MUXLIS (11/2011)

Yoshligimizda  ko‘rgan multfilmlarimizdan birida kaltakni qushga to‘g‘rilab, xuddi avtomatda otganday otishadi-da, mo‘ljalga olingan qush yiqilib tushadi. Multfilm so‘nggida esa  “bulardan hech biri bo‘lishi mumkin emas, faqat biz shuni juda xohladik, xolos” – degan so‘zlarni aytishadi. 

Albatta, insonni yaxshi yo‘lga boshlovchi uning  orzusi hisoblanadi. Amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlar  uchun insonda xohish, ya’ni istak   har doim hozir-u nozir. Gohida esa  odamda xohish  tug‘ila qolmaydi: go‘yo o‘zini taroziga solayotganday.  “Unday bo‘lsa-chi, shuncha mehnat qilsam-u o‘xshamay qolsa-chi?” kabi ikkilanishlar  miyangizda aylanaveradi.

Bu ikkilanishlarni yengib o‘tishning birdan bir yo‘li esa insondagi  o‘ziga nisbatan ishonch hisoblanadi. Agar o‘zingizni ishontirsangiz,  miyangizdagi  o‘n besh milliard hujayra sizni qo‘llab- quvvatlashga harakat qiladi. Ular siz bilan birga kuyib-pishishni boshlaydi.

Muhlis

Tasavvur qilyapsizmi, 15 milliard muxlis  shu ishni bajarishingizni sizdan talab qilyapti. Albatta, shuncha muxlisi, ya’ni ishqibozi  bo‘lgan futbol jamoasi har qanday jamoani yengadi.  Dunyodagi eng kuchli jamoalar muxlis orttirish uchun tinmay harakat qilishadi. Lekin sizdagi muxlislaringizning hammasi miyangizning ichida, sizni boshqarmoqda. Futbolda sevimli jamoasi mag‘lubiyatga uchragach, ishqibozlar ularni gohida haqoratlashadi ham. Sizni  esa  muxlislaringiz tushkunlikka tushmaslikka,  boshqatdan urinib ko‘rishga chorlaydi.

Sizga shuni aytishimiz mumkinki, bunday  muxlislaringizni o‘zingizdan uzoqlashtirmay doimo olib yuring, ana shunda sizga hech kim yeta olmaydi. 

Xo‘p, muxlislarni qanday qilib o‘zimizdan uzoqlashtirmaslik mumkin, degan tabiiy savol tug‘iladi.  (Albatta, g‘alaba qozonishingizga ishonib) 

Faraz qilaylik, bir savolga  duch keldingiz.  Ko‘rinishidan juda murakkab. (Unutmang, ko‘pincha ko‘rinishi murakkab savollar juda oson yechiladi.) Siz  savolni ko‘riboq  umidsizlikka tushasiz. “Ustozimdan so‘rasammikan…” deb o‘ylab ham qolasiz. 

 “Bobur yaxshiroq biladi, shundan bir og‘iz ishlanish yo‘lini so‘rab ko‘rsammikan…” degan o‘y- fikrlar miyangizni zabt etadi. Shunday holatda esa muxlislaringiz sizni emas, boshqalarni olqishlayotgan bo‘ladi. Ya’ni sinov  boshlanishidan oldinroq siz muxlislaringizga biz bugun mag‘lubiyatga uchraymiz, befoyda olqishlab o‘tirmanglar deb shipshitib qo‘yyapsiz. Bunday holda  muxlislar qanday ahvolga tushishini tasavvur qilgan bo‘lsangiz kerak.

Aksincha  “To‘g‘ri,  bu savol qiyin,  lekin men uni yecha olaman. Nima qilibdi,  ko‘rinishi qiyin bo‘lsa, baribir testda yechilishi mumkin bo‘lmagan savol berilmaydi-ku”,–degan fikrlar bilan o‘zingizni tayyorlashingiz kerak. Shunda muxlislar siz tomonda bo‘lishadi. Chunki  ular sizning muxlislaringiz. Sizning har bir gapingizga ishonishadi. Sizdagi  g‘alabaga bo‘lgan ishonch, ularga ham ishonch bag‘ishlaydi.

Hozirgacha mag‘lubiyatga uchragan biron bir futbol jamoasining  o‘yindan oldin taslim bo‘lganini bilmaymiz.  Hattoki, eng kuchli jamoaga to‘g‘ri kelib qolganda ham “Agar shuni yutsak, hamma bizni maqtaydi; yutqazsak, ko‘pchilik to‘g‘ri  tushunishadi”,–degan fikrlar xayolidan o‘tadi. Maydonga tushganda esa “yo‘qotadigan narsamiz yo‘q, shu sababli hujum qilamiz “-,deyishadi. 

Tabiiyki, hayotda har doim ham g‘alaba qozona-vermaymiz. Muvaffaqiyat bor joyda mag‘lubiyat ham bo‘ladi. Lekin  mag‘lubiyatga uchragan paytimizda  o‘zimizni qo‘lga olib, uning  sabablarini o‘rganishimiz  va kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘rishimiz  muhimdir. 

Hurmatli abituriyent,  hali tayyorgarlik bosqichi tugamadi.  Asosiy musobaqaga, ya’ni test sinovlariga  hali bir yarim oy atrofida vaqtimiz bor. 

Agar qachondir muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsangiz, bu g‘alaba sizdan butunlay yuz o‘girdi degani emas. Hali hammasi oldinda, muxlislaringizni xushnud qiling. Ularga imkon beringki, ular sizni muvaffaqiyatga yetaklab borishsin.

Mahmudjon YUSUFJANOV

0 ta izoh

There are no comments