TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI

9fbb_910e.jpg

Tibbiyot sohasida yetuk kadrlarni  tayyorlashni  o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Toshkent Tibbiyot akademiyasida har yili 650 dan ortiq talaba shifokorlik  kasbini egallashmoqda. Insonlar  salomatligi va sog‘lom turmush kechirishini  zimmasiga olgan mazkur kasb egalarini uzoq va zahmatli yo‘l kutib turadi. Chunki ushbu soha vakillari hammadan ko‘proq ilm olishadi, ko‘proq izlanishda bo‘lishadi va ularning javobgarliklari barchanikidan ham mas’uliyatli, boisi odamlar hayoti ularning qo’lida.  

Mazkur oliy o‘quv dargohi ixtiyorida juda yirik shifoxona ham mavjud bo‘lib, talabalar o‘zlarining amaliyotlarini shu yerda,  yetuk mutaxassislar yordamida o’tkazishadi va malakalarini oshirishadi. 

 Toshkent Tibbiyot akademiyasi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha abituriyentlarni o‘qishga taklif qiladi:

1. Davolash ishi.  Mazkur yo‘nalish tibbiyot akademiyasining eng ko‘p talaba  qabul qiladigan fakulteti hisoblanadi. Ushbu yo’nalishga kirgan talabalar inson salomatliligiga oid barcha sir-asrorlarni o‘rganib borishadi. Ta’lim jarayoni yetti yil davom etadi. Hakimlikning qaysidir sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun esa talabalar bakalavriaturani tugatgach,  magistratura bosqichida ham tahsil olishadi. Magistratura bosqichi esa uch yildan iborat. 

Bu fakultetga 2011-2012 yilgi qabul jarayonida 79 nafar abituriyent davlat granti asosida, 124 nafar yigit-qiz esa to‘lov- shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilindi.  Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lishni xohlagan  abituriyentlar biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

2. Stomatologiya yo‘nalishi. Inson og‘iz bo‘shlig‘i, asosan, tish qismining kasalliklarini davolovchi kasb egalari ushbu yo‘nalish bitiruvchilari hisoblanadi.  Bu kasb egalarining vazifalariga og‘iz bo‘shliqlari xastaliklarini davolash, protez tishlar qo‘yish kabilar kiradi. Mazkur fakultet talabalarining  o‘qishi jarayoni 5 yil davom etadi. Magistratura bosqichi esa davolash ishi kabi 3 yildan iborat.  

Ushbu yo‘nalishga o‘tgan yilgi qabul jarayonida 21 nafar  abituriyent davlat granti asosida, 60 nafar  yigit-qiz esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. Mazkur  fakultet  talabasi bo‘lish uchun ham biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

3. Tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishi. Kishi  salomatliligiga ta’sir qiluvchi eng asosiy omillardan biri tozalik va ozodalik hisoblanadi. Ishlab chiqarish korxonalari, davlat muassasalari va boshqa tashkilotlarda tozalik me’yorlarini tuzish, ularning amalga oshishini nazorat qilish ushbu soha vakillarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Sanitariya- epidimologiya stansiyalarining (SES) mutaxassislari, asosan, shu fakultet bitiruvchilari orasidan tanlab olinadi. Mazkur yo’nalish  talabalari bakalavr bosqichini 6 yilda tamomlashadi. 

Bu fakultetga 2011-2012 o‘quv yilida 42 nafar abituriyent davlat granti asosida, 56 nafar yigit-qiz esa to‘lov-shartnoma asosida qabul qilinishgan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test imtihonlari topshirishadi.

4. Oliy malakali hamshiralik yo‘nalishi. Bu yerda  shifokorlarning asosiy yordamchilari, hamshiralarning, yuqori malakalilari tayyorlanadi.  Ushbu fakultet  talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar oldin  tibbiyot kolleji yoki litseylarini tugatgan bo‘lishi lozim. Mazkur yo‘nalish talabalari akademiyada  3 yil davomida ta’lim olishadi. 

Bu fakultetga o‘tgan yilgi qabul jarayonida 38 nafar  abituriyent davlat granti asosida, 45 nafar yigit-qiz esa  to‘lov-shartnoma asosida o’qishga  qabul qilindi.  Ushbu yo‘nalish abituriyentlari biologiya hamda ona tili va  adabiyot fanlaridan test sinovlari topshirishadi. Biologiya fanidan har bir savol 3,1 balldan, ona tili va adabiyot fanlaridan esa har bir test savoli 1,1 balldan baholanadi. Bundan tashqari, abituriyentlar 75,6 ballgacha ijodiy ish sinovida ball to’plashlari kerak.

5. Kasb ta’limi yo‘nalishi. Mazkur fakultetda barcha sohalarda bo‘lgani kabi  soha o‘qituvchilari tayyorlanadi. Bu yo’nalish talabalari xuddi davolash ishi fakultetida o’qiyotganlar  kabi ta’lim olishsa-da, kelgusida sohaga oid oliy o’quv yurtlarida  o‘qituvchilik qilishi mumkin. 

O‘tgan yili bu fakultetga  34 nafar abituriyent  grant asosida, 51 nafar yigit-qiz esa  to‘lov-shartnoma asosida qabul qilingan. Bundan tashqari,  58 nafar  abituriyent harbiy yo‘llanma orqali ham talabalar safiga o‘tishgan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lishni xohlaganlar  biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

 

0 ta izoh

There are no comments