Kirish

Abituriyent gazetasining 18-soni 4-sentabr kuni chop etiladi.

Kim bo'lmoqchisiz?

D E R M A T O L O G

Derm1.jpg

Dermatolog kim?

Dermatolog –  teri, soch va tirnoq kasalliklarini davolash bo‘yicha mutaxassis, vrach.

Kasbning o‘ziga xos xususiyatlari nimadan iborat?

Dermatologiya klinik tibbiyotning teri va undagi o‘simtalar, shuningdek, ular bilan bog‘liq kasalliklarni davolash bilan shug‘ullanuvchi sohasidir. Dermatologlarni boshqacha nom bilan – dermatovenerolog yoki shunchaki venerolog nomi bilan ham atashadi. Chunki venerik (tanosil) kasalliklari bilan teri kasalliklari bir-biri bilan uzviy bog‘liq. 

Dermotologning kasbi ancha jiddiy va gohida xunuk kasalliklar bilan ish ko‘rishni talab etadi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, o‘sha damda bemor uchun siz tomoningizdan ko‘rsatilgan yordam va daldani hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Agar vrach  bemorlarga yordam berishni chin diLdan xohlasa, yoqimsiz ko‘rinishlar uni cho‘chitmaydi. 

Dermatolog kasbi o‘z navbatida ichki guruhlarga ham bo‘linadi. Masalan, soch bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi dermatologlar trixologlar deyiladi. Yana dermatolog-kosmetologlar guruhi ham borki, ular kosmetik muammolar (ajinlar, husnbuzarlar, pigment dog‘lari) ni bartaraf etish bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Bu kasb egalarining ish joyi qayer?

Dermatologlar ixtisoslashtirilgan klinikalarda, teri-tanosil kasalliklari dispanserlarida, poliklinikalarda faoliyat olib borishadi. Dermakosmetologlar kosmetologik klinikalarda ishlashadi. Bundan tashqari, dermatologlar ilmiy muassasalarda, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazida faoliyat yuritishlari mumkin.

Yaxshi dermatolog qanday xususiyatlarga ega bo‘lmog‘i kerak?

Dermatologning tanlagan kasbi undan kishilarga yordam berish istagi, yuqori darajadagi mas’uliyat, tartiblilik, bilimlarni muttasil oshirib borishni talab qiladi.

Derm2.jpg

Bo‘lajak dermatologdan qanday bilim va kasbiy malaka talab etiladi?

Dermatolog teri qurilishi va uning fiziologiyasini, turli teri kasalliklarining tabiati, kelib chiqishi va  kechishini yaxshi bilishi kerak.  Undan davolash va diagnostikaning eng zamonaviy metodikasini puxta egallash talaba etiladi. Masalan, dermatolog fotodermatoskop o‘tkaza olishi kerak. Bu hali hammasi emas. Dermatolog simptomatika va boshqa ko‘plab kasalliklar haqida chuqur bilimga ega bo‘lishi kerak, chunki ular teri, soch va tirnoq holatidan ma’lum bo‘lib turadi.

Bundan tashqari, bu kasb egasi ham shaxsiy xavfsizlik, ham bemorlar xavfsizligi qoidalaridan boxabar bo‘lishi lozim. Chunki teri kasalliklari nihoyatda yuqumli bo‘ladi.

Dermatolog bo‘lishni istovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

Vrach-dermatolog yoki vrach-dermatovenerolog kasbini egallash uchun “Dermatovenerologiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy tibbiy ta’limni tamomlash  talab etiladi. Buning uchun abituriyent avval Toshkent tibbiyot akademiyasi yoki Andijon davlat tibbiyot institutida to‘liqsiz oliy ta’lim (bakalavriyat) ni tamomlashi, undan keyin “Dermatovenerologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichini o‘tashi kerak.  

Dermatolog bo‘lish istagida oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan abituriyent kirish imtihonida biologiya, kimyo, ona tili va adabiyot fanlaridan test sinovlarini topshiradi. Bu yo‘lda biz barcha abituriyentlarga omad tilab qolamiz.

 

0 ta izoh

There are no comments