Ommabop ona tili 7-2012

TEST TAHLILI   

    (6 (108) - sondagi 1-test savoli)

Qaysi gapda II shaxs egalik qo‘shimchasini qabul qilgan ko‘rsatish olmoshi qo‘llangan?

A) Buning nimasi yomon?

B) Unim yo‘q, bunim yo‘q, Ro‘zg‘orda unim yo‘q.

C) Buning nomi “Sindirish” deb ataladi.

D) Buning meni bir kuni aqldan ozdiradi.

 

YECHISH: Test matni orqali bizdan qaysi gapdagi ko‘rsatish olmoshiga  II shaxs egalik qo‘shimchasi (-(i)ng yoki –(i)ngiz) qo‘shilib kelganini topish talab etilgan.

Ishga kirishishdan avval shuni yodda tutish kerakki, ko‘rsatish olmoshlariga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda bir n tovushi orttiriladi va shunday yoziladi: bunim, buning, bunisi kabi. Bir n orttirilishi sababli II shaxs birlik sondagi egalik qo‘shimchasini qabul qilgan ko‘rsatish olmoshi (buning so‘zi) bilan qaratqich kelishigi shaklidagi ko‘rsatish olmoshi (buning so‘zi) shaklan teng bo‘lib qoladi.  Shu bois berilgan testni yechishda ko‘rsatish olmoshining II shaxsdagi shakli bilan qaratqich shaklini aralashtirib yubormaslik kerak. 

Har bir variantni ko‘rib chiqamiz.

A) Buning nimasi yomon?

Bu gapda nimasi so‘zi tarkibidagi egalik qo‘shimchasi (-si ) undan oldingi so‘zning qaratqich kelishigi shaklida ekanini bildirib turibdi. Qolaversa, gapni Bu narsaning nimasi yomon ko‘rinishida qayta shakllantirsak, hamma narsa oydinlashadi-qo‘yadi.

B) Unim yo‘q, bunim yo‘q, Ro‘zg‘orda unim yo‘q.

Tushirilgan otlarni o‘rniga qo‘yib, gapni qayta shakllantiramiz: U narsam yo‘q, bu narsam yo‘q. Narsam so‘zidan ma’lum bo‘ladiki, ko‘rsatish olmoshi tarkibida egalik qo‘shimchasi mavjud. Biroq u bizdan talab etilgan qo‘shimcha (II shaxsdagi egalik qo‘shimchasi) emas, balki I shaxs birlik sondagi egalik qo‘shimchasidir.

C) Buning nomi “Sindirish” deb ataladi.

Ellipsisga uchragan otni qayta tiklaymiz: Bu narsaning nomi “Sindirish” deb ataladi. Narsa so‘zi tarkibida egalik emas, qaratqich kelishigi ko‘rsatkichi (-ning ) paydo bo‘ldi. Demak, C variant to‘g‘ri javob bo‘la olmaydi.

D) Buning meni bir kuni aqldan ozdiradi.

Otlashish hodisasini yo‘qotamiz: Bu bolang (o‘g‘ling, qizing, odaming, narsang…) meni bir kuni aqldan ozdiradi. Bolang so‘zi II shaxs shaklida (sening bolang) ekani, uning tarkibidagi -ng birligi esa egalik qo‘shimchasi ekanligi ortiqcha izoh talab etmaydi. Biz izlagan unsur D variantda ekan.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

SO‘Z  TARKIBI

Choy-poy

choy – asos;

poy – asos: choy so‘zining tovush o‘zgarishi bilan aytilgan shakli.

 

Anjonchasiga

Anjon (Andijon)  – asos;

-chasiga – so‘z yasovchi qo‘shimcha: otdan holat ravishi yasagan. 

 

Kirishimli

kirish  – asos: kirishmoq fe’lining buyruq-istak maylidagi shakli;

-imli – so‘z yasovchi qo‘shimcha: fe’ldan sifat yasagan. 

Mansur SIDDIQOV

 

0 ta izoh

There are no comments