K L I P M E Y K E R

Klipmeyker kim?

0_30a1b_50f967fe_orig (1).jpg

Klipmeyker (inglizcha “klip tayyorlovchi”) davomiyligi 1 – 10 daqiqani tashkil etuvchi qisqa musiqali yoki reklama roliklarini ishlash bilan shug‘ullanuvchi kasb egasi. Uni klip rejissori deyish ham mumkin. Chunki u butun ijodiy guruh (ssenarist, operator, stilist, grim ustasi, liboslar ustasi va rekvizitor) faoliyatini boshqarib turadi.

Klipmeykerlik kasbi qariyb 50 yil oldin paydo bo‘lgan. Kinosanoat, shou-biznes va televideniyening ajralmas bo‘g‘iniga aylanib ulgurgan bu kasb bizda XX asrning oxiri va XXI asrning boshlariga kelib rivoj topa boshladi. 

 

Klipmeyker nima bilan shug‘ullanadi?

Uning asosiy vazifasi – reklama yoki musiqiy roliklarni tayyorlash. Bitta rolikni tayyorlash soatlab, kunlab mehnat qilishni talab etadi. Buyurtma olingach, klipmeyker oldindan yozib qo‘yilgan ssenariy bilan tanishadi, sujetni shakllantiradi. Shundan so‘ng u syomka jarayoniga tayyorlanadi: klip uchun mos joy tanlaydi; studiya yoki syomka maydonini ijaraga oladi; aktyorlarni tanlab, o‘z ishiga jalb qiladi; dekoratsiyani tayyorlaydi. Klipmeyker har bir bosqichda barcha mutaxassislar – ssenariy mualliflari, operatorlar, grim va libos ustalari, rekvizitor va boshqalarning harakatlarini nazorat qiladi. Syomka jarayoni nihoyasiga yetgach, uning boshchiligida montaj ishlari amalga oshiriladi. Maxsus effektlar qo‘shiladi va ovoz yuklanadi. Klipmeyker rolikning so‘nggi versiyasini tasdiqlagach, tayyor bo‘lgan videorolik buyurtmachiga taqdim etiladi.  

 

Bu kasb egalari qayerlarda ishlay olishadi?

 - kinostudiyalarda;

 - reklama agentliklarida;

 - musiqa studiyalarida.

 

Bo‘lajak klipmeykerdan qanday kasbiy malaka talab etiladi?

 - reklama qilinajak mahsulot yoki musiqiy asarning o‘ziga xos xususiyatlarini anglay bilish;

 - klip tayyorlash texnologiyalari va bosqichlaridan boxabarlik;

 - marketing masalalariga doir bilimlarga ega bo‘lish.

 

Yaxshi klipmeyker qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

 - mutaxassislar guruhi bilan ishlashda tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lish;

 - yaratuvchanlik, yangi, hali foydalanilmagan obraz va sujetlarni topa bilish;

 - turli buyurtmachi va xodimlar bilan ishlash jarayonida chiqishuvchan bo‘lish;

 - dovyurak bo‘lish (klipmeyker yangi g‘oyalardan yoki syomkaning muvaffaqiyatsiz chiqishidan cho‘chimasligi kerak);

 - mas’uliyat (klipmeyker rolik bilan bog‘liq barcha elementlar uchun javob beradi);

 - tirishqoqlik va sabrlilik (klipmeyker turli sharoitlarda o‘z guruhi a’zolariga o‘rnak, haqiqiy lider bo‘lishi lozim) .

 

Klipmeyker bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishi kerak?

7d-rig.jpg

Shuni bilib qo‘yingki, bu kasbga aynan hech qayerda o‘qitilmaydi. Lekin, klipmeykerlik rejissorlik bilan uzviy bog‘liq. Shu bois mashhur klipmeykerlar qatori oliy rejissorlik ta’limini o‘tash kerak bo‘ladi. 

Biz klipmeyker bo‘lish niyatida bo‘lgan abituriyentlarimizni Mannon Uyg‘ur nomli Toshkent davlat san’at institutiga taklif etamiz. Bu yerda Rejissura fakulteti mavjud bo‘lib, unga hujjat topshirgan yoshlar quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:

1) ona tili va adabiyot;

2) tarix.

Barcha abituriyentlarga omad tilaymiz.

Sahifani  Nilufar ESANOVA

tayyorladi.

 

0 ta izoh

There are no comments