O‘ZGACHA BAYRAM

f4f8a4726e34.jpg

Salom, abituriyent.

O‘tgan sonda ayni sahifa orqali ayollarimizni tabriklagan bo‘lsak, bugun butun o‘zbek elini Navro‘zi olam bilan qutlash nasib etib turibdi. Ha, bayramlar bo‘laversin. Zero, ozod, tinch zamonlarga bayramlar yarashadi.

Bugun siz bilan Navro‘zning kelib chiqishi-yu, uning yurtimizda qay darajada kutib olinishi haqida o‘rtoqlashmoqchi emasmiz. Bugun biz uning mohiyati haqida fikr yuritishni maqsad qilib qo‘ydik.

Navro‘z shunchaki bayram emas. U shunchaki tabiat hodisasi ham emas. Uning zamirida kun-u tunning tengligidan ko‘ra kattaroq ma’no bor. Navro‘z – shukronalik bayrami. U sovuq qish qo‘ynidan bahor quchog‘iga sog‘-omon yetib kelganligimiz shukronasi. U bahorni tinch-totuvlikda qarshilayotganimiz, qarshilay olayotganimiz shukronasi. U shukrona qilayotganimiz shukronasidir.

Navro‘z shunchaki bayram emas. U ezgulikka tutash bayram. U o‘zlikka daxldor bayram. U birlik, inoqlik bayrami. 

Navro‘z shunchaki bayram emas…

Shu o‘rinda sizga bir savol bermoqchi edik. Mana, Navro‘zda doshqozonlarni to‘ldirib sumalak pishiramiz.  Ayting-chi, sumalak bilan boshqa bir taom, masalan, qovurilgan kartoshka o‘rtasida nima farq bor? Farq ularning masallig‘idami? Gap uning tez yoki uzoq vaqt tayyorlanishidami? Yo‘q, albatta. Asosiy farqni ularning moddiyatidan izlash noto‘g‘ri. U holda, gap nimada?

Birinchidan, sumalakni bir kishi emas, ko‘pchilik tayyorlaydi. Ko‘pchilik qilgan ishda baraka bo‘ladi. Ko‘pchilik – bu birdamlik, inoqlik degani. Tugal elni tugib bo‘lmas, degan gaplarimiz bor.

Ikkinchidan, bu taomga ko‘pchilikning mehri singadi. Uning tarkibida boshqa taomlarda uchramaydigan “masalliq”lar bor: xalq mehri, shukronalik, ezgu niyat.

Uchinchidan, bu taom – uzoq mehnat va sabrning mahsuli. Mehnatning tagi – rohat, sabrning tagi – oltin, deydi xalqimiz. Shu bir taomni tayyorlash jarayoni o‘zbekning bir umrlik hayotini tasvirlab beradi, e’tiqodini namoyon etadi. Axir biz nimagaki erishgan bo‘lsak, unga mehnatimiz va go‘zal sabrimizning mukofoti sifatida qaraydigan xalqmiz.

ae62b1f6-02da-418d-b0ed-23a14b58f95b.jpg

Osh totig‘i  - tuz, degan gap bor. Lekin sumalakning totig‘i o‘zgacha, tuzi o‘zgacha. Sumalakning tuzi – xalqning ezgu niyatlaridir. Hamma bir chimdimdan qo‘shgan “tuz” sumalakka boshqacha ta’m beradi. Uning doshqozonlarda tayyorlanishida ham hikmat yashirin.  Ko‘pga ketsin, ko‘pga yetsin, degan niyat bor unda. Birgina doshqozonning o‘zi xayr-ehson timsoli bo‘lib xizmat qiladi.

Sumalakning yana bir jihati borki, u azaliy o‘zbekona qadriyatlardan so‘zlaydi. Qozonga bir tomchi suv solinishidan oldin keksalar duosi olinadi. Qozondan bir cho‘mich taom olinishidan avval yoshi ulug‘lar duosi tinglanadi. Keksalarni o‘zbekchalik hurmat qiladigan xalq bo‘lmasa kerak. Zero, bugun erkin nafas olishimizda, bugun o‘z bayramimizni nishonlashimizda, hatto, ayni paytda siz bilan hamsuhbat bo‘lib turishimizda ham keksalar duosining o‘rni beqiyos. Qarisi bor uyning parisi bor, deydilar. Oltin olma, duo ol , degan so‘zlar bor. Duo bilan el ko‘karar, deganlarini eshitganmiz. Bu gaplarning hech biri bejiz aytilmagan.

Aziz zamondosh! Biz aytgan va aytmoqchi bo‘lgan fikrlarni tushungandirsiz. Navro‘zdek bayramimiz borligiga, uni nishonlash nasib etib turganiga, shu nasibadorlar qatorida siz-u biz borligimizga shukronalar qilaylk. Birdamligimiz, shijoatimiz, qanoatimizga ko‘z tegmasin. Barchamizga ezgulik bayrami – Navro‘z muborak bo‘lsin! 

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments