DEFEKTOLOG

35684272.jpg

Defektologiya haqida tushuncha.

Ko‘pchilikda logoped va defektolog bir xil kasb degan tushuncha mavjud. Logoped bolalarning faqatgina tilidagi muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etadigan kasb hisoblansa, defektologiya bolalardagi jismoniy va ruhiy nuqsonlarning barchasi bilan shug‘ullanadigan soha sanaladi. Defektologiya meditsina va pedagogika orasidagi mutaxassislik hisoblanadi. Defektologlarning asosiy vazifasi nuqsonli bolalarni imkoni boricha tezroq sotsial hayotga, o‘qish muhitiga moslashtirishdir.

Defektologiyaning bir necha bo‘limlari mavjud: Surdopedagog–eshitishi nuqsonli yoki umuman eshitmaydigan bolalar bilan ishlaydigan sohasi. Oligofrenopedagog–aqliy nuqsonga ega bolalar bilan ishlaydigan sohasi. Tiflopedagog–ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar sohasi. Logoped–tilida va gapirishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlaydigan sohasi.

Defektolog bolani nazoratdan o‘tkazadi va nuqsoniga tashxis qo‘yadi. Bu nuqson qachon va qanday paydo bo‘lganini esa bolaning ota-onasi bilan suhbatlashish orqali bilib oladi. Nuqsonning paydo bo‘lish sababini aniqlagandan so‘ng uning oldini olish choralarini ko‘radi, kerak bo‘lsa maxsus davolanish kurslarini olib boradi. Bularning barchasi nuqson xarakteridan kelib chiqadi va to‘g‘ri yo‘nalish tanlash orqali bartaraf etiladi.

 

Defektolog qanday xislatlarga ega bo‘lishi lozim?

Yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun yuqori aqliy salohiyat, intuitsiya(ichki sezgi), kuzatuvchanlik, muloqotga kirisha olishlik va boshqalarning hissiyotlariga chidamli bo‘lish talab qilinadi. Defektolog diqqatli, yumshoq ko‘ngilli, chidamli va, albatta, yosh bolalar bilan ishlashga qobiliyatli bo‘lishi lozim. Bu mutaxassislikda uzoq vaqt ishlash uchun yaxshi xotiraga ega bo‘lish va muloqotga kirisha olishlik juda katta ahamiyat kasb etadi.

Bulardan tashqari defektolog ilmli va aniq nutqqa ega bo‘lish, yoqimli ovoz egasi bo‘lish, tushkunliklarga tushmaslik va kuchli nerv sistemasiga ega bo‘lish ham talab qilinadi.

 

Defektolog nimalarni bilishi kerak?

Pedagog-defektolog tashxis metodikasi o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Ma’lum bir nuqsonga ega bo‘lgan bolaning o‘rgatish va rivojlantirish yo‘llarini bilish, mas’uliyatli bo‘lish, maqsadga intiluvchanligi va ochiq ko‘ngillilik defektologdan talab qilinadi.

U pedagogika va psixologiya, meditsina asoslaridan bilimga ega bo‘lishi, nuqsonlarning tabiatini yaxshi o‘rganishi va ularning davolash usullarini bilishi lozim.

 

Qayerlarda ishlay oladi?

Defektologlar maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida hamda klinikalarda ishlashlari mumkin.

Undan tashqari maxsus litsenziyaga ega bo‘lgandan so‘ng o‘zlari mustaqil ravishda defektologlik bilan shug‘ullanishlari ham mumkin.

 

Qayerda ta’lim olinadi?

Defektologiya yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lish istagida bo‘lgan abituriyentlar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetining Defektologiya yo‘nalishida tahsil olishlari lozim.

Mazkur yo‘nalishga topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar biologiya, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan imtihon topshiradilar. O’tgan yilda bu yo‘nalishga qabul qilingan 87 abituriyentdan 35 nafari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan.

 

Kelajagi buyuk davlatni qurish, buyuk avlodni sog‘-salomat o‘stirish har birimizning vazifamiz bo‘lsa-da, bu ishni mutaxassislari eng to‘g’ri bajaradiganlar hisoblanishadi. Sog‘lom avlod yetishtirishni niyat qilgan abituriyentlarga esa omad tilaymiz.

Sahifani Nilufar ESONOVA tayyorladi

 

0 ta izoh

There are no comments