TOSHKENT XALQARO VESTMINSTER UNIVERSITETI (10/2011))

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1997-yildagi Farmoniga asosan, Buyuk Britaniyaning Westminster universiteti bilan hamkorlikda Toshkent xalqaro Vestminister universiteti (TXVU) tashkil qilindi.

Ushbu nufuzli dorilfununning beradigan barcha ilmiy darajalari Londondagi universitet orqali tasdiqlangan bo‘lib, ilmiy diplomlarning barchasi o‘sha o‘quv dargohidan olinadi.

Universitetning asosiy maqsadi xalqaro sifat talablariga javob bera oladigan ta’lim berish hisoblanadi. 

Mazkur o‘quv yurtiga abitu-riyentlar yil davomida kirish uchun ariza topshirishlari mumkin. O‘qishga qabul qilinish uchun bar-cha qabul talablariga javob berish lozim.

Xalqaro umumta’lim kursiga kirish uchun quyidagi talablar belgilangan:

- Birinchi o‘quv yili mobaynida talaba 17 yoshga to‘lishi kerak (o‘quv yili 1 oktabrdan 30 sentabrgacha davom etadi);

- Kamida 5.5 IELTS balli (IELTSning yozma bo‘limidan 5.0 balldan kam bo‘lmasligi kerak) yoki shunga teng TOEFL balli;

- TXVUning matematikadan kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirish yoki matematikadan shunga mos tan olingan malakaga ega bo‘lish, shuningdek,  Vestminster universiteti tomoni-dan tan olingan GCSE yoki International Baccalaureate malakalariga ega bo‘lish;

- O‘zbekiston fuqarolari keng miqyosdagi maktab fanlarini o‘qiganligi va maktabni tugatganligi to‘g‘risida shaho-datnomaga ega bo‘lishlari kerak.

Bakalavr kurslariga kirish uchun quyidagi talablar qo‘yilgan:

- Birinchi o‘quv yili mobaynida talaba 18 yoshga to‘lishi kerak (o‘quv yili 1 oktabrdan 30 sentabrgacha davom etadi);

- Kamida 6.0 IELTS balli-Tijoriy huquq kursiga 6.5 (IELTSning yozma bo‘limidan 6.0 balldan kam bo‘lmasligi kerak) yoki shunga teng TOEFL balli;

- TXVUning matematikadan kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirish yoki matematikadan shunga mos tan olingan malakaga ega bo‘lish, shuningdek, Vestminster universiteti tomonidan tan olingan GCSE A/S, International Baccalaureate, SATS, ACT kabi malakalarga ega bo‘lish;

- Xohlovchilar O‘zbekiston oliy ta’lim dargohlarida birinchi o‘quv yilini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lishlari kerak;

O‘qishga kirishni xohlovchilar o‘z bilim darajalarini tasdiqlovchi  hujjatlarni universitetga olib kelib ko‘rsatishlari kerak (masalan, IELTS sertifikati, attestat va hokazo). Taqdim etilgan hujjatlarga qarab ariza topshiruvchilarga shartli taklif (conditional offer) va shartsiz taklif (unconditional offer) xatlari beriladi.

Shartli taklif (conditional offer) ariza topshiruvchining hujjatlari barcha qabul talablariga mos bo‘lmagan taqdirda beriladi (masalan: IELTS imtihondan o‘tmagan,  maktab yoki litsey ta’limini tugatmagan bo‘lsa). O‘qishga qabul sharti xatda ko‘rsatiladi.

Shartsiz taklif (unconditional offer) ariza topshiruvchiga barcha qabul talablarini bajargan taqdirdagina beriladi

TXVU da o‘qish uchun IELTS sertifikatini Britaniya kengashidan olishingiz mumkin. Matematika va mantiq testlari esa har oyda bir marta universitet o‘quv binosida o‘tkaziladi. Bu sinov sanalari haqidagi to‘liq ma’lumotni universitet sayti orqali bilib olishingiz mumkin. Ushbu sinovlardan o‘tgan talabalar to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinishadi. To‘lov-shartnoma narxi yiliga 4800 AQSh dollari. 

Grant asosida o‘qishga qabul qilishning ham  shartlari bor. Ariza topshirishni xohlagan abituriyent grant yoki shartnoma asosida o‘qishdan birini tanlaydi. Bir yilda ulardan faqat bittasiga topshirish mumkin.  

Xalqaro umumta’lim kursiga cheklangan miqdorda grant mavjud. Grant asosida o‘qish uchun abituriyent IELTS sertifikatini o‘quv bo‘limiga topshiradi va taxminan iyul oylarining boshida matematika va mantiq sinovi o‘tkaziladi. Bu sinov Londondagi Westminister universitetida tasdiqlanadi. Abituriyent balining 60 % ini IELTS sinovidan, 40 % ini esa matematika va mantiq sinovidan to‘playdi. 

Test sinovining aniq sanasi TXVU rasmiy sayti (wiut.uz)da e’lon qilinadi. IELTS sinovi sanalari va boshqa ma’lumotlarni esa Britaniya kengashi saytidan (tel: 140-0660) bilib olishingiz mumkin.

Grant asosida tahsil oluvchi talabalarga stipendiya berilmaydi va o‘quv jarayonidagi barcha xarajatlar talaba tomonidan qoplanadi. 

Grant asosida ta’lim oladigan yigit-qizlarga o‘qishni tugatgandan keyin besh yil davomida davlat korxonalarida ishlash majburiyati yuklanadi.  

Toshkent xalqaro Vestminister universitetining  barcha o‘qish dasturlari Toshkent shahrida olib boriladi. Agar talaba Buyuk Britaniyada o‘qishni xohlasa o‘qish, yashash va boshqa xarajatlarni to‘liq o‘z zimmasiga oladi.

Lobar BOLTAYEVA

0 ta izoh

There are no comments