Ommabop ona tili 4-2012

TEST TAHLILI   

(2 (104) - sondagi 2-test savoli)

Talaffuzda dissimilatsiya hodisasi ro‘y beradigan so‘zni aniqlang.

A) iqtidor                            B) novvoy

C) avtomat                        D) oqshom

 

YECHISH: Test matni orqali aytganimizda dissimilatsiya ro‘y beradigan so‘zni topish talab etilgan.

Dissimilatsiya hodisasi nima? Unga ko‘ra, bir xil yoki bir turga mansub ikki undosh talaffuzda ikki xil yoki ikki turga mansub undosh tarzida qo‘llanishi kerak. Masalan, so‘zda ikkita sirg‘aluvchi bo‘lsa, ulardan biri portlovchiga aylanib qoladi.Avval ular bir turga mansub (sirg‘aluvchi) edi, aytganimizda esa ikki turga mansub (sirg‘aluvchi va portlovchi) bo‘lib qolyapti. Endi shu qoidani javob variantlaridagi so‘zlarda sinab ko‘ramiz:

Iqtidor – talaffuzda ixtidor. Q,t – portlovchi; x,t – biri sirg‘aluvchi, biri portlovchi. Demak, dissimilatsiya.

Novvoy – talaffuzda novvoy. O‘zgarish yo‘q. Novvoy so‘zining o‘tmishda nonvoy bo‘lganini inobatga olsak, bu o‘rinda tarixiy assimilatsiya haqida gap boradi. 

Avtomat – talaffuzda aftamat.V, t – biri jarangli, biri jarangsiz; f,t – ikkovi ham jarangsiz. Demak, bu yerda assimilatsiya ro‘y beryapti.

Oqshom – talaffuzda oxshom. Q, sh – biri portlovchi, biri sirg‘aluvchi; x, sh – ikkovi ham sirg‘aluvchi. Demak, assimilatsiya.

To‘g‘ri javob – A.

 

TEST TAHLILI   

   (3 (105) - sondagi 32-test savoli)

Usta Binoqul shishib ketgan oyoqlarini sudrab bosgancha zorlanib inqillaydi.

Berilgan gapda nechta sifatlovchi qo‘llangan?

A) 1 ta                   B) 2 ta                         C) 3 ta

D) Sifatlovchi qo‘llanmagan.

 

YECHISH: Test matni orqali bir gap berilgan va bizdan undagi sifatlovchilar sonini topish talab etilgan.

 Sifatlovchi nima? Uni aniqlashda quyidagi belgilarga tayanish foydali:

1) qanday? qaysi? so‘roqlariga javob bo‘lishi;

2) fe’lga bog‘lanmaganligi;

3) qaratqich kelishigida emasligi (qaratqich aniqlovchi emasligi);

4) izohlovchi emasligi.

Tahlilni boshlaymiz.

Usta Binoqul birikmasidagi usta so‘zi aniqlovchi; qaysi? so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Shunga qaramay, u sifatlovchi emas, chunki izohlovchi-da. (4-belgini eslang)

Shishib ketgan oyoqlari birikmasida shishib ketgan so‘zi sifatlovchi: qanday? (1), otga bog‘langan (2), qaratqich emas (3), izohlovchi ham emas (4).

Bosgancha inqillaydi birikmasida bosgancha so‘zi fe’lga bog‘langani uchun (2) sifatlovchi emas.

Zorlanib inqillaydi birikmasida ham shu holat (2) kuzatiladi.

Demak, to‘g‘ri javob – A.

 

SO‘Z  TARKIBI

Qaytadiganlar 

qayt – asos;

-adigan – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: sifatdosh shaklini yasagan.

-lar – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: ko‘plik shaklini yasagan.

So‘rashishguncha

so‘rash – asos;

-ish – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: fe’lning birgalik nisbati shaklini yasagan.

-guncha – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: payt ravishdoshi shaklini hosil qilgan.

 

TO‘G‘RI  YOZISH

Quyidagi birliklar imlosida xatolik mavjud:

1) O‘zbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasi;

2) Guliston Davlat Universiteti;

3) O‘zbekiston milliy bog‘i;

4) “O‘zbekiston Xalq shoiri” unvoni.

 

Ularning to‘g‘ri yozilishi quyidagicha:

1) O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi;

2) Guliston davlat universiteti;

3) O‘zbekiston Milliy bog‘i;

4) “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments