JURNALIST

Jurnalist kim?

Jurnalist – zarur axborotlarni to’plash, qayta ishlash va ulardan kishilarni boxabar qilish bilan shug’ullanuvchi kasb egasi.

Jurnalist nima bilan shug’ullanadi?

  • Ma’lumotlarni topish. 

Zarur axborotlarni topish jurnalist ishining 90% ini tashkil qiladi. Ma’lumot olishning 3 asosiy  usuli mavjud:

1. Kuzatuv. Bu usulni qo’llashda jurnalistdan sabr, ziyraklik hamda biroz aktyorlik mahorati talab etiladi. 

2. Intervyu. Bu metod savol-javoblar asosiga quriladi. 

3. Hujjatlar bilan tanishish. Jurnalist bosma materiallar, audio va videoyozuvlar bilan tanishish orqali ham muhim axborotlarga ega bo’ladi.     Arxiv hujjatlar bilan ishlash uchun maxsus bilim va ko’nikma ham talab etiladi.

* Ma’lumotlarni qayta ishlash. 

jurnalist.jpg

To’plangan materiallar albatta o’qib-o’rganilishi, tahlil qilinishi, faktlar qayta nazoratdan o’tkazilishi, paydo bo’lgan savollarga aniqlik kiritilishi lozim. Chunki ular keng omma e’tiboriga havola etiladi. Buni bir on ham yoddan chiqarmaslik kerak bo’ladi. 

  • Ma’lumotlarni ommaga taqdim etish. 

Jurnalist o’zi tayyorlagan materialni hammaga tushunarli uslubda, ravon tilda omma e’tiboriga taqdim etishi lozim.  

  • Qayta aloqa. 

E’lon qilingan ma’lumot (maqola, eshittirish yoki ko’rsatuv) kishilar ongi va qalbida turli taassurot uyg’otadi. Gazetxonlar, radiotinglovchi va teletomoshabinlar o’sha asosda xat yozadi, qo’ng’iroq qiladi yoki onlayn-nashr forumlarida o’z fikr-mulohazalarini qoldiradilar. Jurnalist auditoriya bildirgan fikrlarni kuzatib borishi kerak. Bahsga sabab bo’luvchi o’rinlarda muallif o’z nuqtayi nazarini himoya qila olishga tayyor bo’lishi kerak. 

Jurnalistika – abadiy xizmat ta’tili.

Jurnalist bo’lish uchun qanday qobiliyat va xislatlarga ega bo’lish lozim? 

 Ularning eng asosiylari quyidagilar:

  • ravon fikrlash va uni tiniq ifoda eta bilish;
  • qiziquvchanlik;
  • eruditsiya (bilimdonlik);
  • kuchli xotira;
  • badiiy tafakkur;
  • chiqishuvchanlik;
  • kasbiy axloq va tartiblilik;
  • hayotiy tajriba.

Avval sen noming uchun ishlaysan, keyin esa noming sen uchun ishlaydi.

Jurnalist qayerlarda ishlashi mumkin?

  • vaqtli nashrlarning (gazeta, jurnal, ma’lumotnoma) tahririyatlarida;
  • radio, televideniya, internet kabi OAV markazlarida;
  • axborot agentliklarida;
  • turli tashkilotlarning matbuot xizmatlarida.

Keyingi yillarda jahon jurnalistikasida stringer deb ataluvchi muxbirlar paydo bo’la boshladi. Stringerlar mustaqil faoliyat yurituvchi jurnalistlar sanalib, ular voqea joylaridan, “qaynoq nuqtalar”dan reportajlar tayyorlashadi. 

Jurnalist bo’lishga tayyorlanar ekansan, bayram va dam olish kunlari bilan ertaroq xayrlash.

Jurnalist bo’lish uchun qayerda tahsil olish kerak?

Jurnalist bo’lish uchun aynan jurnalistika fakultetida o’qish shart emas. Filologiya sohasida oliy ta’limni egallagan kadrlar ham bu sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritishlari mumkin. Shuningdek, boshqa soha kishilari uchun ham bu eshik ochiq. Masalan, iqtisod sohasidagi jurnalning asosiy muxbirlari iqtisod sohasining mutaxassislari sanalishadi. Bu fikrni boshqa sohalar to’g’risida ham aytish mumkin. Shunday bo’lsa-da, tipik jurnalist jurnalistika fakultetlarida tayyorlanadi. Yurtimizda bu sohadagi eng nufuzli ta’lim muassasalari quyidagilar:

1) O’zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakulteti;

2) Jahon tillari universitetining Xorijiy jurnalistika fakulteti.

Jurnalistika fakultetlari talabasi bo’lish uchun abituriyentlar yozma amaliy ish hamda ona tili va adabiyot, tarix, ingliz tili fanlaridan test sinovlarini topshirishlari kerak bo’ladi.

Siyosatchilar nurli kelajak haqida qayg’ursalar, tarixchilar nurli o’tmish haqida o’ylaydilar. Jurnalistlar esa bugungi nurafshon hayot uchun jon kuydiradilar.

Nilufar ESANOVA tayyorladi

 

0 ta izoh

There are no comments