Ommabop ona tili 6-2012

TEST TAHLILI   
 (5 (107) - sondagi 21-test savoli)
Qaysi qatorda sifatdosh shaklini hosil qiluvchi -ar qo‘shimchasi qo‘llangan?
A) Bu kunlar o‘tar, ketar.
B) Bor, qo‘ylarni qaytar.
C) Bo‘lar-bo‘lmasga xafa bo‘laverar edi.
D) Bizga ham baxt kulib qolar.
 
YECHISH: Test matni orqali bizdan qaysi gapda -ar qo‘shimchali sifatdosh borligini topish talab etilgan.
Ma’lumki, fe’l turkumi bilan bog‘liq 5 xil -ar qo‘shimchasi mavjud:
1) sifatlardan fe’l yasovchi qo‘shimcha: oqar, ko‘kar;
2) orttirma nisbat shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha: boringni chiqar, uni ortga qaytar;
3) kelasi zamon sifatdoshini hosil qiluvchi qo‘shimcha: qaytar dunyo, oqar suv;
4) kelasi zamonni gumon-taxmin ma’nosida ifodalovchi qo‘shimcha: Balki, u ertaga kelar;
5) aniq kelasi zamon qo‘shimchalari (-a/-y) ning badiiy adabiyotdagi ko‘rinishi: Umr o‘tar, vaqt o‘tar.
Abituriyent bilishi lozimki, sifatdoshning -(a)r qo‘shimchasi boshqa bir qo‘shimcha (-adigan/-ydigan) bilan almashib qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, u gap oxirida kesim bo‘lib ham kelmaydi (ayrim otlashgan o‘rinlar bundan mustasno). Shu fikrlarni yodda tutgan holda, har bir variantni bitta-bitta tahlil qilib chiqamiz:
A) Bu kunlar o‘tar, ketar.
Badiiy uslubga xos bu jumla Bu kunlar o‘tadi, ketadi ma’nosini anglatadi. Sezgan bo‘lsangiz kerak, bu o‘rindagi -ar shakli yuqorida 5-tartib raqami bilan tilga olgan qo‘shimchamizning ayni o‘zi.
B) Bor, qo‘ylarni qaytar.
Qo‘ylar qaytadi, kimdir ularni qaytaradi. Orttirma nisbat shaklidagi fe’l qo‘llangan gaplarning ma’nosi ana shunday qo‘sh jumla orqali ifodalanishi mumkin. Qolaversa, bu yerda qaytar so‘zi tarkibidagi qo‘shimchani -adigan bilan almashtirib qo‘llab bo‘lmaydi. Mana o‘zingiz ko‘ring: Bor, qo‘ylarni qaytadigan.
C) Bo‘lar-bo‘lmasga xafa bo‘laverar edi.
Ushbu gapdagi xafa bo‘laverar edi fe’li o‘rniga xafa bo‘laveradigan edi shaklini qo‘llab bo‘lmaydi.
D) Bizga ham baxt kulib qolar.
Bu jumlada gumon-taxmin ma’nosi ifodalanganini sezish qiyin emas. -ar qo‘shimchali shakl taxminni ifodalayotgan ekan, demak, u kelasi zamonning qo‘shimchasi. 
U holda sifatdosh shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha qani?
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, biz faqat kesim vazifasidagi bo‘laklarni tahlil qildik. Holbuki, yuqorida sifatdoshning kamdan-kam holatlarda, shunda ham otlashib kelgan o‘rinlarda kesim vazifasini bajarishi haqida sizni ogohlantirgan edik. Testni shu taxlit, ya’ni aniq maqsad qo‘yilmagan holda yechish bizni noto‘g‘ri javoblar sari yetaklaydi.
C variantni qayta ko‘rib chiqamiz.
Bo‘lar-bo‘lmasga xafa bo‘laverar edi.
Bu gapdagi bo‘lar-bo‘lmasga shakli otlashgan sifatdosh sanaladi. Aslida, gap Bo‘lar-bo‘lmas narsaga xafa bo‘laverar edi shaklida bo‘lishi kerak edi. Sifat turkumiga ko‘chib ketish ostonasida turgan bo‘lar-bo‘lmas fe’li tarkibidagi qo‘shimchalarni -adigan va -maydigan bilan almashtirib ko‘rsa bo‘ladi.
Demak, to‘g‘ri javob – C.
 
SO‘Z  TARKIBI
Tinchliksevarlik
tin – asos;
-ch – so‘z yasovchi qo‘shimcha: fe’ldan sifat yasagan;
-lik – so‘z yasovchi qo‘shimcha: sifatdan ot yasagan;
sev – asos;
-ar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: kelasi zamon sifatdoshi shaklini yasagan;
-lik – so‘z yasovchi qo‘shimcha: tinchliksevar sifatidan ot yasagan.
 
Bodroq
bodra  – asos: qappay(moq), bo‘rtib chiq(moq) ma’nosidagi fe’l;
-q – so‘z yasovchi qo‘shimcha: fe’ldan narsa oti yasagan. 
Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments