DUBLAJ AKTYORI

dublaj1.jpg

Dublaj aktyori kim? 

Dublaj aktyori  - dublaj studiyalarida film va roliklarni ovozlashtirish bilan shug‘ullanuvchi kasb egasi.

Dublaj aktyorining ish faoliyati nimalardan iborat?

Bu kasb egalari badiiy va hujjatli filmlar, animatsion film, turli rolik va komyuter o‘yinlariga ovoz berish bilan shug‘ullanishadi. 

Bugungi kunda animatsion film va kompyuter o‘yinlariga ovoz berish sohasi rivojlanmoqda. Xorij animatsion filmlarining ko‘pchiligi hazilnamo xarakterda bo‘lgani bois ularning dublaj ishiga san’atga aloqasiz kishilar ham jalb etilmoqda. Masalan, “Barselona” jamoasi yarim himoyachisi Inyesta yaqinda premyerasi bo‘ladigan “Qaroqchilar” animafilmi dublajida ishtirok etib, qahramonlardan birining ovoziga egalik qildi. Bizda bunday filmlar tajribasi yo‘qligi bois dublaj aktyorlari faqat tarjimalarga ovoz berishadi, xolos.

Yurtimizda kompyuter o‘yinlarini  ovozlashtirish yo‘q hisobida. Kompyuterda futbol o‘yinlarini o‘ynagan gazetxonlarimiz  yaxshi bilishadiki, sharhlovchining ovozi o‘yinning qiziqarliligini ta’minlaydigan muhim jihatlardan biri sanaladi. Dublaj akyorligi rivojining keyingi bosqichlarida o‘yinlarni ovozlashtirish ham yo‘lga qo‘yilishiga ishonamiz. 

Bu kasbning o‘ziga xosliklari nimalarda ko‘rinadi?

Buni kino dublaji misolida ko‘rib chiqamiz. Kinofilmda rol ijro etarkansiz, o‘zingiz tabiiy harakat qilasiz va ovozingiz ham holatingizga mos holda bo‘ladi. Qolaversa, improvizatsiyaga ham imkon beriladi. Dublajda-chi? Dublaj jarayonida aktyor bir joyda turib, har xil holat uchun ovoz beradi. Unga improvizatsiya qilish, matndan tashqari chiqish mumkin emas. 

Ba’zan bir aktyorning bir necha qahramon uchun ovoz berishiga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunda dublajyordan chinakam mahorat talab qilinadi.

Jahon dublaj san’atida ayni bir aktyorga bir kishining ovozi biriktirib qo‘yiladi va bu xalq tomonidan iliq qabul qilingan. Bizning dublajda ham bunday an’ana mavjud. Masalan, Shohrux Xonga Sanjar Sa’dullayev, Mister Binga Mirzabek Xolmedov, Kajolga Lola Eltoyeva ovoz berishadi va tomoshabinlar ham bunga o‘rganib qolishgan.   

Yaxshi dublaj aktyori qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

- tug‘ma yoqimli ovoz sohibi bo‘lishi;

- matnlarni rolga mos tarzda o‘qiy bilish;

- o‘zi ovoz berajak qahramonning ruhiyatini tushuna oladigan darajada sinchkov bo‘lish;

- ovoz baland-pastligini, cho‘ziq-qisqaligini nazorat qila olish;  

- seriallar, tez fursatda ovozlashtirilishi kerak bo‘lgan filmlar ustida ishlash uchun sabr-toqatli bo‘lish;

- o‘qilishi qiyin so‘zlar yoki  chet tildagi jumlalar bilan to‘qnash kelganda vaziyatni ijobiy hal qila olish…

Wrek.jpg

Dublaj aktyori bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

Dublaj aktyori bo‘lish uchun shirali ovoz, ifodali o‘qish ko‘nikmasi va rolga kira olish asosiy talab hisoblanadi. Shu bois bu sohada faqat aktyorlar emas, balki suxandonlar, so‘z san’ati ustalari (masalan, qiziqchilar) ham faoliyat yuritishayotganidan xabaringiz bor. Lekin, baribir, mutaxassis – mutaxassis-da. Dublaj aktyori bo‘lishni maqsad qilgan abituriyentlar hujjatlarini Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutining Aktyorlik san’ati fakultetiga topshirishlari mumkin. Bu yerdagi imtihon tartibi quyidagicha:

I  Ijodiy ish ;

II  Test sinovi: 1) ona tili va adabiyot; 2) tarix.

Barcha abituriyentlarga omad tilaymiz.

Sahifani  Nilufar ESANOVA

tayyorladi.

0 ta izoh

There are no comments