DIZAYNER-MODELYER

page-83-1b.jpg

Dizayner-modelyer kim?

Dizayner-modelyer kiyimlar (oyoq, bosh, ichki va ustki kiyimlar) va aksessuarlarning yangi modellarini yaratish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisdir. O‘z brendi va modalar uyiga ega bo‘lib olgan modelyer, nafaqat, ijod namunalarini yaratish bilan, balki firma mahsulotlarining tayyorlanish jarayonini nazorat qilish (biznes) bilan ham mashg‘ul bo‘lishi mumkin.

 

Kasbning o‘ziga xos jihatlari nimadan iborat?

Modelyer o‘z ish faoliyatini yuritar ekan, albatta, bunda yosh va jins xususiyatlarini, zamonni, hudud va iqlimni hisobga olishi kerak bo‘ladi. U o‘z ijod mahsullarini turli ko‘rgazmalarda namoyish etib boradi. Yuqori darajadagi ko‘rgazmalarda ishtirok etish uchun 4 tadan 60 tagacha ansambl taqdim etilishi kerak bo‘ladi, shulardan 50-80% i qo‘lda tayyorlangan bo‘lishi talab etiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, modelyerning raqobat maydonida “jon saqlashi” oson kechmaydi. Bir kiyim uchun kamida bir oy, murakkab ishlanmalar uchun esa olti oylab vaqt ketishini hisobga oladigan bo‘lsak, modelyer bo‘lish uchun shunchaki havas va ishtiyoq kamlik qiladi, buning uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, fidoyi  bo‘lish talab qilinadi. 

 

Qanday faoliyat turlari mavjud?

  • kiyim va taqinchoq modellarining eskizlarini yaratish;
  • mijoz-xaridorlarni topish va ular bilan shartnoma tuzish;
  • sifatli mato, charm, materiallarni  izlash va sotib olish;
  • yaratilgan eskizlar asosida modellarni tayyorlash va korxonalar bilan hamkorlik qilish;
  • reklama kampaniyalarini tayyorlash;
  • ko‘rgazmalarni  tashkillashtirish va o‘tkazish, jamoaviy feshn-shoularda ishtirok etish.

 

U qayerlarda ishlashi mumkin?

  • modalar uyida;
  • kiyim ishlab chiqaruvchi korxonalarda;
  • butiklarda.

 

Bo‘lajak modelyerdan qanday kasbiy malaka talab etiladi?

  • qog‘ozda ham, kompyuterda ham birday rasm chiza olish;
  • charm, mato, yung va iplarni farqlay olish;
  • tikishning har xil turlaridan boxabarlik;
  • kiyim va aksessuarlar tayyorlanishining barcha bosqichlari haqida ma’lumotga ega bo‘lish.

 

shveya.jpg

Qayerda tahsil olish mumkin?

Bo‘lajak modelyerlar yengil sanoat ixtisosligidagi kollej va oliy o‘quv yurtlarida tahsil oladilar.

Oliy toifali dizayner bo‘lish istagidagi abituriyentlar o‘z hujjatlarini Toshkentdagi Kamoliddin Behzod nomli Milliy rassomlik va dizayn institutiga topshirishlari mumkin. Bu o‘quv dargohida dizayn fakulteti tarkibida Kostyumlar dizayni va matolarni badiiy bezash yo‘nalishi mavjud bo‘lib, unga kirish uchun, amaliyotdan tashqari, quyidagi fanlardan test topshirish talab etiladi:

1) matematika;

2) ona tili va adabiyot.

 

0 ta izoh

There are no comments