Ommabop ona tili 5-2012

TEST TAHLILI   

3 (105) - sondagi 17-test savoli)

Qaysi gapda vazifadosh ko‘makchi ishtirok etgan?

1. Oyni etak bilan yopib bo‘lmas. 

2. Devordan bo‘ylab qaradi.

3. Yo‘l boshida uch kishi turardi.

A) 1, 2, 3             B) 2, 3           C) faqat 3          D) faqat 2

 

YECHISH: Test matni orqali 3 ta gap berilgan va bizdan qaysi gapda vazifadosh ko‘makchi qo‘llanganini aniqlash talab etilgan.

Vazifadosh ko‘makchi nima?

Vazifadosh ko‘makchi lug‘aviy ma’nosini saqlagan holda gapda grammatik ma’no ifodalash vazifasini bajaruvchi so‘zlardir. Soddaroq aytadigan bo‘lsak, ayrim ot va fe’llar borki, ular ko‘chma ma’noda kelib, ko‘makchilarga xos ma’nolar (yo‘nalish, fikr mavzusi, qiyos va sh. k.) ni bildirib keladi. Misol uchun, bosh, ust, qarab, bo‘ylab so‘zlari, aslida, ot va fe’l (ravishdosh) turkumlariga mansub. Biroq ular yo‘l boshida, futbol ustida, Toshkentga qarab, ariq bo‘ylab kabi qo‘llanishlar tarkibida ko‘makchilarga xos o‘rin, yo‘nalish, fikr mavzusi ma’nolarini ifodalab kelgan.  

Abituriyentlarimiz bu mavzudagi testlarni yechishda ikki narsaga alohida e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi:

1. Vazifadosh ko‘makchilarni sof ko‘makchilardan qat’iy farqlay olish kerak.

2. Vazifadosh ko‘makchilarni o‘z asl ma’nosida kelgan ot hamda fe’llar bilan aralashtirib yubormaslik lozim.

Yuqoridagi ma’lumotlarni yodda tutgan holda tahlilga kirishamiz.

1. Oyni etak bilan yopib bo‘lmas. 

Bu gapdagi bilan so‘zining sof ko‘makchi ekanligini, uning aslida ot yoki fe’ldan o‘sib chiqmaganligini tushuntirib o‘tirish shart emas deb o‘ylaymiz.

2. Devordan bo‘ylab qaradi.

Bu gapdagi bo‘ylab so‘zi fe’l turkumiga mansub va o‘zining asl ma’nosida (bo‘y cho‘zmoq) kelgan. Demak, ushbu gapda ko‘makchi mavjud emas. 

3. Yo‘l boshida uch kishi turardi.

Ushbu gapda bosh so‘zi asl ma’nosida emas, balki o‘rin ma’nosida qo‘llangan. Bosh so‘zining, aslida, ot turkumiga mansub ekanligini hisobga olsak, yo‘l boshida birikmasida u vazifadosh ko‘makchi bo‘lib kelganligi oydinlashadi. 

Demak, to‘g‘ri javob – C.

 

SO‘Z  TARKIBI

Qaytaraveradi 

qayt – asos;

-ar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: orttirma nisbat shaklini yasagan.

-a – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: yetakchi fe’l vazifasidagi ravishdosh shaklini yasagan.

ver – asos: ber ko‘makchi fe’lining fonetik o‘zgarishga uchragan shakli.

-a – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: kelasi zamon shaklini yasagan.

-di – sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: III shaxs birlikdagi shaxs-son qo‘shimchasi. 

Tirnoq

tirna  – asos;

-q – so‘z yasovchi qo‘shimcha: fe’ldan narsa oti yasagan. 

Mansur SIDDIQOV

 

 

0 ta izoh

There are no comments