Ommabop ona tili 3-2012

TEST TAHLILI  

(3 (105) - sondagi 19-test savoli)        

Moziylar sasiga quloq tutgum jim, ustun bo‘lgan emas dunyoga hech kim.

Ushbu gapda qaysi turkumga mansub so‘z mavjud emas?

A) olmosh                                B) fe’l              

C) ravish                                  D) yuklama

 

YECHISH: Test matni orqali qo‘shma gap berilgan va bizdan shu gapda qaysi turkumdagi so‘zning yo‘q ekanligini topish talab etilgan.

 Har bir so‘zni birma-bir ko‘rib chiqishdan boshqa ilojimiz yo‘q:

1) moziylar(ning) – OT; 2) sasiga – OT;

3) quloq tutgum – FE’L;            4) jim – RAVISH;

5) ustun bo‘lgan – FE’L;            6) emas – FE’L;

7) dunyoga – OT;          8) hech kim – OLMOSH.

Ko‘rinib turibdiki, berilgan gapda yuklama yo‘q. Bu  o‘rinda hech kim olmoshi tarkibidagi hech so‘ziga chalg‘imaslik kerak. Hech so‘zining yuklama ekanligi aniq, biroq bu o‘rinda u qo‘shma olmosh tarkibida kelyapti.

Demak, to‘g‘ri javob – D.

 

TEST TAHLILI  

(3 (105) - sondagi 3-test savoli)

To‘liqsiz fe’l qaysi gapda fonetik yozuv qoidasi bo‘yicha yozilgan?

A) Alisherning qalbiga kirmoqchiday, tikilib qarardi tog‘asi.

B) Fors shoirlari yuksak tuyg‘ular, teran flkrlar ila to‘la ajib she'rlar yaratmishlar.

C) Turkiston o‘lkamiz vodiylari, sahrolari keng, tog‘lari buyuk, aholisi turk — o‘zbekdur.

D) Viqor-la o‘shshaygan qoya labida Nafis chayqaladi bir tup na’matak.

 

YECHISH: Test matni orqali bizdan to‘liqsiz fe’l qisqargan shaklda qo‘llangan gapni aniqlash talab etilgan.

 To‘liqsiz fe’l deganda edi, ekan, emish, emas so‘zlari nazarda tutiladi.

Fonetik qoida asosida yozish deganda biror o‘zgarish bilan (tovush tushishi, ortishi yoki almashishi bilan) yozish tushuniladi. To‘liqsiz fe’llarda biror fonetik o‘zgarish yuz beradigan bo‘lsa, unda faqat e tovushining tushishi kuzatilishi mumkin.

            A variantda qarardi so‘zi, aslida, qarar edi shaklining qisqargan ko‘rinishi sanaladi,

            B variantda yaratmishlar so‘zi bor, biroq bu so‘z bugunda yarat emishlar shaklida qo‘llanmaydi.

            C variantdagi o‘zbekdur so‘zida edi, ekan, emishning alomatlari sezilmaydi.

            D variantda chayqaladi so‘zi bor. Undagi -di qo‘shimchasi edi so‘zining qisqargan shakli emas, balki alohida qo‘shimcha (III shaxs birlikdagi shaxs-son ko‘rsatkichi) sanaladi. Qolaversa, chayqala edi tarzida ham qo‘llab bo‘lmaydi.

Demak, to‘g‘ri javob – A.

 

SO‘Z  TARKIBI

Deydi

de  – asos;

-y – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: kelasi zamon shaklini yasagan.

-disintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha: III shaxs birlik shaxs-son shaklini yasagan.

 

So‘rashishguncha

so‘rash – asos;

-ish – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: fe’lning birgalik nisbati shaklini yasagan.

-guncha – lug‘aviy shakl yasovchi qo‘shimcha: payt ravishdoshi shaklini hosil qilgan.

 

TO‘G‘RI  YOZISH

Quyidagi birliklar imlosida xatolik mavjud:

1) O‘zbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasi;

2) Guliston Davlat Universiteti;

3) O‘zbekiston milliy bog‘i;

4) “O‘zbekiston Xalq shoiri” unvoni.

 

Ularning to‘g‘ri yozilishi quyidagicha:

1) O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi;

2) Guliston davlat universiteti;

3) O‘zbekiston Milliy bog‘i;

4) “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni.

Mansur SIDDIQOV

 

 

0 ta izoh

There are no comments