TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI

0_2595_thumb.jpg

Yaqin yuz yillik tarixga ega bo‘lgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mamlakatimizdagi moliya va iqtisod sohasidagi mutaxassislarni yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik oliy o‘quv dargohlaridan biri hisoblanadi. Har yili bu ta’lim maskaniga yetti yuzdan ortiq abituriyentlar qabul qilinadi. 

Mazkur universitetning talabasi bo’lish allaqachon ko‘pchilik iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qiyotgan abituriyentlarning orzusiga aylanib bo‘lgan. Shu sababli ham bu dargoh talabasi bo‘lish, boshqa oliy o‘quv yurtlarinikiga  nisbatan biroz qiyinroq. Bu universitet yo‘nalishining o‘tish ballari ham biroz yuqoriroq bo‘ladi. 

Endi abituriyentlar uchun muhim hisoblangan qabul yo‘nalishlariga diqqatimizni qaratsak. Albatta, bu o‘quv dargohining qabul yo‘nalishlari ko‘p bo‘lgani sababli ularning yarmini keyingi sonda e’lon qilamiz.

1. Buxgalteriya hisobi va audit yo‘nalishi.  Tashkilot yoki korxonaning umumiy hisob-kitobi, kirim-chiqimi shu kasb egalari tomonidan amalga oshiriladi. Umumiy chiqimlar miqdori ham aynan ana  shu mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi.

Auditorlar esa tashkilotlarning moliyaviy holatini aniqlab beradilar. Ularning kamchiliklarini bartaraf etishadi. Hozirgi kunda auditorlik xizmatlari  yaxshigina daromadga ega bo‘layotgani ham hech kimga sir emas.

Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi. O‘tgan yilgi qabul jarayonida bu yo‘nalishga 7 nafar abituriyent davlat granti asosida, 78 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

2. Soliq va soliqqa tortish yo‘nalishi.  Davlat budjetida soliqlarning ahamiyatini ba’zan barchamiz ham yaxshi tushunmaymiz. Soliqlarning me’yorda bo‘lishi, ularni undirib olish choralarini o‘rgatuvchi soliq kodeksi asosida ish olib boradigan mutaxassislar ushbu yo‘nalish talabalari bo‘lishadi. 

Mazkur yo‘nalishga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan yigit-qizlar yuqoridagi kabi matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi. 2011-2012- o‘quv yili uchun ushbu dargoh 15 nafar abituriyentni davlat granti asosida, 48  nafar abituriyentni esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilgan.

3. Menejment yo‘nalishi.  Olib boriladigan ishlarni boshqaruvchilar menejerlar bo‘lishini gazetamizning ilgarigi sonlaridan birida aytib o‘tgandik. Boshlangan ishning oxiriga yetishini kimdir to‘liq nazorat qilib turmasa, yurgizmasa, ish, ba’zan, joyidan qimirlamay qolib ketadi. Mana shu ishlarning  boshida turuvchi kishilar esa menejer hisoblanadi. 

Menejerlar har bir sohada bo‘lishi mumkin. Hattoki, siz o‘qiyotgan gazetaning faoliyatida, gazeta sizning qo‘lingizga yetib borishida ham ularning xizmatlari bo‘ladi. 

O‘tgan yilgi qabul jarayonida ushbu yo‘nalishga 10 nafar abituriyent davlat granti asosida, 30 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga ham yuqoridagi kabi matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi.

4. Bank ishi yo‘nalishi.  Bu yo‘nalish mutaxassislarining vazifasini uning  nomidan ham bilib olsa bo‘ladi. Bank sohasi da faoliyat yurituvchilari ushbu yo‘nalishda tayyorlanadi. 

Bu yo‘nalishda ham yuqoridagi kabi matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi. Mazkur  yo‘nalishga o’tgan o‘quv yilida 15 nafar abituriyent davlat granti asosida, 48 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. 

5. Informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi.  Har bir sohada bo‘lgani kabi iqtisod sohasida ham axborot texnologiyalari rivojlanib bormoqda. Hisob-kitoblarda ular ishlarimizni ancha yengillashtiradi. Ushbu yo‘nalish mutaxassislari ham iqtisodiyot yo‘nalishida elektron dasturlar yetkazib berish bilan shug‘ullanishadi. 

Iqtisodiyot universitetida birgina ushbu yo‘nalishga matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. O‘tgan yilgi qabulda unga 10 nafar abituriyent davlat granti asosida, 18 nafar abituriyent to‘lov-shartnoma asosida, 11 nafar abituriyent esa harbiy-yo‘llanma orqali shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan.

Universitetning boshqa yo‘nalishlari haqida esa keyingi sonlarimizda yana batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments