ISHONCH – KATTA KUCH

-Sevara, avvalo, sizni nufuzli universitetning talabasi bo‘lganligingiz bilan tabriklaymiz. Bunga qanday erishdingiz? 

HappySevara43.jpg

- Tabrik uchun rahmat.  Nazarimda,  odam niyat qilsa, hamma orzulariga erishadi. Albatta, buning uchun insonda sabr-toqat va iroda kuchli bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Astoydil tayyorlangan, o‘qigan abituriyent, shubhasiz, niyatiga erishadi. To‘g‘ri,  tayyorgarlik bilan birga omad ham muhim rol o‘ynaydi.  Ba’zan omad ma’lum muddat  odamdan  yuz o‘girishi ham mumkin. Lekin astoydil harakat qilgan kishi orzusiga erishadi. Axir “Omad kuchlilarga kulib boqadi” degan naql bejiz aytilmagan.  

Men o‘qishga tayyorgarlikni O‘zbekiston Jahon tillari universiteti 2-litseyining II–kursida o‘qib yurgan paytlarimda boshlaganman. Deyarli har kuni darsdan keyin poytaxtimizdagi o‘quv markazlaridan biriga yoki  “TEAM” til o‘rgatish markazining kutubxonasiga borib bilimimni oshirishga harakat qilardim. 

Ilgari jurnalist bo‘lishni, xorijda o‘qishni orzu qilardim. Toshkentda bir necha chet mamlakatlar institutlarining filiallari ochil-ganligi va katta akam Arslon Toshkent sharq-shunoslik institu-tini bitirib xorijda ishlayotganligi bois fikrim o‘zgardi. Shu sababli Toshkent xalqaro Vest-minster universi-tetiga o‘qishga kirdim.   

- Mana, siz hozir talabasiz. Aytingchi, talabalik qiyinmi yoki abituriyentlik? 

- Ikkalasining ham o‘ziga xos jihatlari bor. Masalan, abituriyentlik paytida doimo odamning xayolida bir narsa aylanaveradi: o‘qishga kirishim kerak. Ertalab uyqudan uyg‘onganingizda ham ko‘nglingizdan shu fikr o‘tadi. Shu bois astoydil harakat qilasiz, sizdagi mas’uliyat hissi tinchlik bermaydi. 

Talabalik davri esa umuman boshqacha ekan. Hayotda bir dovondan oshganingiz uchun o‘zingizga ishonchingiz oshib,  ko‘nglingiz ancha xotirjam bo‘ladi. To‘g‘ri, talabalik paytida ham ish ko‘p, vaqt kam. Ayniqsa, men ta’lim olayotgan oliy o‘quv yurtidagi tartib-qoidalar boshqa institutlarnikidan farq qiladi. Masalan, ko‘proq talabalarga mustaqil dars tayyorlash uchun erkinlik beriladi. O‘qituvchidan har doim ham tushunmagan mavzularni so‘ray olmaysan. Buning uchun alohida ruxsat olish zarur bo‘ladi. Lekin buning ham o‘zgacha gashti bor. Odam izlanadi, mustaqil ishlashga o‘rganadi. Shu bilan birga, o‘zingizda g‘urur, iftixor hissini tuyasiz.  Kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lish, yurtimizga foyda keltirish uchun intilasiz. Oliy o‘quv yurtiga kirmasdan oldin,  tabiiyki, bularni o‘ylamaysiz.  

Menimcha, abituriyentlik davri qiyinroq. Sababi unda psixologik jihatdan katta yuk bo‘ladi. Oldida turgan katta dovondan o‘tib olish vazifasi  turadi.  Aslida ikkalasi ham oson emas. Ammo abituriyentlik davri murakkabroq, deb hisoblayman.

- Siz tahsil olayotgan oliy o‘quv yurtidagi ta’lim jarayonlari bilan gazetxonlarimizni tanishtirsangiz?

- Bizda boshqa institutlarga nisbatan ta’lim berish sal boshqa-charoq tarzda amalga oshiriladi. Ko‘proq talabalarga mustaqil ravishda bilim olish imkoniyati berilgan. Mashg‘ulotlarda qatnashish ixtiyoriy. Xohlagan odam universitetga kelmasdan uyida yoki kutubxonada dars qilishi ham   mumkin.

- O‘qishni bitirib qaysi sohada ishlash niyatingiz bor? 

- Mamlakatimizda tadbirkorlik yildan-yilga  rivojlanib bormoqda. Men universitetni tamomlagandan keyin chetga mahsulot eksport qiladigan xususiy korxonada faoliyat yuritishni xohlayman. Ana shunda jamiyatimizga ko‘proq foydam tegadi deb o‘ylayman. 

- O‘qishga kirish orzusida yurgan abituriyent do‘stlaringizga qanday tilaklaringiz bor? 

- Avvalo, ularga omad tilayman. Shu bilan birga, abituriyentlar bir narsani esdan chiqarmasliklarini so‘rardim: bu paytda ayrim narsalardan voz kechish kerak. Masalan, men rus yozuvchilarining asarlarini o‘qishni yoqtiraman. Lekin universitetga tayyorlanish jarayonida ularni o‘qimadim. Sababi bunday kitoblardan kirish imtihonlarida savollar  tushmaydi. 

Shuningdek, vaqt kam bo‘lganligi uchun har bir daqiqadan samarali foydalanishni, kamroq uxlashni, kamroq televizor ko‘rishni odat qilish kerak!

 Oydin ZOKIROVA suhbatlashdi

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments