NARKOLOG

Vrach-narkolog kim?

Vrach-narkolog alkogolizm va narkomaniya girdobiga tushib qolganlarni aniqlash, ro‘yxatga olish, qatnab yoki yotib davolash ishini yo‘lga qo‘yish ishlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis hisoblanadi.

Narko.jpg

U qayerlarda ishlashi mumkin?

Narkolog poliklinikalarda, narkologik statsionarlarda, ekspertiza bo‘limlarida, reabilitatsiya markazlarida faoliyat yuritadi. 

Uning vazifasi nimalardan iborat?

Narkologning vazifasi u ishlaydigan qism bilan bog‘liq. Biz quyida qaysi bo‘limdagi vrach-narkologning qanday ish bilan shug‘ullanishi haqida ma’lumot beramiz.

Uchastka narkologi

Uchastka narkologi mahalliy poliklinikada ishlab, o‘ziga biriktirilgan hududga xizmat qiladi. Bu mutaxassis narkologik yordam bilan murojaat qilgan bemorlarni qabul qiladi, tushuntirish ishlari olib boradi, ambulator davolash ishlarini o‘tkazadi, yotqizib davolash kerak bo‘lgan bemorlarni narkologik statsionarga jo‘natadi. Shuningdek,  mijozlarining uylariga borib xabar olib turadi, o‘z hududidagi ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Biroq uchastka narkologining eng asosiy vazifasi boshqa narsa, u ham bo‘lsa narkologik ro‘yxat (“uchyot”) ga olish, “yangi” alkogolik va narkomanlarni aniqlab, kuzatib borish.

Narkologik statsionar vrachi

Bu vrach qabuliga uch turdagi bemorlar guruhi kelishadi:

1. Psixotik holatdagi bemorlar. 

2. Og‘ir holatdagi narkomanlar.

3. Og‘ir holatdagi alkogoliklar.

Demak, bu vrach yotqizib davolash ishlarini olib boradi. Oldindan aytib qo‘yishimiz kerakki, bu ish oson emas, biroq yetuk vrach-narkolog bo‘lib yetishishda muhim ahamiyatga ega. 

Ekspertiza bo‘limi vrachi

Bu mutaxassis tibbiy tekshiruv ishlarini amalga oshiradi. Aniqrog‘i, keltirilgan shaxsning alkogol yoki boshqa sarxush qiluvchi moddani iste’mol qilgan-qilmaganligini tasdiqlaydi, agar mast bo‘lsa, uning darajasini aniqlaydi. Bu bo‘limning asosiy mijozlari nozirlar tomonidan keltirilgan haydovchilar va ish paytida boshliqda shubha uyg‘otgan ishchi xodimlar sanalishadi.

Reabilitatsiya markazi vrachi

Bu markazda og‘ir holatdan chiqqan alkogolik va narkomanlar tiklanish kurslarini o‘tashadi. Markaz vrach-narkologi mijozlarni to‘liq reabilitatsiya qilish maqsadida psixologlar, ijtimoiy ishlar bo‘yicha mutaxassislar, instruktorlar va ko‘ngillilar (masalan, anonim alkogoliklar) bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Bulardan tashqari,  ham davlat, ham xususiy sektorlarda faoliyat yurituvchi narkologlar ham bo‘ladi. 

Bu kasbning qanday qiyinchilik tomonlari bor?

Vrach-narkolog o‘z faoliyati davomida quyidagi salbiy holatlarga tez-tez duch keladi:

1) harchand harakat qilmasin, tushuntirish bermasin, ayrim mijozlarning taqiqlangan moddani yashirin qabul qilaverishi; 

2) kasalliklar, moddiy qiyinchiliklar, oilalarning buzilishi, bolalarning tashlab ketilishi, yolg‘izlik, barbod bo‘lgan hayot va o‘lim kabi “syurpriz”larga kunda guvoh bo‘lish;

3) chin dildan madad so‘rab kelgan bemorlarga yetarlicha yordam bera olmayotganligi uchun vrachning o‘z-o‘zini ayblashi, vijdon qiynalishi va buning oqibatida kelib chiqadigan bosh og‘rishi, uyqusizlik, asab buzilishi, tushkunlik holatlarini boshdan kechirish.

Ammo… 

Mazkur holatlarga qaramay, narkologning ishi jamiyatda juda yuqori baholanadi. Hammamizga ma’lumki, butun dunyo  alkogolizm va narkomaniyaga qarshi kurashmoqda. Bunda narkologlarning o‘rni beqiyos. Bu kasb – asl fidoyilar kasbi. Narkologlarning sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, kimningdir yaqinini yana bag‘riga qaytarib berish, kimningdir oilasini, yana kimningdir hayotini qayta izga solish, to‘rt muchasi sog‘ farzandlarning dunyoga kelishida qilayotgan xizmatlarini hech narsa bilan baholab bo‘lmaydi.

P. S. Narkolog kasbini egallamoqchi bo‘lgan abituriyentlar avval oliy tibbiyot bilim yurtlarida bakalavriatni, so‘ngra psixiatriya va narkologiya kafedralarida magis-tratura bosqichini tamomlashlari kerak bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlarda Biologiya, Kimyo, Ona tili va adabiyot fanlaridan test sinovlari topshiriladi.

sahifani 

Nilufar ESANOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments