TOSHKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI NEFT VA GAZ FAKULTETI(11/2011)

Dunyoda asosiy energiya manbayi neft va gaz konlari hisoblanadi. Shu bois ulardan unumli foydalanish, topish va qayta ishlash bo‘yicha malakali mutaxassislarni yetishtirish sohasidagi  muhim vazifalardan biridir.  Mamlakatimizda mazkur vazifa bilan  Toshkent Davlat texnika universitetining neft va gaz fakulteti shug‘ullanadi.  

Albatta, bizning yurtimizda ham foydalanishga topshirilgan va lekin hali kashf qilinmagan konlar ham  ko‘plab  topiladi. Ularni qazib olish, qora oltinning har bir tomchisini isrof qilmasdan qayta ishlash uchun malakali mutaxassislarga ehtiyoj katta. 

Politex

Shu maqsadda har yili Toshkent Davlat texnika universitetining neft va gaz fakulteti abituriyentlarni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qiladi.

1. Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalish mutaxassislari neft va gaz konlari joylashuvi, u yerning xavfsizligi  va joylashish o‘rnini o‘rganish bilan birga,  hali kashf qilinmagan konlarni qidirib topishadi. Albatta, buning  uchun ular tarmoqdagi  zamonaviy texnologiyalardan foydalanishadi. 

Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

2. Neft va gaz quvurlari. Neft va gazni qayta ishlash sanoati ob’yektlarini loyihalash yo‘nalishi. Konlardan qazib chiqarilgan neft va gazdan   unumli foydalanish va ularni  kerakli manzilga isrof qilmasdan  yetkazib borish maqsadida quriladigan neft va gaz quvurlari va ularni qayta ishlovchi zavod-korxonalar  aynan mana shu yo‘nalish mutaxassislari tomonidan  amalga oshiriladi hamda  amaliyotga tatbiq etiladi. 

Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun ham abituriyentlar mate-matika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

3. Neft va gaz konlarini ishga tushirish va ulardan foydalanish yo‘nalishi. Yuqorida konlarni qidirib topadigan  kasb egalari to‘g‘risida  hikoya qilgandik. Ular topgan konlarga kerakli asbob va uskunalarni o‘z vaqtida o‘rnatilib, u yerdan qazib olingan  neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazilishini ta’minlovchi va tayyor konlardan qazib chiqarilishni nazorat qiluvchi mutaxassislar ushbu yo‘nalishda  tayyorlanadi. Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun ham yuqoridagi kabi matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

4. Neft va gaz konlarining mashina va jihozlari yo‘nalishi. Zamonaviy texnologiyalar rivojlangan zamonda maxsus mashina va jihozlardan foydalanmaslik  ish samaradorligini juda pasaytirib yuboradi. Shu sababli ham bunday jihoz va uskunalardan foydalana oladigan mutaxassislarga o‘z-o‘zidan ehtiyoj tug‘iladi. Bu yo‘nalish talabalari shunday zamonaviy texnika ustalari bo‘lib yetishishadi.

Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi.

5. Atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishi. Hozir dunyodagi eng asosiy muammolardan biri ekologiya  hisoblanadi. Neft va gazni ishlab chiqarishda atrof-muhitga zararli moddalarni chiqarishning o‘ziga yarasha me’yorlari mavjud. Ushbu me’yorlar jahon  standartlari asosida belgilanib,  bu me’yordan oshib ketmaslikni atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishi mutaxassislari ta’minlab berishadi. Bu yerda ta’lim olayotgan yigit-qizlar qanday me’yorlar bor va ularga qanday rioya  qilishni talabalik davrlarida o‘rganib olishadi.

6. Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishi.  Qazib olingan neft ishlov berilmaguncha qora suyuqlikdan iborat bo‘ladi. Neftga kerakli ishlovni berib, talabga javob beradigan mahsulotga  aylantira oladigan mutaxassislar ushbu yo‘nalishda yetishib chiqishadi. Ular talabalik davrida  bu ishning butun sir-asrorini o‘rganishadi. 

Mazkur yo‘nalishga boshqalariga  nisbatan ko‘proq yigit-qizlar qabul qilinishi ham ushbu soha mutaxassislariga talab ko‘pligidan dalolat beradi. Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar kimyo, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test imtihonlari  topshirishadi. 

Mamlakatimizda neft va gaz sohasini rivojlantirish uchun yuqoridagi mutaxassislarga  ehtiyoj katta, shuningdek,  bu yo‘nalishlar bir-biriga uzviy bog‘langan.

Universitetning o‘tgan yilgi qabul rejalari haqida gazetamizning oldingi sonida to‘liq ma’lumot berganimiz sababli bu safar ularni takrorlamadik.

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments