NON-STOP

Assalomu alaykum.

Jadal rivojlanayotgan, to‘xtov bilmay o‘zgarayotgan zamonda yashayapmiz. Kecha xarid qilgan telefonimiz bugun ishlab chiqarilganlari oldida “keksa avlod vakili”ga aylanib qolyapti. Kundalik yangiliklar, muhim ma’lumotlar shu qadar ko‘payganki, hazm qilish tugul bir marta tanishib chiqishga imkon topolmaysiz. Internet, TV dasturlar kishilar hayotiga shunchaki mehmon bo‘lib kirib keldi emas, balki uning to‘ridan joy olib ham bo‘ldi. Ehtiyojlar hamma xizmatlarning non-stop rejimiga o‘tishini talab qilyapti. Savdo va xizmat joylarida “24” sonini ko‘rgan kishi hozir ajablanmaydi. Ha, yaxshimi, yomonmi, hamma yoqda NON-STOP! 

Biz bugungi kun manzarasiga jinday chizgi bergan bo‘ldik. Xo‘sh, shu davrda – axborot asrida, ulgurishlar qiyin bo‘lgan zamonda yashayotgan abituriyent qanday bo‘lishi kerak?   

Shov-shuv, tok-shou, xit, chat, pleysteyshn, ekshn, enimeyshn… Bularni davom ettirganing sari hozirgi abituriyentga “Ofarin” devorging keladi. Yo‘q, ularning hammasiga ulgurayotgani uchun emas, balki shuncha vaqt kushandalari bo‘la turib, o‘qishga ham imkon topa olayotgani uchun. Biz abituriyentlarga: “Faqat o‘qi, kompyuter, televizorni yig‘ishtirib qo‘y, iloji bo‘lsa, uyali telefoningni ham”, - deya olmaymiz. Deganimiz bilan foydasi bo‘lmasligi aniq. “Ulardan me’yorida foydalan”, - deyish bilan ham ish bitmaydi. Chunki kim uchun me’yor qanaqa. Yaxshisi, non-stop “sheriklar” bilan zarur va foydali maqsadlarda hamkorlik qilishni taklif etish kerak. Televizordan yangiliklarni tinglash, internetdan foydali saytlarga, deylik, abituriyent.uz ga kirish (buni reklama deb tushunmang), telefondan juda zarur bo‘lganda, shunda ham, suhbatlashish maqsadida foydalanish o‘qishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Muhimi, shuni yodda tutish kerakki, abituriyentga kirish imtihonlariga tayyor bo‘lish uchun bor-yo‘g‘i bir yildan kamroq muhlat berilgan.

Toxtama.jpg

Futbol. A va B jamoalar o‘zaro musobaqalashishdi. A jamoa o‘yin boshlarida bir to‘p kiritdi: 1-0. Asosiy vaqt ham tugab, qo‘shimcha daqiqalar davom etmoqda. A jamoa a’zolari ancha toliqib qolishdi. B jamoa vakillari esa tinmay hujum qilishlariga qaramay, hali tetik ko‘rinishadi. Va nihoyat, o‘yin yakunlanganini bildiruvchi hushtak ovozi yangradi. Hisob 1-0, A jamoa foydasiga. 

O‘yin 90 emas, 135 daqiqa davom etganidami, balki B jamoa bir emas, uchta yo to‘rtta gol urishi mumkin bo‘lgandir, ammo futbol qoidasi bo‘yicha, bu ish 90 daqiqada amalga oshirilishi kerak. Balki A jamoa B dan jismonan kuchsizroq bo‘lgandir, biroq u 90 daqiqada to‘p kiritishga ulgurdi. 

Hayot qoidalarida ham shunday yozilgan: muvaffaqiyat – bu ulgurish. Talab belgilangan vaqt ichida bajarilishi shart. 1-avgustda kerak bo‘lgan ma’lumotni 2-avgustda o‘qib o‘zlashtirishdan nima naf? Vaqt qisqa ekan, demak, mashg‘ulotlarimizni eng foydali, foydali hamda foydasiz kabi turlarga ajratishimiz va shunga ko‘ra aql bilan ish yuritishimiz kerak bo‘ladi. 

Biz maqolamizni bejiz “Non-stop” deb nomlamadik. Bu nom o‘zida zamonaviylikni ifodalashi bilan bir qatorda abituriyent hayotiga ham ayrim yangiliklar kiritilishiga ishora qiladi. Zamondan o‘rnak olib, ayrim jabhalarda non-stop rejimiga o‘tish, o‘ylaymizki, foydadan holi emas. Masalan, kuni bilan, soatlab o‘qishning imkoni yo‘q. Foydasi ham kam. Biroq bilim olishga, ma’lumotlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan istak, shijoatni uzluksiz saqlab turish mumkin. Talaba bo‘lganingizda tuyajak baxtni, o‘sha baxtdan masrurlikni bir zum ko‘z oldingizda gavdalantiring va qalbingizdagi o‘qishga kirish istagi – olovni kuchaytiring. Endi shu olovni manzilga yetgunga qadar susaytirmang. Atrofdagi hamma narsa sizga o‘qish-o‘rganish lozimligini yodga solsin. Ilm bilan ko‘-o‘-o‘p emas, muttasil mashg‘ul bo‘ling. Demak, bugundan boshlab o‘qish uchun non-stop rejimini yoqamiz. Bu rejim qoidasiga ko‘ra, istak va shijoat “tugmachalari” hamisha bosilgan holda bo‘lishi lozim. Aslo susaymang. Don’t stop!

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments