘zimizning “ko‘zoynagi” bizning yaxshi xulqimiz sanaladi. Yomon xulq va uning ortidan qiladigan niyatlarimiz, xatti-harakatlarimiz qalb ko‘zimiz xiralashishi, oxir-oqibat ko‘r bo‘lib qolishiga olib keladi. Yaxshi xulq bilan esa bu “ko‘z” tiniqlasha boradi. Xo‘sh, ilm olayotgan abituriyent qanday xulqqa ega bo‘lishi kerak?

Inson eng haqir, eng oddiy narsadan – tuproqdan, xokdan yaralgan. Shu bois uning bosh sifati xokisorlik, kamtarlik bo‘lmog‘i kerak. Ilm olishda bu sifat juda muhim sanaladi. “Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” degan hikmatli so‘z bor. O‘zidan kichikni mensimaganligi, tengdoshini tan olgisi kelmayotganligi, birovga bilimsiz bo‘lib ko‘rinib qolishdan xavotirlanayotgani uchun bilmagan narsasini so‘ramaydigan kishilarda kamtarlik sifati yetishmaydi. Uning o‘rnini kibr egallagan. Kibr esa insonni shayton bilan bog‘lovchi asosiy vositadir. 

prosto ochki copy1.jpg

Ilm olishda, shuningdek, nekbinlik muhim ahamiyatga ega. Nekbinlik – bu optimistlik degani. O‘qishga-ku, o‘qiyapman, ammo baribir testda bu narsalar tushadimi, yo‘qmi? Uch-to‘rt yildan beri tayyorgarlik ko‘rayotganlar bu narsalarni suv qilib ichvorgan bo‘lsa kerak. Ulardan baribir o‘tib ketib bo‘lmaydi. Bu kabi fikrlash yaramaydi. Harakatimizga yarasha barakat va’da qilingan. Buni, hatto, toshbaqa ham biladi. Agar u ham pessimist bo‘lganida, baribir qush kabi ucholmayman, ohuday chopolmayman, baliqday suzolmayman, kenguruday sakrolmayman degan o‘y bilan yashaganida, bir qadam jilmay, yotavergan bo‘lar edi.                       Men<toshbaqa. Yoqimsiz-a? 

Ilmimizning barakasini ta’minlovchi vositalardan yana biri ixlosdir. Tomas Edison chiroqni yaratish ustida yuzlab (!) muvaffa-qiyatsizlik-larga uchragan. Biroq ishiga bo‘lgan fidoyiligi uni chekinmaslikka undadi. Shu ixlosning samarasi uni tarixga muhrladi. Biz ixlos bilan pishirilgan palovning mazali, ixlos bilan bastalangan kuyning yoqimli bo‘lishini bilamiz. Ilm ham ixlos bilan to‘kis bo‘ladi. Bu mavzuning mana shu joyini o‘zlashtirmasam ham bo‘laveradi. Menga shu ma’lumotning o‘zi ham kifoya. Bir ko‘z yugurtirib chiqsam bo‘ldi-da. Bu kabi o‘ylar ma’lumotlarimizning chala bo‘lib qolishiga olib keladi. Bu o‘y bilan faqat chala talaba bo‘lish mumkin. Talabaning esa chalasi bo‘lmaydi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ilm olish qarsak chalish emas. Bilim egallashdan avval shu qilmoqchi bo‘lgan ishimizning muhimligini anglab yetishimiz zarur. Ko‘zimiz xiralashsa, kitob o‘qiy olmaganimiz kabi qalb ko‘zimizga g‘ubor qo‘nsa, ilm olishimiz mushkullashadi. Shu bois “ko‘zoynak”siz yurmang. Zero, u hamrohlarimizning eng yaxshisidir.

 

0 ta izoh

There are no comments