O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

Markaziy Osiyodagi eng birinchi va eng katta universitet hisoblangan O‘zbekiston Milliy universiteti 1918-yildan beri turli nomlar bilan faoliyat yuritib kelmoqda. 

Milliy universitet talabalari o‘z sohalarining mutaxassislari bo‘lish bilan bir qatorda, shu yo‘nalish bo‘yicha pedagog ham bo‘lib yetishishadi. Shu sababli har bir yo‘nalishning faoliyati haqida gapirib o‘tirmasdan shu yo‘nalishning o‘tgan yilgi statistikasini keltirish va qabul fanlari haqida ma’lumot berish bilan cheklanamiz.

Tarix yo‘nalishi. Tarix fani bo‘yicha mutaxassislar va o‘qituvchilar tayyorlovchi ushbu yo‘nalishga o‘tgan yili 15 nafar abituriyent davlat granti asosida, 44 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Undan tashqari, yana 21 nafar abituriyent harbiy yo‘llanma bilan to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan. Tarix yo‘nalishi talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar tarix, ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan imtihon topshiriladi.

O‘zbek filologiyasi yo‘nalishi. 2011-2012-o‘quv yili boshida mazkur yo‘nalishga 27 nafar abituriyent davlat granti asosida, 45 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida va 1 ta abituriyent harbiy yo‘llanma bilan to‘lov shartnoma asosida o‘zbek tili yo‘nalishiga qabul qilinishgan. Ushbu yo‘nalishda tahsil olishni xohlaganlar ona tili va adabiyot, tarix hamda chet tili fanlaridan test topshirishadi.

Geografiya yo‘nalishi. Mazkur yo‘nalishga 2011-yilgi qabul jarayonida 16 nafar abituriyent davlat granti asosida, 23 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida hamda bir nafar abituriyent harbiy yo‘llanma bilan to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan. Geografiya yo‘nalishiga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar geografiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test sinovlarini topshiradilar.

Gidrometereologiya yo‘nalishi. Atmosfera qobig‘ining pastki qismlari,  yer orasidagi suv va energiya almashinuvini o‘rganuvchi soha gidrometereologiya hisoblanadi. Bu soha vakillarining asosiy vazifalari ob-havoning o‘zgarishi va yaqin kelajakdagi ob-havo haqida ma’lumot olish va ularni hisoblab chiqishdir. 

1327948985_nuuz.jpg

Mazkur yo‘nalishga o‘tgan yili 8 nafar abituriyent davlat granti asosida, 10 nafar abituriyent esa to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishda o‘qishni istaganlar ham yuqoridagi kabi geografiya, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishadi. 

Geodeziya, kartografiya, kadastr yo‘nalishi. Yer o‘lchovini olib borish va yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash ushbu yo‘nalish vakillarining vazifalari  hisoblanadi. Mavjud yerlarni bo‘lish, kelajakdagi va hozirgi kundagi xaritalarni tayyorlash aslida anchagina aql va kuch talab qiladigan sohadir.  Ushbu kasb egalari haqida kelgusi sonlarimizning birida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. 

2011-2012-o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 17 nafar abituriyent davlat granti asosida, 23 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida hamda 8 nafar abituriyent harbiy yo‘llanma bilan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Mana shu sohaning mutaxassislari bo‘lishni niyat qilgan abituriyentlar matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiradilar. 

Geofizika yo‘nalishi. Geofizika Yer tuzilishi va uning qattiq qismi fizik xossalarini o‘rganuvchi soha sanaladi. Ushbu kasb egalarining xizmat doirasiga yer qatlami, yadrosi, mantiyasi, okeanlar, tog‘lar va, hattoki, atmosferalar kiradi. 

Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 10 nafar abituriyent davlat granti asosida, 15 nafar abituriyent to‘lov -shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish uchun ham matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

Gidrologiya yo‘nalishi. Tabiatdagi suvlar va ularning atmosfera bilan almashinuvini o‘rganuvchi soha gidrologiya hisoblanadi. Bu yo‘nalishga 2011-yilda 10 nafar abituriyent davlat granti asosida, 15 nafar abituriyent to‘lov- shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Gidrologiya yo‘nalishiga ham matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

Universitetning boshqa yo‘nalishlari haqida keyingi sonlarimizda ma’lumot beramiz.

Lobar  BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments