TAKRORLASHNING FOYDASI KATTA

Фо�о07131.jpg

Sadoqat, sizni, avvalo,  talaba bo‘lganingiz bilan samimiy tabriklayman. O‘qishlaringizga muvaffaqiyat tilayman. 

Tabrik va tilak uchun katta rahmat. Bu yil men uchun juda omadli keldi. O‘zim yaxshi ko‘rgan oliy o‘quv yurtining talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Oldimda turgan endigi asosiy vazifa qunt bilan o‘qishdan iborat. 

Sizning fikringizcha, abituriyent tayyorgarlik paytida, avvalo, nimalarga e’tibor berish kerak, ya’ni qaysi fanlarni ko‘proq o‘qish zarur? 

Nazarimda, o‘qishga tayyorgarlik ko‘rayotgan odam uchun birinchi yoki ikkinchi darajali ishning o‘zi bo‘lmasligi kerak. Masalan, o‘zim tahsil olayotgan tibbiyot akademiyasini olib ko‘raylik. Test savollarida kimyo va biologiya fanlariga ko‘proq ball beriladi. Lekin men kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyotga birdek tayyorgarlik ko‘rdim. Sababi barchasining ham o‘rni bor. Avvalo, hamma fanlarni bilish institutga kirgandan keyin ham kerak. Masalan, ona tili va adabiyotdan tayyorgarligingiz puxta bo‘lmasa, aynan shu fan sizga pand berishi, yetarlicha ball to‘plashingizga xalaqit berishi mumkin. 

Tayyorgarlik jarayonida ishni nimadan boshlash kerak, deb o‘ylaysiz? 

Menimcha, avvalo, odamda maqsad bo‘lish kerak. Bu unga kuch bag‘ishlaydi va yo‘lini belgilab beradi. Savol tug‘ilishi mumkin: maqsad nima? Misol uchun, har bir yigit yoki qizning kelgusida biror bir kasbni egallashi to‘g‘risida  orzusi bo‘ladi. Shu niyatimni amalga oshiraman deb harakat qilgan har bir kishi, albatta, erishadi. Bu uning o‘ziga bog‘liq. Keyin odam o‘ziga ishonishi kerak. Bu ham kishiga katta kuch va quvvat beradi.

Bir narsani alohida ta’kidlashni xohlardim: odam bilmaganini hech tortinmasdan ustozlaridan so‘rashi kerak. Buning hech qanday  noqulay tomoni yo‘q. Bu to‘g‘risida Navoiy bobomizning ham she’rini eslaylik:

       Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim,

       Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.

Abituriyentlik davrida odam barcha kuch va harakatini bir joyga qaratishi lozim deb o‘ylayman. Ana shunda natija bo‘ladi. Masalan, o‘rtoqlari bilan kino yoki teatrlarga tushish, to‘y yoki  tug‘ilgan kunlarga borish va  televizorda turli seriallarni ko‘rishdan voz kechish lozim. Sababi bular har qanday odamni chalg‘itadi. Ba’zilar aytishi mumkin: faqat o‘qiyverib miya charchab ketadi, asablarga dam ham berish kerak-ku? To‘g‘ri, odam dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi kerak. Lekin har kuni ikki-uch soat ajratib, uyda televizor tomosha qilish yoki biror bir o‘ziga ma’qul bo‘lgan badiiy kitob o‘qish mumkin. Bu, albatta, mening shaxsiy fikrim. Buni o‘z hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytyapman. 

Odamning irodasi ham mustahkam bo‘lishi lozim. Irodasi kuchli inson hamma ishning uddasidan chiqadi. Tayyorgarlik davrida ham kuchli iroda juda zarur. Sababi barcha fanlarni o‘zlashtirish odamdan sabr va matonatni talab qiladi. 

—Siz tayyorgarlik paytingizda repetitorga ham bordingizmi? 

—Men poytaxtimizdagi Navoiy nomli abituriyentlarni tayyorlash o‘quv markaziga qatnadim. Bu menga bilimimni oshirishda  va dunyoqarashimni kengaytirishda juda katta yordam berdi. U yerdagi ustozlarimdan ham bir umr minnatdorman. Keyin mazkur o‘quv markazi va boshqa o‘quv markazlarida gohida o‘tkaziladigan testlarda ishtirok etib,  o‘zimning bilimimni sinab bordim. Buning ham foydasi katta bo‘ldi.

— Oliy o‘quv yurtida o‘qish qiyin emasmi?

— Hozircha qiyinchilikni sezganim yo‘q. O‘zi xohlab kasb tanlagan odam har qanday qiyinchilikni yengadi deb o‘ylayman. Axir “Talabalik- oltin davr” deyishadi-ku. Albatta, o‘ziga ma’qul mutaxassislikni egallashda ayrim muammolar ham bo‘lishi tabiiy.   

—Abituriyent do‘stlaringizga qanday tilaklaringiz bor? 

—Ularga omad doimo hamroh bo‘lsin. Chunki hayotda omadning ham o‘rni katta. Agar odam o‘ziga ishonsa va astoydil tayyorgarlik ko‘rsa, albatta, talaba bo‘ladi. Keyin har bir kishi izlanishda va harakatda bo‘lsa, omad uni bir umr tark etmaydi deb o‘ylayman.

Xullas, o‘qish, takrorlashning foydasi katta.

Oydin ZOKIROVA
suhbatlashdi.
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments