TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI - 2

0_2595_thumb.jpg

6. Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish xizmati yo‘nalishi. Yurtimiz rivojlanib, bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar ko‘paygani sari mehmonxonalarga bo‘lgan talablar ham o‘sib bormoqda. Shubhasiz, dunyodagi kuchli davlatlar safidan joy olishda mehmonxonalarning  dunyo standartlariga mos kelishi  muhim ahamiyat kasb etadi. Shu  maqsadda ochilgan ushbu yo‘nalish bitiruvchilarining vazifalari yuqoridagi ishlar bo‘ladi.

 O‘tgan o’quv yilida  bu yo‘nalishga 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 33 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

7. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish yo‘nalishi. Yurtimizda 2011-yilni ‘’ Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni  rivojlantirish yili’’ deb e’lon qilinganidan barchangizning xabaringiz bor. Yilga bunday nom berilishi bejiz emas,albatta. Iqtisodiyotimizning gullab- yashnashida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli katta.  Bu sohani  rivojlantirishga ilmiy yondoshish bu ishning yuksalishini  ancha jadallashtiradi. Iqtisodiyot universitetining bu yo‘nalishi aynan shu maqsadda tashkil qilingan.

2011-12 o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 10 nafar abituriyent davlat granti asosida,  50 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

8. Marketing yo‘nalishi. Hozirgi kunda marketing so‘zi juda rivojlanib ketdi. Bu soha vakillari deyarli barcha tashkilotlarda mavjud bo‘lib, ularning asosiy vazifasi ishlab chiqarilgan mahsulotning sotilishini ta’minlash va hisob-kitobini qilish hisoblanadi. Balki shu sababli ham ushbu yo‘nalishga boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ko‘proq abituriyentlar qabul qilingan.

O‘tgan qabul jarayonida marketing yo‘nalishiga 30 nafar abituriyent davlat granti asosida, 58 abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

9. Xizmatlar sohasi yo‘nalishi: Ba’zi narsalar borki, ko‘zimizga ko‘rinmasa-da ularsiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu narsaga misol tariqasida xizmat (servis) larni keltirishimiz mumkin. Ularga ustaxonalar, sartaroshxonalar, o‘quv markazlari va shunga o‘xshash insoniyat ehtiyoji uchun muhim narsalarni kiritish mumkin. Xizmatlarning eng yaxshi jihati arzimagan pul tikish orqali ish boshlash mumkinligidir. Bu yo‘nalishda aynan yuqoridagi kabi xizmatlarni tashkil etuvchi mutaxassislar yetishib chiqadi.

2011-12 o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 33 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

10. Iqtisodiyot yo‘nalishi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiyot sohasidagi yuqori malakali kadrlarga doimo ehtiyoj bo‘lgan. Umumiy hisob-kitoblarni olib borish va ularni boshqarish ishini yurituvchi mutaxassislar iqtisodiyot yo‘nalishi bitiruvchilari hisoblanishadi.

O‘tgan yilgi qabul jarayonida bu yo‘nalishga 29 nafar abituriyent davlat granti asosida, 56 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

11. Statistika yo‘nalishi. Kundalik hayotda statistik ma’lumotlar degan so‘zga ko‘p duch kelasiz. Bu ma’lumotlarni eshitib oddiy qabul qilamiz-u, lekin uning orqasida turgan ulkan ishlarni ko‘ra olmaymiz. Statistik ma’lumotlarni yig‘ish, ularni tahlil qilish va yakuniy natijalarni chiqarish ko‘zga oddiy ishlar bo‘lib tuyilsa-da,ammo  bu ishlarning har biri uchun bir necha odamlar jon kuydiradi.

Statistika yo‘nalishida mana shunday ishlarni amalga oshiruvchi  mutaxassislar tayyorlanadi.

Ushbu yo‘nalishga o‘tgan yilda 15 abituriyent davlat granti asosida, 25 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

12. Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiya yo‘nalishi. Hozirgi kunda aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mehnat birjalari tashkil qilingan. Mehnat birjalarida ish olib boruvchilar ushbu yo’nalishda tahsil olishadi.

2011-12 o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 10 nafar abituriyent davlat granti asosida, yana 15 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

Sizlarni tanishtirib o’tgan yuqoridagi  barcha yo‘nalishlarga matematika, chet tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi.

0 ta izoh

There are no comments