HECH KIMNI OMAD TARK ETMASIN

IMAGE_042.jpg

– Avvalo, sizni talaba bo‘lganingiz bilan chin dildan tabriklaymiz va keyingi o‘qishlaringizda ham omad sizga yor bo‘lsin. 

– Tabrik va tilak uchun katta rahmat. Bu yil mening orzum ushaldi. Talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Albatta, bunday kunlarni orziqib kutgandim. Hozir institutda o‘qishlar ham boshlanib ketdi. Yaxshi o‘qishni, barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘zlashtirishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. 
– Abituriyentlik paytingizda, ya’ni o‘qishga tayyorlanish jarayonida, asosan, nimalarga e’tibor berdingiz? 
– Juda o‘rinli savol berdingiz. Boisi abituriyentlik paytida asosiy vazifa tayyorlanish hisoblanadi. To‘g‘risi, men astoydil tayyorlandim. Iloji boricha butun vaqtimni o‘qishga, o‘tilgan mavzularni takrorlashga sarf qildim. 
Asosan, kundalik reja bo‘yicha ish olib bordim. Har bir lahzaning qadriga yetishga harakat qildim. Tug‘ilgan yerimga o‘tgan bir yil mobaynida bor-yo‘g‘i uch marta borib-keldim, xolos. Kechalari uzog‘i bilan 6 soat uxlardim. Lekin ruhim tetik yurardi. Sababi o‘qishga kirish maqsadida barcha qiyinchiliklarni yengishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ygandim. Xayolimda faqat institutga kirish orzusi edi. Bu menga kuch-quvvat berardi desam, mubolag‘a qilmagan bo‘laman. 
O‘tilgan mavzularni takrorlashga ham alohida e’tibor qaratdim.Takrorlashda hikmat ko‘p. Bilimingiz tobora charxlanib boraveradi. Men haftadagi bir kunni o‘tilganlarni takrorlashga sarflardim. Texnika yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga kirishni maqsad qilganim uchun matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. 
– Tayyorlanish paytida tushunmagan mavzularingiz bo‘yicha sizga kim yordam berdi? 
–  Men o‘qishga Toshkentda tayyorgarlik ko‘rdim. “Navoiy” abituriyentlarni tayyorlash o‘quv markaziga bir yarim yil qatnadim. Bu yerda men ko‘p narsani o‘rgandim. O‘qituvchilarning dars o‘tish uslubi, ya’ni yangi texnologiyalar asosida mashg‘ulotlarning olib borilishi menga ma’qul bo‘ldi.
Ko‘proq yo‘l qo‘ygan xatolarim ustida ishlashga harakat qildim. Masalan, o‘quv markazidagi o‘qituvchilar uy vazifasidagi kamchiliklarimni ko‘rsatib berishardi. Men ularni mustaqil ravishda o‘zim bajarishga harakat qilardim. Bilimimni oshirishga buning foydasi katta bo‘ldi. Umuman “Navoiy” abituriyentlarni tayyorlash o‘quv markazidagi o‘qituvchilardan minnatdorman. Ularni bir umr eslab yuraman. 
– Omadga ishonasizmi?
– Albatta, ishonaman. Odamning omadi bo‘lmasa, har bir ishda qoqilishi mumkin. Masalan, bu yil mening omadim kelib o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Lekin “Omad kuchlilarga kulib boqadi” degan naql ham bejiz aytilmagan. Shu bois ,avvalo, odamda kuchli bilim bo‘lishi kerak. 
– Abituriyentlarga tilaklaringiz? 
– Tayyorgarlik paytida odam hamma narsani unutishi, butun sa’y-harakatini kitob o‘qishga qaratishi zarur. Ya’ni chalg‘imasdan, fikrni bir joyga qo‘yib, astoydil va jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Ana shunda har bir yigit-qiz ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Abituriyent do‘stlarimga har doim omad va muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilayman. 
 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments