TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining tashkil etilishi 1918-yillarga borib taqaladi. Bu institutda Turkiston atrofidagi davlatlar va sharq davlatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, ularning madaniyati hamda til va adabiyotlari o‘rgatilgan.

Keyinchalik bu institut Toshkent davlat universitetiga qo‘shib yuborilgan. 1991-yilda esa kengaytirib yana alohida institut shaklida faoliyat yurita boshlagan. Bu oliy o‘quv dargohining vazifasi— sharq davlatlarining madaniy hayoti,siyosati va iqtisodiyotini o‘rganib, ular bilan aloqalarni tashkil etishda bu omillardan unumli foydalanish. Mazkur ilm  dargohiga abituriyentlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilinadi:

1. Tarix(mintaqalar bo‘yicha) yo‘nalishi.  Qaysidir millatning madaniyatini o‘rganish uchun, albatta, uning o‘tmishini bilish zarur. Har bir millatning tarixini alohida o‘rganish uzoq vaqt talab qiladigan vazifa hisoblanadi. Shu sababli sharq davlatlari tarixini mintaqalarga bo‘lib o‘rganish ushbu yo‘nalish bitiruvchilariga xos vazifadir.

Bu yo‘nalishga o‘tgan yilgi qabulda16 nafar  abituriyent davlat granti asosida, 24 nafar  yigit-qiz  esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Undan tashqari, 8 nafar  abituriyent harbiy yo‘llanma bilan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Abituriyentlar bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun  tarix, ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan imtihon topshirishadi.

2. Falsafa yo‘nalishi. Bu yo‘nalish Sharq davlatlarining falsafiy qarashlarini, ularning fikrlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan.Falsafa yo‘nalishiga 2011-12 o‘quv yilida 7 nafar  abituriyent davlat granti asosida, 10 nafar  abituriyent to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga ham yuqoridagi kabi tarix, ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan test sinovini topshirib kiriladi.

3. Jahon siyosati yo‘nalishi. Davlatimizning dunyodagi o‘rnini yuksaltirish va ularga mos siyosat ishlab chiqish uchun ,albatta, jahondagi siyosatdan xabardor bo‘lish juda ahamiyatli hisoblanadi. Bu maqsadda jahon siyosati yo‘nalishi tashkil etilgan. 

Bu yo‘nalishga o‘tgan yilda 7 nafar  abituriyent grant asosida, 10 nafar yigit-qiz to‘lov-shartnoma asosida, harbiy yo‘llanma orqali  esa 7nafar abituriyent talabalar safiga qabul qilindi. Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar tarix, chet tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishadi.

4. Xorijiy mamlakatlar iqtisodi va mintaqashunoslik yo‘nalishi. Barchaga ma’lumki, iqtisod siyosatdan ustun turadi. Sharq davlatlari iqtisodini o‘rganish esa aynan shu yo‘nalish bitiruvchilari zimmasiga yuklanadi. Bu yo‘nalishga qabul o‘tgan yili ikki guruhda amalga oshirildi: Uzoq Sharq va MDH davlatlari hamda yaqin Sharq yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar qabul qilindi.

O‘tgan yili davlat granti asosida Uzoq sharq yo‘nalishiga 10 ta, yaqin Sharq yo‘nalishiga 9 ta abituriyent, to‘lov-shartnoma asosida esa 28 ta abituriyent Uzoq Sharq yo‘nalishiga, 21 ta abituriyent yaqin Sharq yo‘nalishiga qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishlarga abituriyentlar matematika, chet tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishib kirishadi.

5. Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi.  Boshqa davlatlar bilan aloqa qilishda tarjimonlarga doimo ehtiyoj seziladi. Bu dargohda sharq ilmi mukammal o‘rgatilishi   bois tarjimonlik yo‘nalishining bo‘lishi muhim.

Mazkur  yo‘nalishga 2011-12 o‘quv yilida 10 nafar  abituriyent grant asosida, 15nafar  abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Imtihon ona tili va adabiyot, chet tili hamda tarix fanlaridan topshiriladi.

6. Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlari. Bu yo‘nalishlar  ham mintaqashunoslik kabi ikki qismga ajratilgan: Uzoq Sharq hamda yaqin sharq. Uzoq sharq qismida talabalar yapon, koreys, urdu, xitoy, indoneziya va hk. kabi tillarni o‘rganishadi. Yaqin Sharq qismidagi talabalar esa arab, fors, turk, uyg‘ur, dariy, pushtu kabi tillarni o‘rganishadi. 

O‘tgan yili davlat granti asosida Uzoq sharq yo‘nalishiga 17 ta, yaqin Sharq yo‘nalishiga 13 ta abituriyent, to‘lov-shartnoma asosida esa 28 ta abituriyent Uzoq Sharq yo‘nalishiga, 29 ta abituriyent yaqin Sharq yo‘nalishiga qabul qilinishdi. Shu bilan birgalikda,  3 nafar  abituriyent Uzoq Sharq yo‘nalishiga, 1 ta abituriyent yaqin sharq yo‘nalishiga harbiy yo‘llanma asosida to‘lov-shartnoma bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishdi. Yuqoridagi  yo‘nalishlarning  talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar ona tili va adabiyot, chet tili hamda tarix fanlaridan imtihon topshirishadi.

Lobar BOLTAYEVA

 

 

0 ta izoh

There are no comments